Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Jarimalar mamlakati

Jarimalar mamlakati

Foto: «Xabar.uz»

Avtomobilni xalq orasida hazil tariqasida «ikkinchi xotin» ham deyishadi. Oilasini moddiy ta’minlash er kishining burchi. Qo‘shimchasiga mashina olsa, uning gardanidagi «olaxo‘rjin» karrasiga og‘irlashadi. Ayniqsa, bizning sharoitda.

Birinchidan, mashina olishning o‘zi bo‘lmaydi. Xorijliklar yoki uzoqqa bormaylik, yon qo‘shnilarimiz 2-3 ming «ko‘ki»ga yaxshigina holatdagi «inomarka» minsa, biz bu pulga, o‘zimizning eski GMlargaku yo‘l bo‘lsin, 80-yillarning «Jiguli»sini zo‘rg‘a olamiz. O‘sha «Jiguli»niyam bir necha yil ro‘zg‘ordan orttirib yiqqan yoki bir mavsum Rossiyada ishlab, tishni kavagida saqlab to‘plagan pulga chirt ko‘zni yumib, ichda bir etni uzib, oladiganlar qancha.

Uyog‘iga har yili qimmatlab boradigan yoqilg‘i xarajatlari, butlovchi qismlar, eski matohning har oylik usta ko‘rigi va... yangidan-yangi joriy qilinayotgan, «otning kallasiday» jarimalar kutib turibdi.


Mavzuga oid: Kunduzi faramni yoqib yurganim uchun...

Bir oycha oldin «Maksim Gorkiy»dan kelaverishda bitta GAI to‘xtatdi.

Ha, kamandir, nima ayb qildim, desam, YHX qoidasining palon bandini bo‘zib, kunduzi harakatlanayotgan paytda old farangizni yoqib olibsiz, dedi.

Ha endi, tunnelga kirganimda o‘chirish esdan chiqibdida. Bo‘ldi, mana o‘chirib qo‘ydim, bilmabman kechirasiz, dedim.

Bilmasligingiz sizni javobgarlikdan ozod etmaydi deb... baribir jarima yozdi.

Bugun ham GAI to‘xtatib, hurmatli haydovchi YHX qoidasining palon bandini buzib, kunduzi oldi faralaringizni yoqmabsiz dedi.

Ha, endi kamandir, qoida yangi bo‘lsa, esdan chiqibdi, o‘rganib olgunimizgacha kechirib turinglar desam, hammani kechiraversak, davlat budjetini kim o‘ylaydi aka, xafa bo‘lmang, yozmasam bo‘lmaydi, dedi va savolga tutdi:

– Oxirgi marta qachon yozdirgansiz?

– Bir oy oldin.

– Qaysi qoidabuzarligingiz uchun?

– Kunduzi faramni yoqib yurganim uchun...

GAI akamiz kulvordida, hujjatimni qaytarib berib, ketavering dedi, baraka topgur.

(c) Facebookdan olindi


Kunduzi chirog‘ini yoqib yurishga GMning yaqin va hozirgi avlod mashinalari moslashmagan bo‘lsa, 80-yillarning «Jiguli»siyu, «Moskvich»i dosh berarmidi?! Har bir yangi qoida, jarima turi paydo bo‘lishi – xalqning sho‘riga sho‘rva to‘kilishi degani. Qadimda turli o‘lponu soliq turlari o‘ylab topilib, ommaning bor-budi shilingan bo‘lsa, hozir bu «zamonaviy» talqinda – jarimalar shaklida bo‘y ko‘rsatyapti. Hali aytishlaricha, piyodalar uchun ham alohida jarimalar «ishlab chiqilmoqda». Ana keyin yig‘imning zo‘rini ko‘ring. Buyoqda yillab tajribaga ega haydovchilarning to‘lov evaziga nomiga majburiy malaka oshirishiyu, turli «avtotestlar»dan o‘tishi...

Mutasaddilarning iddaosi bitta – shu orqali yo‘llarimizdagi qurbonlar sonini kamaytiramiz! Koshki edi, bu statistika keskin kamayayotgan bo‘lsa. Bitta paradoksni hisobga olish kerak – mantiqsiz cheklovlar va jarimalar qoidabuzarliklarni kamaytirishga xizmat qilmaydi. Aksincha, haydovchilarni bezdiradi, bezbetlashtiradi. Manzil bo‘ylab xavfsizlik kamarisiz kelgan haydovchi «post»dan o‘tishda uni taqib oladiyu, besh soniya o‘tib, yana yechib ketaveradi. Mana sizga – aks ta’sir yoki «qars»ning ikkinchi tomoni. Chunki bizda bu qoidalar boshdanoq faqat xavfsizlikni o‘ylab emas, ko‘proq qandaydir manfaatlar va jarima yig‘imi uchungina qilinadi. O‘zimizni aldamaylik, barchamiz bilamizku buni.

Yaqinda mashina oynalarini beruxsat «tonirovka» qilish yoki orqa yon oynalarga parda o‘rnatish uchun jarima miqdori birdaniga 25 baravarga oshirildi! Bunga hech qanday izoh ham berilmadi, hech qanday muhokamaga ham qo‘yilmadi. 200 ming so‘mlik jarima shartta 5 million so‘mga ko‘tarildi. Nega?!

Yon oynalarga parda ilishning oqibati shunchalik og‘irmi? Yoz kunlarida, quyosh tig‘ida avtomobilda shaharlararo yo‘l yurib ko‘rganlar biladi orqa yon pardalarga ehtiyoj qanchalik yuqoriligini. Ayniqsa, orqa o‘rindiqda bolalar o‘tirgan bo‘lsa, ularni quyosh urishidan asrash uchun parda tortishga majbur bo‘lasiz. Kuniga uzoq yo‘l qatnaydigan o‘n, yuz minglab kishilarda shunday qilishdan boshqa chora yo‘q. Chunki avtomobillarimizning hammasiyam konditsionerli emas. Bunday mashinalarga qurbi yetmaydiganlar qancha. Qiziqda, orqa yon oynalarga parda ilib yurish shunchalik jiddiy yo‘l-transport hodisalariga olib keladimi? Buni mutaxassislar qanday izohlaydi bilmadimu, fikri ojizimcha, jarimaning bu qadar «shishirilishi»ga qonuniy «tonirovka» qiladiganlar soni kamaygani, buning ortidan «jamg‘arma»larga tushayotgan pul oqimi pasaygani bo‘lsa kerak.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: bir yil avvalgi petitsiyadan unumli foydalanishib, maxsus ruxsatnoma asosida orqa va orqa yon tomon oynalarini qoraytirish uchun jismoniy shaxslar EKIH 90 barobari (18,2 mln so‘m), yuridik shaxslar uchun 120 barobar (24,3 mln so‘m) to‘lashi kerakligini belgilab qo‘yishdi. Aslida u petitsiyada «tonirovka» pullik bo‘lsin, deyilmagandi. Mayli, pullik qilinganidayam boshqa davlatlardagi kabi hamyonbobroq qilinsa bo‘lardiku. Axir, hammada ham 1 yil uchun 18 million to‘lash imkoni yo‘q.

Shu orqali (taqiq sabab) qoidabuzarlik holati istab yoki istamay ko‘paytirildi. Maxsus ruxsatnomali «tonirovka» yoki parda qo‘yib yiliga mashinaning salkam yarmi pulini to‘lashni istamaganlar buni yashirincha qilishga o‘tishdi. «Jinoyatchilarni ko‘paytir va o‘zingni adolat posboni qilib ko‘rsat»mi buyog‘i?

Endi haydovchilarda uchta yo‘l bor: birinchisi – katta pulga maxsus ruxsat orqali oynani qoraytirish, ikkinchisi – tavakkal qilib, yashirincha parda ilib yurish va qo‘lga tushib qolsa, katta jarimani to‘lash, uchinchisi – yozning issig‘ida, quyoshning tig‘ida yo‘lovchilarini jizg‘anak qilib yuraverish.

Har uchalasida ham haydovchi hech narsa yutmaydi. Qoida va jarimani yaratganlarga esa har qanaqasigayam foyda.

...Yo‘lsozlar ko‘rgazma uchun bir yo‘lakli asfalt yotqizadi, tekis yo‘l talashib bir izga chiqqan mashinalar «lobma-lob» uriladi, odamlar qurbon bo‘ladi, bunga hech kim javob bermaydi. Magistrallarda yon polosadan yursangiz «garmojka»dan mashinangiz sakrab xunob qiladi, yo yo‘ldan chiqib xavfida qolasiz yoki tekis yo‘l talashib bexosdan YTH sodir etasiz, yana hech kim javob bermaydi. Yillab yamalmaydigan «yama»larga tushasiz, eng omadingiz chopganda shinalaringizdan ajralasiz, diskalarni qiyshaytirasiz va yana o‘zingiz aybdor bo‘lasiz. Lekin «qurbonlar sonini kamaytirish» uchun, mashinangiz yonib ketish xavfida bo‘lsa ham, charag‘on kunlarda fara yoqib yurishga majbursiz, chunki ma’nan eski avtomobil minish – qurbingiz yetgani emas, aybingiz. Bolalaringizni quyosh issig‘idan himoyalash uchun orqa oynalarga parda torta olmaysiz, chunki yiliga 18 millionni to‘lab qo‘ymagansiz... Xullas, hammasiga o‘zingiz aybdorsiz. Sabr, sizlarga!

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети