Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Suriyada urush tugadi... (birinchi maqola)

Suriyada urush tugadi... (birinchi maqola)

Foto: «naspravdi.info»

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov yaqinda «Trud» gazetasiga bergan intervyusida Suriya tinch hayot tarziga qaytgani, faqat hukumat nazoratiga o‘tmagan ayrim hududlarda alohida notinchlik o‘choqlari saqlanib qolayotgani, Amerika bu mamlakatda ko‘zlagan o‘z maqsadiga erisha olmagani haqida bayonot berdi. U bosqinchi davlatlarni Suriyaga hujum qilishni to‘xtatishga, aksincha qochoqlarni o‘z vataniga qaytarishga yordam ko‘rsatishga chaqirdi.

Agar haqiqatdan osoyishtalik qaror topgan bo‘lsa, buni faqat olqishlash kerak. Ammo dunyoni 8 yil tahlikada ushlab turgan Suriyadagi urush juda qimmatga tushdi. Olti ming yillik tarixiga bu ko‘hna zamin mislsiz fojiaga duchor bo‘ldi.

U boshlangan 2011-yildan buyon 470 ming odam qurbon bo‘ldi, 117 ming kishi bedarak yo‘qoldi. Talafotlar umumiy miqdori 143 milliard dollarga teng. 27438 bino vayron qilindi. Eng yomoni, 5 ming maktab buzildi. 6,2 million kishi chet ellarga chiqib ketdi, 7,6 millionlik ichki qochoqlar oqimi paydo bo‘ldi. Ishsizlik 50 foizga yetdi. Aholining 82,5 foizi qashshoqlik chegarasidan ham past darajada turmush kechirmoqda.

Foto: «w-n.com.ua»

Agar 2010-yilda Suriya aholisi soni 21 million kishi bo‘lgan bo‘lsa, oradan salkam o‘n yil o‘tib, bu raqam 18 million nafarga tushib qoldi. Iqtisodiyot butunlay xarob bo‘ldi. Agar urush boshlanishidan avval Suriya yalpi ichki mahsuloti 60,2 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu miqdor 20 milliardga ham yetmadi. Eksport miqdori esa 2010-yildagi 11,4 milliarddan o‘n barobarga qisqarib, 1,2 milliard dollarga tushib qoldi.

Hozir qo‘shni Turkiyada 3,6 million, Livanda 2 million, Iordaniyada 655 ming nafar qochoqlar yashamoqda.

Turkiya qo‘rqadimi?

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an urush yillarida turk diyoridan qo‘nim topgan suriyalik qochoqlar uchun 40 milliard dollar sarflaganini iddao qilmoqda. Hozir Turkiya fojiadan aziyat chekkan bu qochoqlarni Yevropaga o‘tib ketmasligi uchun o‘ziga xos himoya qo‘rg‘oni vazifasini o‘tayapti. Buning uchun rasmiy Anqara YeIdan xarajatlarni qoplab qo‘yishini talab qilmoqda. U «Ko‘hna qit’a»dagi ittifoqchilaridan shu vaqtga qadar olgan 5,6 milliard yevro juda kam, deb hisoblaydi.

Turkiyaning Suriyada o‘z manfaatlari bor. U amalda mustaqil bo‘lib olgan Suriya kurdlarini o‘zi uchun haqiqiy dushman, deb biladi va chegarasidan ancha uzoqroqda tutib turishni afzal bilmoqda. Xavfsizlik uchun «eng yaxshi himoya – hujum, deyishmoqda turk harbiylari.

Foto: «express.co.uk»

Shu sababli Suriyaning Yevfrat daryosidan sharqidagi hududlarda Turkiya o‘zi uchun xavfsizlik kamarini yaratishni ko‘zlamoqda. Buning uchun shu vaqtga qadar qo‘shnisi hududiga qo‘pol ravishda bostirib kirib, ikki marotada yirik harbiy operatsiyalarni o‘tkazdi. Ayni paytda ham turklar o‘z harbiylarini chegarada jangavor tarzda jamlagan holda hujum uyushtirishga tayyor turibdi.

G‘arbda «Demokratik ittifoq» va «Suriyadagi kurd xalqining o‘zini o‘zi mudofaa otryadlari» deb ataluvchi va qo‘llab-quvvatlanuvchi harbiy kuchlarni Turkiyada Kurdiston ishchilar partiyasi terrorchi guruhlari, deb hisoblashadi. AQSh ularni Suriya kelajagi bo‘yicha o‘tajak muzokaralar jarayoniga faol jalb etishga urinmoqda.

AQSh hech bir mubolag‘asiz kurdlar tarafini oladi va ular istiqomat qilayotgan hududda o‘z bazalariga ega. Tramp ma’muriyati Erdog‘anning tajovuzkor shashtidan cho‘chib, unga chegara bo‘ylab 5 kilometrlik «A» zonasini tashkil etish taklifini bildirdi.

Bu zona kurd askarlaridan butunlay holi bo‘ladi. Bundan tashqari, AQSh va uning ittifoqchilari nazorati ostidagi «B» zonasi ham tuziladi.

Rasmiy Anqara bundan mujmal taklifga rozi bo‘lmayapti va tashabbusni berib qo‘yish niyati yo‘q. U Suriya bilan chegarasidan 32 kilometr uzoqlikda kurdlarning mudofaa inshoatlarisiz «bufer zona»ni tuzish kerak, deb hisoblamoqda. Va Suriya-Turkiya-Iroq chegarasiga qadar cho‘zilgan strategik muhim hududni o‘zi mustaqil nazorat qilishni istamoqda.

Qolaversa, u o‘z ixtiyoridagi mazkur yerlarga Turkiyadagi 3,6 million suriyalik qochoqlarni ko‘chirib o‘tkazishni va bu mintaqaning etnik tarkibini o‘zgartirib yuborishni istaydi.

Hozirda Turkiya muzofotlarida qochoqlar uchun 20 ta chodir lagerlari va konteyner shaharchalari qurilgan. Oxirgi oylarda Istanbul shahridagi reydlar chog‘ida 40 ming suriyalik qochoq boshqa muzofotlarga chiqarib yuborildi. Shu tariqa qochoqlar – turk tashqi siyosatida muhim dastak vazifasini bajarishi mumkin.

Ayrim ekspertlar esa Turkiyaning asosiy maqsadi xavfsizlik emas, balki Suriyaning neft, gaz, suv va qishloq xo‘jaligiga boy shimoliy hududini o‘ziga qo‘shib olish deb baholashmoqda.

Suriyalik kurdlar esa bu rejaga qarshi. Ular chegara bo‘ylab 5 kilometrlik demilitarizatsiya xonasini yaratib, bu neytral hududni turk harbiylari nazoratiga berishni taklif qilmoqda. Anqara bunga unamasa katta ko‘cha deyishmoqda.

Suriya hukumati esa Turkiyaning o‘z hududiga kirishi davlat chegaralarini buzish va suverenitetiga tahdid deb qaramoqda va qurolli qarshilik ko‘rsatishga tayyor turibdi. Hozir Rossiya Damashq va Anqara o‘rtasida bosh vositachi, tinchlikning asosiy kafolatlovchisi bo‘lib turibdi.

Aslida 1998 yildagi Adan kelishuviga ko‘ra, Suriya ham Kurdiston ishchilar partiyasini qo‘llab-quvvatlashdan voz kechgan edi. Chunki kurdlar Markaziy hukumatga separatizm bilan xavf tug‘dirar edi.

Ammo «IShID»ga qarshi urushda kurdlar ham jiddiy talofat ko‘rdi, oldingi saflarda jangarilarga qizg‘in qarshilik ko‘rsatdi, amalda davlat ichida mustaqil avtonomiyaga ega bo‘lib olishdi. Insof bilan aytganda, hozir Bashar Asad ularni xushlamasa-da, dushman sifatida qurol ko‘tarib bostirib kira olmaydi.

O‘z navbatida Turkiya ham Suriyada uzoq muddatli harbiy amaliyotlar olib borishga qodir emas. Turkiya sobiq generali Xoldun Solmazturkning aytishicha, Turkiya Suriyadagi vaziyat ustidan nazoratni allaqachon yo‘qotgan: «Rasmiy Anqara rus-amerika konsensusi qanday harakat qilishini kuzatishdan boshqa nimadir qilishga qodir emas».

Erdog‘an o‘z aytgani bo‘lmasligiga ko‘zi yetgach, Suriya hududida AQSh va Rossiya bilan hamkorlikni kuchaytirishga intilmoqda. Ammo shu kunlarda Anqara va Vashington Suriya shimoli xavfsizlik zonasida operatsiyalarni birgalikda o‘tkazishni muvofiqlashtirish bo‘yicha markaz tuzishga kelishib oldi.

Foto: «anna-news.info»

Sanksiyalar bekor qilinsin...

AQSh Suriyada normal hayot tiklanishini ko‘pam istamaydigan ko‘rinadi. U Iroqqa hujum qilgan yillari Bashar Asad Vashingtonni keskin tanqid qilib chiqqan edi. Bu esa Oq uyga yoqmagan Suriya yetakchisini xalqaro terrorchilikni qo‘llab-quvvatlashda ayblab chiqqan edi. Keyinroq esa undan hokimiyatdan voz kechishni talab qildi.

Namoyishlar boshlangan ilk kunlardanoq hukumatga muxolifat kuchlarini qurol-aslaha bilan ta’minlagan ham, xorijdagi jangarilarni bu yerga o‘tkazishni tashkil qilgan ham aynan G‘arb davlatlari ekanligini bugun ular tan olmasa ham barcha ekspertlar yakdil holda e’tirof etmoqda.

AQSh uchun hozir Suriyadagi urushning ko‘proq cho‘zilishi, Suriyani etnik va diniy tamoyilga ko‘ra bo‘linib ketishi, Rossiyaning bu nizoga ko‘proq tortilishi va qurbonlari soni ortishi muhim. Keyinroq Eronga qarshi harakat boshlash uchun ham yaxshi platsdarm vazifasini o‘taydi. Shu bois Asadga qarshi kuchlarni AQSh hozir ham faol rag‘batlantirib kelmoqda.

Asad tuzumiga qarshi qo‘llanilayotgan xalqaro sanksiyalarning olib tashlanmagani esa Suriyani iqtisodiy tiklashga yo‘l bermaydi.

AQSh Iroq va Suriyadagi kurdlarni yagona davlatga birlashtirish orqali o‘ziga yaqin ittifoqchi mamlakatni yaratadi va Yangi Yaqin Sharq strategik loyihasini amalga oshiradi. Shu sababli kurdlarni qurol-yaroq va moddiy mablag‘ bilan ta’minlab kelmoqda.

AQSh o‘zining Suriyadagi qurolli kuchlari ishtirokini qo‘llab-quvvatlovchi mahalliy xayrixoh kuchlar tizimini yaratishni istaydi. U Iroq, Afg‘oniston, Yaponiya, Germaniya hududida o‘z askarlarini hukumat roziligi bilan saqlab qolayotgan bo‘lsa, Suriyada Asad hokimiyati bunga qarshi. Shu sababli armiyani ushlab turish uchun yagona umid kurdlardandir.

Oq uy hozir ruslarning qat’iy harakatlaridan keyin Suriyani yo‘qotganini, bu yerda mag‘lubiyatga uchraganini yaxshi biladi. Ammo vaqtdan yutishga harakat qilmoqda.

Hozir bu yerdagi jangarilarning qolgan-qutganiga qarshi asosan Suriya qurolli kuchlari, zaruriyatga qarab Rossiya harbiy havo kuchlari ko‘magida kurashmoqda. Bashar Asad armiyasi o‘tgan davrda katta harbiy tajribaga ega bo‘ldi, toblandi. Endi uni yengish mumkin emasligi ham oydinlashdi. Shu sababli Vashington uchun eng to‘g‘ri yo‘l – beqaror vaziyatni ko‘proq cho‘zish, muxolifatga ko‘mak berib turishdir.

Isroil Eronga qarshi

Suriyaga ta’sir ko‘rsatayotgan tashqi kuchlardan yana biri – bu Eron va Isroildir. Isroil vaqti-vaqti bilan Suriyadagi ob’yektlariga qarshi raketa va qiruvchilardan hujum qilib turibdi. Eron esa Bashar Asadni qo‘llash maqsadida bu yerda o‘zining Islom inqilobiy kuchlaridan iborat bo‘linmalarni tashlagan.

«Fox News» telekanali Suriya hududida Eron harbiy bazalarida mingdan ortiq elita askarlari borligi haqida ma’lumot tarqatgan. Lekin Tehron buni ochiq tan olgan emas yoki inkor qilgani ham yo‘q.

Isroil ellik yil muqaddam Suriyaga qarashli o‘zi egallab olgan Jo‘lon tepaliklarining taqdiri uchun kurashmoqda. Suriyadagi taloto‘plardan foydalanib, uni uzil-kesil o‘ziga anneksiyasini mustahkamlamoqchi.

Eron esa bunga mutlaqo qarshi va Suriya ichiga yahudiylarning suqulib kirishini istamaydi. O‘z navbatida, Rossiya ham bu ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatlar qarshisida kimnidir tanlashiga to‘g‘ri kelib qolmoqda. Bu yerdagi rus harbiy havo kuchlariga qarshi kurash vositalari bir necha bor Isroil raketalarini urib tushirgan edi. Moskva Isroilni uning ruxsatisiz Suriya havo kengliklarini buzib o‘tmaslikka chaqirmoqda.

Biroq yahudiylarning texnologik va harbiy taraqqiyoti, xalqaro lobbisi oldida ba’zan Putin ham yon berishiga to‘g‘ri kelmoqda. Isroil bilan Rossiyaning Suriya masalasida oxirgi paytda haddan ziyod yaqinlashib borayotgani uning an’anaviy ittifoqichi bo‘lgan Eronda norozilik uyg‘otmoqda. Eronning pozitsiyasiga yahudiylar bilan anchadan buyon chiqisha olmayotgan Turkiya ham qo‘shilmoqda.

(davomi bor)

A.Hasan o‘g‘li, xalqaro sharhlovchi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring