Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lukashenko va Pashinyan yana gap talashib qoldi

Lukashenko va Pashinyan yana gap talashib qoldi

26 dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida dahanaki tortishuv ro‘y berdi.

Ma’lumot o‘rnida, Armaniston bosh vaziri mashvaratga shaxsan kelmagan, balki onlayn formatda qatnashgan.

Lukashenko o‘z chiqishida kelgusi uchrashuvni 2025 yil may oyida Minsk shahrida o‘tkazishni taklif qilgan. 

Ayni paytda tuzilmaga Armaniston raislik qilmoqda. Kelgusi yil raislik Belarusga o‘tadi. 

«Ham rais sifatida, ham kuzatuvchi sifatida bizning ittifoqimiz faoliyati qiziq bo‘lsa, yig‘ilishlarda televizor orqali emas, balki shaxsan qatnashishlarini so‘ragan bo‘lar edim», – degan Lukashenko Armaniston bosh vaziriga qarata tanbeh ohangida.  Ayni choqda u bu gap Armaniston bosh vaziriga daxldor emasligini ham qistirib o‘tgan.

«Bilamizki, yaqinda soqolingizni qirib oldingiz, biroz tobingiz ham qochibdi. Shu vajdan biz sizni ittifoqimizning yangi yosh – harqalay tashqi suratga ko‘ra – a’zosi deb qabul qilamiz», – deya luqma tashlagan Belarus rahbari.

Pashinyan bunga javoban kelgusi uchrashuv Minskda o‘tishiga e’tirozi yo‘qligi, lekin Armaniston delegatsiyasi majlisda videoaloqa rejimida qatnashishini bildirgan. 

«Nima muammongiz bor? Minsk shu qadar uzoqda ekanmi yo olib borib qo‘yadigan odam yo‘qmi? Mayli, kerak bo‘lsa, delegatsiyangizni o‘zimiz olib kelamiz», – deya e’tiroz bildirgan Lukashenko.

Pashinyan bu masalada avval bayonot bergani va o‘sha fikri kuchda qolishini ta’kidlagan.

«Mayli, bayonotingizni ko‘rib chiqamiz», – deya «yon bergan» Belarus rahbari.

«Nimani ko‘rib chiqasiz? Siz mening bayonotimni ko‘rib chiqa olmaysiz. Chunki men bayonotim ko‘rib chiqilishiga yo‘l qo‘ymayman», – deya qarshi fikr aytgan Pashinyan.

Gap shundaki, joriy yil iyun oyida N.Pashinyan Armaniston parlamentidagi chiqishida Belarus Qorabog‘dagi urushda Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlagani, shu bois Belarusda Aleksandr Lukashenko prezident ekan, bu mamlakatga bormasligini aytgandi. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti a’zosi bo‘lgan  Belarusning Bokuni dastaklagani Yerevanga  ma’qul kelmagan.

Shundan keyin Aleksandr Lukashenko Armanistonni hech kim KXShTdan haydab chiqarmoqchi emasligi, lekin mamlakat KXShTdan chiqsa ham tashkilot qulab tushmasligini aytgandi.

Lukashenko avgust oyida Rossiya davlat telekanaliga bergan intervyusida Armanistonning G‘arb bilan yaqinlashuv siyosatini keskin tanqid qilib, «armanlar Rossiya va Belarusdan boshqa hech kimga kerak emasligi» haqida ham gapirgani ma’lum.

Buning ortidan Yerevanda namoyishchilar hukumatdan Belarus bilan diplomatik aloqalarni uzish va mamlakatdan belarus diplomatlarini surgun qilishni talab etgan.

Avval xabar berganimizdek, Nikol Pashinyan joriy yil avgust oyida Armanistonning KXShT organlaridagi ishtirokini muzlatib qo‘ygandi.

Keyinroq Pashinyan Rossiya yetakchiligidagi tashkilotni Armaniston uchun tahdid deb atadi.

Moskva bilan munosabatlar sovuqlashuvi fonida Yerevan G‘arb tomon yuz burmoqda.

Joriy yil 11 iyun kuni Armaniston AQSh bilan xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirishga doir bitim imzolagan.

4 iyul kuni bosh vazir Pashinyan Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarni strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarish istagini bildirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring