Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tailanddagi «g‘alati saylovlar»: bir oilaning uchinchi a’zosi bosh vazir bo‘lmoqda

Tailanddagi «g‘alati saylovlar»: bir oilaning uchinchi a’zosi bosh vazir bo‘lmoqda

Petongtarn Chinavat.

Foto: AP/TASS

Tailand sobiq bosh vazirining qizi, Pheu Thai partiyasining yetakchisi Petongtarn Chinavat parlament tomonidan bosh vazirlikka saylandi. Bu haqda Bangkok Post xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, bungacha Tailand konstitutsion sudi «korrupsion tarix»ga ega odamni vazirlikka tayinlagani uchun bosh vazir Settha Txavisinni iste’foga chiqargandi.

37 yoshli Petongtarn Chinavat — Tailand tarixidagi eng yosh bosh vazir hamda ushbu lavozimga saylangan ikkinchi ayol kishi.

Parlament deputatlaridan 319 nafari uni yoqlab ovoz berishdi, qarshilar — 145, betaraflar — 27 nafar.

Qizig‘i, Petongtarn Chinavat bosh vazirlik uchun ko‘rsatilgan yagona nomzod edi.

Petongtarn — «bosh vazirlar sulolasi»dan. Otasi Taksin Chinavat 2001–2006-yillarda, ammasi Yinglak Chinavat 2011–2014-yillarda Tailand bosh vaziri bo‘lgan.

Taksin Chinavat

Otasi Taksin Chinavat kelib chiqishi xitoyliklardan, yaxshi tadbirkor, milliarder bo‘lgan. Ammo siyosatda «tadbirkorligi» o‘tmagan, bosh vazirlik davrida korrupsiyaga aloqador ishlari fosh bo‘lib, mamlakatda isyon qo‘zg‘alib, davlat to‘ntarish yuz bergan va hukumat harbiylar qo‘liga o‘tgan. Uzoq yillar chet ellarda qochib yurgan Taksin Chinavat Tailandga qaytganidan so‘ng bir muddat qamalgan, Tailand qiroli afv etishi sababli ozodlikka chiqqan.

Yinglak Chinavat

Ammasi Yinglak Chinavat — Tailand tarixiga eng yosh (jiyanigacha) bosh vazir hamda ushbu lavozimga saylangan birinchi ayol kishi sifatida kirdi. Ammo uning ham tarixi akasiniki kabi yozildi va bunga akasi sababchi. Muxolifat partiya bosh ko‘tarib, Tailandni Yinglak emas, aslida Taksin boshqarayotganini da’vo qilgach, ish Konstitutsion sudgacha borib yetdi. Sud Yinglak va 9 vazirni iste’foga chiqarib yubordi.

Yangi bosh vazir Petongtarn Chinavat 1986-yil 21-avgustida tug‘ilgan. Siyosatshunoslik, sotsiologiya va antropologiyani vatanida — Chulalongkorn universitetida o‘rgangan, Angliyadagi Surrey universitetida esa xalqaro mehmonxona menejmenti bo‘yicha saboq olgan. Tailandning SC Asset Corporation kompaniyasining eng yirik aksiyadori hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring