Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 «Muhofizlar». Yevrokomissiyaning yangi rahbariyati rasman ish boshladi

 «Muhofizlar». Yevrokomissiyaning yangi rahbariyati rasman ish boshladi

Foto:«Reuters»

Joriy yil 1-dekabrdan Yevropa komissiyasining yangi tarkibdagi rahbariyati o‘z vazifasini bajarishga kirishdi. Kelgusi besh yil davomida Yevrokomissiyaga xalqaro tuzilma tarixida ilk bor ayol siyosatdon – Germaniya vakili Ursula fon der Lyayen boshchilik qiladi.

«Bugundan boshlab biz bitimlar hamda Lissabon ruhining muhofizlarimiz. Men ushbu mas’uliyatni teran his etmoqdaman. Bu salaflarimiz, bizning kashshof otalarimiz hamda onalarimiz oldidagi, ular erishgan barcha yutuqlar uchun mas’ullikdir. Bu, ayni choqda, farzandlarimiz taqdiri uchun ham javobgarlik sanaladi. Bizga meros bo‘lgan Ittifoqni (kelgusi avlodga) yanada qudratli holda yetkazish zalvorli mas’uliyatdir», – dedi Ursula fon der Lyayen rasmiy faoliyatga kirishish arafasidagi nutqida.

Qayd etilishicha, umumiy Yevropa uyining barpo etilishi bilan mustabidlikka barham berildi, inson haq-huquqlari kafolatlangan ma’rifiy jamiyat barpo etildi, mislsiz iqtisodiy imkoniyatlar tuhfa etgan yagona bozor shakllandi.

«Yevropa bizga meros bo‘lib o‘tayotgan shunchaki xazina emas. Yevropa bu – orzu-umidlar. Yevropa bu – kelajak. Yevropa, ta’bir joiz bo‘lsa, biz kun-bakun, qadam-baqadam bunyod etishimiz lozim bo‘lgan imorat», – dedi Yevrokomissiyaning yangi rahbari.

Ta’kidlanishcha, o‘n yilcha avval «YeI umumiy bayroq va madhiyaga ega bo‘lishi kerakmi» degan savol tegrasida muhokamalar kechar edi. O‘n yil ichida umumevropa qadriyatlari yanada mustahkamlandi.

«Yevropa shiddat ila o‘zgarishga yuz tutmoqda. Bizning vazifamiz evrilishlariga hamohang qadam tashlamoqdir. Toki biror kishi ortda qolmasin. Toki (YeI) ahlining orzu-umidlari to‘kis ro‘yobga chiqsin», – dedi Ursula fon der Lyayen xonim.

Yevrokomissiya – Yevropa ittifoqining asosiy ijroiya idorasi bo‘lib, u umumittifoq qonunlarini ishlab chiqadi va ularning ijrosini kuzatib boradi.

Avval xabar qilganimizdek, joriy yil 16-iyul kuni Yevrokomissiya prezidentligiga Germaniya mudofaa vaziri Ursula fon der Lyayen saylandi.

YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili – Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti lavozimini esa ispaniyalik tajribali arbob Jozep Borrel egalladi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring