Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Gorbachyov AQShning bo‘lg‘usi prezidentiga maslahat berdi

Gorbachyov AQShning bo‘lg‘usi prezidentiga maslahat berdi

Foto: «RIA Novosti»

Sobiq ittifoq prezidenti Mixail Gorbachyov «Times»ga bergan intervyusida AQSh prezidentligi uchun saylovlarning bo‘lg‘usi g‘olibini, paysalga solmasdan, RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar berdi.

Gorbachyov yadroviy qurollanish poygasi nazoratdan chiqib ketishidan xavotirda.

«Vaziyat o‘ta tahlikali. Saylov natijalaridan qat’i nazar, hozirgi muzlik davridan chiqish uchun muloqotni tiklashimiz kerak. Buning uchun har ikki mamlakat prezidentlaridan kuchli tashabbus talab etiladi», — dedi sobiq prezident.

Gorbachyovga ko‘ra, Rossiya va Qo‘shma Shtatlar «ikkinchi Reykyavik»ni o‘tkazishlari shart (u Ronald Reygan bilan 1986-yili Islandiyada o‘tkazgan uchrashuvini ko‘zda tutgan).

«1980-yillar o‘rtalarida Sovet ittifoqi va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar hozirgidan ancha murakkab edi. Shunga qaramay, o‘zaro ishonch, tushunish, muloqot orqali muammoga yechim topa olganmiz», — ta’kidladi Gorbachyov.

Sobiq prezident AQShning yangi yadroviy qurol yaratish borasidagi rejalaridan qattiq tashvishlanayotganini ham bildirdi.

AQShda prezidentlik saylovi 2020-yilning 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi: ikkinchi muddatga nomzodini ilgari surayotgan Donald Tramp Demokratlar vakili Jo Baydenga qarshi kurashadi.

Ma’lumot uchun: Strategik hujum qurollari (SNV-3)ni qisqartirish haqidagi shartnoma AQSh va Rossiya o‘rtasidagi qurollanishni cheklashga qaratilgan amaldagi yagona hujjat. Uning amal qilish muddati 2021-yilning 5-fevralida tugaydi. Putin ushbu shartnomani ortiqcha shartlarsiz yana besh yilga uzaytirish taklifini bergan. Oq uy esa shartnomaga Xitoyni ham qo‘shib, Moskva, Pekin va Vashington yangi uch tomonlama shartnoma tuzishi tarafdori. Xitoy esa bunga qarshi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring