«Zamonaviy Don Kixot»: Tramp shamol parraklariga qarshi
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp ikkinchi muddati davomida shamol stansiyalari qurilishiga qarshi qattiq kurashmoqchi, deb xabar berdi Energy Connects portali.
U Oq uyga kirgan ilk kuniyoq shamol parraklari qurilishiga qarshi farmonni imzolamoqchi. Shamol energetikasiga milliardlab dollar sarmoya tikilgan loyihalar taqdiri savol ostida qoladi.
«Biz shunday siyosat yuritamizki, unda bittayam shamol zavodi (stansiyasi) qurilishiga ruxsat berilmaydi», — dedi Tramp Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Trampning fikricha, shamol elektr stansiyalari o‘ta qimmat va atrof-muhitga serziyon energiya manbaidir. Siyosatchi so‘ziga isbot qilib Nyu-Jersi sohillaridagi 200 ta shamol turbinasini keltirdi: «Ular mamlakatimizni ifloslantirmoqda. Ularga hech kimga kerak emas va ular juda qimmat».
Donald Tramp shamol parraklarini azaldan yoqtirmaydi. Masalan, u Shotlandiyadagi o‘ziga qarashli golf maydoniga ko‘rinib turadigan joyda shamol stansiyasi qurilishiga qarshi kurashganida shamol parraklari «saraton xastaligini keltirib chiqaradi», degandi.
«Tramp mamlakatimizning elektrga ehtiyoji nechog‘liq darajadaligini tushunmaydi, o‘ziga tegishli yerlarda shamol parraklarining ko‘rinib turishini yoqtirmaydi, shuning uchun ham shamol enegetikasiga qarshi», — dedi Oregon shtatilik demokrat-senator Ron Uayden.
Eslatib o‘tamiz, Gavayi shtatida yangi qurilish qoidalari joriy etilganidan so‘ng ayrim shamol parraklari faoliyatini to‘xtatish rejalashtirilgan. Mahalliy aholi bosh og‘rig‘i, uyqusizlik va yurak xuruji kabi kasalliklar ko‘payib ketganidan shikoyat qila boshlagach yangi qoidalar qabul qilingan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter