Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Germaniya TIV xalqaro tuzilmalarni adolat asosida isloh qilishga chaqirdi

Germaniya TIV xalqaro tuzilmalarni adolat asosida isloh qilishga chaqirdi

Foto: dpa

BMT, Jahon savdo tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar faoliyati adolat tamoyili asosida, global yangilanishlarga hamohang ravishda isloh qilinishi kerak, deb hisoblaydi Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok.

Olmon bosh diplomati Berlinda bo‘lib o‘tgan Germaniya xorijiy vakolatxonalari rahbarlari anjumanida shu kabi muhim masalalarni ko‘targan.

«Birgina BMT Xavfsizlik kengashi haqida mulohaza yuritib ko‘raylik. Bu tuzilma so‘nggi bor 60 yil avval isloh qilingan edi. O‘tgan davr mobaynida esa nafaqat Germaniya birlashdi, balki Afrika, Lotin Amerikasi va Osiyoda 60 ta davlat mustaqillikka erishdi. Ushbu davlatlar haqli ravishda o‘z fikrini aytish va muzokaralar stolida munosib o‘rin egallashni talab qilmoqda. Bu fikr xalqaro moliyaviy institutlar, sog‘liqni saqlash tashkilotlari, qolaversa, doimiy a’zolari safida Afrika ittifoqi ham bo‘lishi lozim «Katta yigirmalik» kabi birlashmalarga ham daxldordir», – deydi Germaniya TIV.

Ta’kidlanishicha, xalqaro tuzilmalar zamon dolg‘alariga muvofiq ravishda takomillashtirilmog‘i shart. Ushbu dolzarb masala yechimi paysalga solinar ekan, boshqa global o‘yinchilar, jumladan, Afrika va Lotin Amerikasida faol harakat qilayotgan Xitoy va Rossiya tashabbus ko‘rsatishi mumkin.

«Agar biz shunchaki tomoshabin emas, balki jamoaning o‘yin qoidalarini o‘zgartirishga qodir ishonchli o‘yinchisi bo‘lishni istasak, yangi tashabbuslarni ilgari surishdan cho‘chimasligimiz kerak. Hatto muvaffaqiyat kafolatlanmagan sharoitda ham olg‘a yurishda davom etish zarur. Shamol qarshiligidan zarracha qo‘rqmay, o‘z qadriyat va manfaatlarimizni himoya qilmog‘imiz lozim», – deydi A.Berbok.

Siyosatchiga ko‘ra, Germaniya xalqaro robitalarni jamoaviy mushtaraklik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqadi, ichki barqarorlik hamda Yevropa va Transatlantik makondagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratadi.

A.Berbok global beqarorlik sharoitida YeIning o‘rnini yanada oshirish, Jahon savdo tashkiloti faoliyatini isloh qilish zarurati haqida ham gapirgan.

Avval xabar berganimizdek, Germaniya TIV Xalqaro jinoiy sudning 25 yilligi munosabati bilan bergan bayonotida bosqinchilik urushini boshlagan shaxslar muqarrar javobgarlikka tortilishi uchun xalqaro huquqni isloh etishni taklif qilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring