Germaniyaning sobiq prezidenti vafot etdi
Germaniyaning sobiq prezidenti Horst Kyoler 1-fevral kuni 82 yoshida vafot etdi. U oilasi bag‘rida, uzoq cho‘zilmagan, ammo og‘ir xastalikdan so‘ng olamdan o‘tgan.
Horst Kyoler 2004–2010-yillarda Germaniya prezidenti bo‘lgan.
Horst Kyoler 1943-yilning 22-fevralida bosib olingan Polsha hududida etnik nemislar oilasida tavallud topgan. Tyubingen universitetida tahsil olgan, GFR iqtisodiyot vazirligida 1976-yildan 1981-yilgacha ishlagan. Kyoler 1990-yillardagi moliyaviy islohotlar va Germaniyani yevro joriy etilishiga hozirlashda muhim shaxslardan bo‘lgan. 1993-yildan 1998-yilgacha Germaniya omonat banklari assotsiatsiyasini boshqargan, so‘ngra Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti bo‘lgan. 2000–2004-yillarda Xalqaro valyuta jamg‘armasining boshqaruvchi direktori lavozimida faoliyat yuritgan.
Horst Kyoler 2004-yilda Germaniya prezidenti etib saylangan. 2009 yilda ikkinchi muddat qayta saylangan, biroq bir yil o‘tib, Germaniyaning chet eldagi harbiy missiyalari borasidagi bayonoti mojaroga sabab bo‘lgach, iste’foga chiqqan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter