Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qorabog‘ darvozasi». Muhim xalqaro inshoot Ozarboyjon va Turkiya prezidentlari tomonidan ochib berildi

«Qorabog‘ darvozasi». Muhim xalqaro inshoot Ozarboyjon va Turkiya prezidentlari tomonidan ochib berildi

Foto: Ozarboyjon davlat axborot agentligi

Bugun, 26 oktyabr kuni Ozarboyjonda muhim ob’yekt – Fuzuliy xalqaro aeroportining ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Bir necha yil avval ham okkupatsiya ostida bo‘lgan shaharda qisqa muddatda yangi havo bandargohining qurib bitkazilishi tarixiy hodisa o‘laroq baholanmoqda.

Xalqaro aeroport Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan ochib berildi. Ikki davlat rahbariga aeroportning ramziy kalitlari topshirildi. E’tiborga molik jihati, Turkiya rahbarining samolyotida to‘g‘ri mazkur aeroportga qo‘ndi. Shu tariqa R.T.Erdo‘g‘on Fuzuliy xalqaro aeroportiga tashrif buyurgan ilk xorijiy rahbarga aylandi.

Turkiya yetakchisi joriy yil iyun oyida Qorabog‘ning madaniy poytaxti Shusha shahriga tashrif buyurgan edi.

Turkiya rahbarining Ozarboyjonga galdagi safari davomida okkupatsiyadan ozod qilingan Qorabog‘ hududida infrastruktura ob’yektlarini qurish bo‘yicha yana bir qator yangi loyihalarga start berilishi kutilmoqda.

2021 yil 14 yanvar kuni Fuzuliy xalqaro aeroporti poydevori qo‘yilgan edi. Yirik inshoot 8 oy ichida qurib bitkazildi. 22 avgust kuni dastlabki sinov parvozlari amalga oshirildi.

Fuzuliy xalqaro aeroporti nisbatan qisqa muddat – 8 oyda qurib bitkazildi. Foto: AA

Fuzuliy shahri 1993 yilning oktyabr oyida Qorabog‘ urushi davrida Armaniston Qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan va 27 yil davomida tan olinmagan “Tog‘li Qorabog‘ respublikasi” nazoratida bo‘lgan. 2020 yil 27 sentyabr kuni Ozarboyjon armiyasi okkupatsiya ostidagi shaharlarni ozod qilish bo‘yicha operatsiya boshladi. 44 kunlik urush yakunida Ozarboyjon o‘ziga tegishli bo‘lgan va chorak asr davomida ishg‘ol ostida bo‘lgan tarixiy hududlar, jumladan, Fuzuliy shahrini qaytarib oldi.

Fuzuliy xalqaro aeroporti qayta jonlanayotgan Qorabog‘ hududining havo darvozasi sifatida turizm va savdo-sotiq rivojiga xizmat qilishi kutilmoqda. Qorabog‘ning bosh kenti Shusha shahriga boruvchilar ham mazkur aeroport orqali safar qilishi mumkin. Yangi havo bandargohi Shusha shahridan 100, poytaxt Bokudan esa 300 km masofada joylashgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring