Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Eron katta xatoga yo‘l qo‘ydi va buning uchun tovon to‘laydi», — Netanyahu Tehronga tahdid qildi

«Eron katta xatoga yo‘l qo‘ydi va buning uchun tovon to‘laydi», — Netanyahu Tehronga tahdid qildi

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu seshanba oqshomida Isroilga yirik ballistik raketa hujumini uyushtirgan Eronga tahdid qildi.

«Bugun Eron katta xatoga yo‘l qo‘ydi va buning uchun tovon to‘laydi. Erondagi rejim o‘zimizni himoya qilish va dushmanlarimizdan o‘ch olishga bo‘lgan qat’iyatimizni tushunmayapti», — dedi u. — «Biz qoidaga amal qilamiz: kim bizga hujum qilsa, biz ham unga hujum qilamiz».

Isroil armiyasi matbuot kotibi Daniyel Hagariy ham Tehronning harakatlari jiddiy oqibatlarga olib kelishini aytdi.

Unga ko‘ra, Isroil va Amerika havo hujumidan mudofaa tizimlari Erondan uchirilgan raketalarga qarshi samarali ishlagan.

«Bizning rejalarimiz bor va kerak vaqtda harakat qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi Isroil armiyasi vakili.

Eron hujumidan bir necha soat o‘tgach, Isroil harbiylari Bayrutdagi «Hizbulloh» nishonlariga yangi hujumlar uyushtirdi.

Bundan oldin Isroil mudofaa kuchlari mahalliy aholini belgilangan hududlarni tark etishi haqida ogohlantirgan.

AQSh prezidenti Jo Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Tehron jami 200 ga yaqin ballistik raketa uchirganini aytdi.

Pentagon matbuot kotibi Pat Rayderning ma’lum qilishicha, Eronning hujumini qaytarishda O‘rta yer dengizida joylashgan AQSh harbiy-dengiz kuchlarining ikkita kemasi qatnashgan.

AQSh harbiylari seshanba kungi zarbalar Eronning joriy yilning aprel oyida Isroilga qilgan birinchi hujumidan «ikki baravar katta» ekanligini aytdi.

AQSh prezidenti Jo Bayden Vashington Isroilni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatmasi bo‘yicha AQSh harbiylari zarba paytida «Isroil mudofaasini faol qo‘llab-quvvatlagan».

Shuningdek, u Eron hujumi qaytarilgani va samarasiz bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

Vitse-prezident va Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Harris hujumni Bayden bilan birga Oq uydan real vaqtda kuzatganini aytdi.

U Baydenning Amerika kemalariga Isroilga qaratilgan raketalarni urib tushirishni buyurish haqidagi qarorini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin chorshanba oqshomida ijtimoiy tarmoq X sahifasida yozishicha, Vashington diplomatik kelishuvga erishish tarafdori, ammo kerak bo‘lsa, Isroilni Eron hujumidan himoya qilishga tayyor.

Eron rasmiylari nima deydi

Seshanba kuni kechqurun «Hizbulloh»ning marhum yetakchisi Hasan Nasrullohning portretlarini ko‘targan odamlar Tehron markazida ko‘chalarga chiqishdi.

Eron rasmiylarining ta’kidlashicha, ular faqat Isroildagi harbiy nishonlarga hujum qilgan va keng ko‘lamli urushni istamaydi, balki o‘zini himoya qilish huquqidan foydalanmoqda.

Avvalroq Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroilga berilgan zarbalar Tehronda «Hamas» yetakchisi Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi, shuningdek, o‘tgan shanba kuni Bayrutga uyushtirilgan hujum natijasida «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrullohning o‘limiga javob bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi, agar Isroil qasosga intilsa, «bundan ham dahshatli hujumlarga duch kelishi» haqida ogohlantirdi.

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Isroilga zarba berishdan maqsad Eron o‘z manfaatlari va fuqarolarini himoya qilishga tayyorligini ko‘rsatish ekanini yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, seshanba kuni Eron o‘z imkoniyatlarining atigi bir qismini ko‘rsatgan va Isroil hukumatini vaziyat yanada jiddiylashishidan ogohlantirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring