Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oradan 30 yil va 50 yil o‘tib kutubxonaga qaytarilgan kitoblar yoxud omonatga xiyonat qilmagan kitobxonlar...

Oradan 30 yil va 50 yil o‘tib kutubxonaga qaytarilgan kitoblar yoxud omonatga xiyonat qilmagan kitobxonlar...

foto: https://www.aol.com

«Omonatga xiyonat qilmaslik» degan iboraning xorijda qanday tarjima qilinishiga qiziqib ko‘rdim. Ammo uning aniq qanday atalishiga tayinli javob topa olmadim. Keyin esa «halollik» iborasi ingliz tilida qanday atalishiga qiziqdim. Bir nechta javoblar chiqdi – rostgo‘ylik, vijdonlilik, to‘g‘rilik...

Bizda oddiygina ataladigan omonatga xiyonat qilmaslik yoki halollik tushunchalarimiz xorijda bir emas bir nechta mazmunni o‘z ichiga olarkan. Shu kunlarda xorijda kitoblar bilan bo‘lgan voqealar aynan shu fazilatlarimiz haqida...

Angliyadagi Krediton kutubxonasi xodimlari yangi yil arafasida eski kitob solingan konvertni olishganida juda hayajonlanishdi. Konvertda hech qanday manzil yozilmagan edi.

Uilber Odri va Toni Uells tomonidan yozilgan «Thomas’s ABC» bolalar kitobi bundan naq 31 yilu 5 oy oldin o‘qishga olib ketilgani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni kitobni qaytarish muddati allaqachon o‘tib ketgan.  

Kutubxona xodimlari o‘z vaqtida qaytarilmagan kitoblar uchun jarimalar qo‘llash allaqachon bekor qilinganini eslashdi. Jarima bekor qilinishiga sabab bolalar adabiyoti rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Kutubxona xodimlari agar jarima to‘lash o‘z kuchida qolganida edi, bu mablag‘ga Bagama orollarida dam olish mumkinligini aytib kulishdi. Ammo kitobni qaytarib bergan anonim o‘quvchi xotirjam bo‘lishi mumkin, unga hech qanday javobgarlik yuklanmaydi, balki kitob kutubxonadagi eng ko‘rinarli javondan joy oldi.

Ikkinchi voqea ham yangi yil arafasida sodir bo‘ldi.

Chikagolik (AQSh) Chak Xildebrandt yangi yil arafasida kitoblarini yana bir bor taxlashga qaror qildi. Va o‘z shkafidagi kitoblarni ko‘zdan kechirib, juda sarosimaga tushdi. U javonlardan birida Govard Lissning «Baseballs zaniest stars» kitobini ko‘rib qoldi. Muammoning mohiyati shundaki, Chak bu kitobni 1974-yilda kutubxonadan olib qaytarib bermagan, yodidan ko‘tarilgan – oradan 50 yil o‘tib-a? Uyatdan yerga kirib ketay degan Chak kutubxonaga bordi, lekin kutubxona xodimlari ro‘yxatdan bu kitob chiqarib tashlanganini, uni o‘zida olib qolishi mumkinligini aytishdi. Bundan tashqari, kitobni vaqtida topshirmagan o‘quvchidan kechikkanlik uchun undirilishi kerak bo‘lgan 4500 dollar to‘lov undirilmadi.

Biroq, Chakning vijdoni bu bilan tinchlanmadi, u jarima to‘lash uchun yiqqan barcha pullarini ma’lum bir notijorat tashkilotga savodxonlikni oshirish tadbirlari uchun xayriya qildi.

Oradan 30 yil va hatto 50 yil o‘tib unutilgan, ro‘yxatdan chiqarilgan kitoblarni kutubxonaga qaytargan xorijlik kitobxonlar haqida o‘qib o‘ylab qoldim: bu insonlarning tutgan yo‘li qaysi bir fazilatlarga to‘g‘ri keladi, omonatga xiyonat qilmaslikmi, halollik, rostgo‘ylik, vijdonlilik, to‘g‘rilikmi? Boshqa tilda bularning barchasi bitta so‘z bilan qanday ifodalanadi?

Xullas, siz-chi  kimdandir yoki kutubxonadan olgan kitoblarning barchasini qaytarganman deb ayta olasizmi? Yana Chikagolik Chakdek uyatdan yerga kirib ketgudek bo‘lib, vijdon azobida qolmang deyman-da...

                                                                                         Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring