Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qo‘g‘irchoqlar qishlog‘iga aylangan qayg‘uli Nagoro

Qo‘g‘irchoqlar qishlog‘iga aylangan qayg‘uli Nagoro

Dunyoda ajoyib joylar bor, qiziqarli va g‘alatiligi bilan ajralib turadigan maskanlar bor. Yaponiyaning Nagoro qishlog‘i Meksikadagi qo‘g‘irchoqlar orolidek dahshatli emas, ammo qayg‘uli. Nagoro qishlog‘i Sikoku orolida joylashgan.

Ilgari bu yer o‘zining do‘konlari, maktabi, bolalar bog‘chasi va kasalxonasiga ega bo‘lgan eng oddiy yapon qishloqlaridan biri edi. O‘sha paytda qishloqda 400 ga yaqin aholi istiqomat qilgan. Ammo asta-sekin mahalliy aholi, ayniqsa yoshlar yaxshi yashash sharoitlarini izlab qishloqni tark eta boshladilar va keksalar safi borgan sari siyraklasha boshladi. Ya’ni aholining ish izlab ommaviy chiqib ketishi va tabiiy o‘lim tufayli aholi soni kamaydi. 2015-yil yanvar oyida qishloqda atigi 35 kishi yashagan, bu kamayish yildan yilga davom etmoqda.

65 yoshli Ayano Sukimi 2000-yillarning boshida o‘z qishlog‘iga qaytib kelgan va aholi soni sezilarli darajada kamayganini ko‘rgan.  Va u qishloqdagi eng yosh ayollardan biri bo‘lib qoldi. Afsuski huvillagan qishloqda sanoqli odamlarni ko‘rdi.  

Ayano ekkan ekinlarni qushlar barakasini uchira boshlagach u qo‘g‘irchoq – dala qo‘riqchisini yasadi. Odam o‘lchamidagi qo‘g‘irchoqni yasagach, u otasiga juda o‘xshashligini payqab qoldi.  

Ayano o‘sha kundan ko‘proq qo‘g‘irchoqlar tikishni boshladi va ularni bir vaqtlar qishloqda yashagan qishloq odamlariga o‘xshatib yasadi.

Ya’ni endilikda u vafot etgan biror odamning o‘rni bo‘sh qolmasligi uchun unga o‘xshatib qo‘g‘irchoq yasaydi. Ayano qishloqda bolalarni ko‘rgisi kelgani uchun juda ko‘plab kichkintoylarni yaratdi. Axir bu yerda 20 yildan oshdiki chaqaloq tug‘ilgani yo‘q. Bunday yumush unga yolg‘izlik bilan kurashishga yordam berdi. Hozir qishloqda Ayanoning 400 dan ziyod sirli qo‘shnilari bor.

Qo‘shnilarining ayrimlari avtobus bekatida o‘tirishibdi, o‘quvchilar darsda, bolalar bog‘chasida, ana skameykada ayollar gaplashishmoqda, hattoki odamlar dalada mehnat qilmoqda.

Qo‘g‘irchoqlar hatto qishloqqa kiraverishda mehmonlarni kutib olishadi.  Yana 2012-yilda oxirgi ikki o‘quvchi oltinchi sinfni tugatgandan so‘ng yopilgan maktabda siz ko‘plab qo‘g‘irchoqlarni topishingiz mumkin – o‘quvchilar, o‘qituvchilar va boshqa qahramonlar.

Shuningdek, Nagoroda telefon budkasi yonida o‘tirgan odamlarni, daryoda baliq tutayotgan erkakni, avtobus bekatida avtobus kutayotgan bir guruh yo‘lovchilarni, kommunal xizmatchilarni uchratishingiz mumkin.

Ana yo‘l chetida bir ayol nogironlar aravachasida dam oladi. Quruvchilar tanaffus vaqtida sigaret chekishmoqda. Yo‘lsozlar yo‘lni ta’mirlamoqda.  

Ayano Sukimi qo‘shnilarini diqqat bilan kuzatib boradi. Har kuni ularning safi kamaymaganiga e’tibor qaratadi. Har uch yilda bir marta qo‘g‘irchoqlarning to‘zg‘igan kiyimlari o‘rniga yangilarini tikadi, singan, chiqqan, buzilgan «tana» a’zolarini «davolaydi».  

Shubhasiz, yangi qishloq aholisi Nagoroga sayyohlarni jalb qila boshladi. Bu qishloqqa tashrif buyurgan ko‘pchilik qo‘g‘irchoqlar odamlarga juda o‘xshashligini aytishadi. Bu g‘ayrioddiy va juda qo‘rqinchli, deyishadi.  Qorong‘i tushgandan keyin qishloqda ayniqsa qo‘rqinchli bo‘ladi. Tik turgan qo‘g‘irchoqlar qishloq mehmonlarini qo‘rquvga soladi. Ayanoning aytishicha esa, turli manzaralar bir vaqtlar qishloqda yashagan odamlarning xotiralarini uyg‘otadi.

Bugungi kunda Nagoroda yigirmaga yaqin kattalar qolgan.

Ayanoning so‘zlariga ko‘ra, hozir qo‘g‘irchoqlar soni ko‘payganidan so‘ng ularni ko‘rish uchun mamlakatning turli burchaklaridan va hatto xorijdan ham odamlar kela boshlagan. Bu esa qishloqqa fayz kiritib jonlantirgan. Ajabmas turistlar tufayli odamlar tirikchilikni davom ettirish uchun yana qishlog‘iga qaytsa...

                                                                         Internet materiallari asosida tayyorlandi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring