Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Daraxt tepasida 738 kun yashagan qiz

Daraxt tepasida 738 kun yashagan qiz

foto: kulturologia.ru

23 yoshli amerikalik Julia Xill 1997 yil 10 dekabrdan boshlab yerdan 60 metr balandlikda joylashgan daraxtga chiqdi va u yerda yashay boshladi. Daraxtning eng tepasi – 3 kvadrat metr maydonda hayot uchun zarur bo‘lgan hamma narsa bor edi: pechkali kichkina oshxona, yomg‘ir suvini yig‘ish tizimiga ega hammom, surat chizish uchun bo‘yoqlar, qog‘ozlar... Xo‘sh, qiz nima uchun qariyb ikki yil davomida g‘ayrioddiy uyi – daraxtda yashadi?   

Pacific Lumber kompaniyasi ramziy o‘rmondagi daraxtlar sonini sezilarli darajada kamaytiradigan tashabbusni e’lon qildi. Balandligi 60 metrdan oshgan va yoshi 500 yildan ortiq bo‘lgan Sekvoyya qizil daraxti ham kesilishi kerak edi. Ana shu daraxtni esa Xill saqlab qoldi.

Julia Xillning otasi sayohatchi edi, shuning uchun u bolaligining ko‘p qismini Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab ko‘chib yashadi. Bu hech kimga o‘xshamaydigan qizning «Kapalak» laqabi bor edi. Sababi piyoda sayohatlarining birida 7 yoshli qizaloqning barmog‘iga kapalak qo‘nadi va sayohat oxirigacha uchib ketmaydi.  

Uning oilasi ko‘chib yurgani uchun o‘qish, yozish bilan ko‘proq uyida shug‘ullangan. 2009 yilda intervyularning birida Xill bolaligi haqida gapirarkan, ijtimoiy jihatdan izolyasiya qilinganini aytadi: «Men boshqa odamlarni tushunmasdim, ular bilan qanday muloqot qilishni bilmasdim».

1996 yilning yoz oqshomlaridan birida Xillning mashinasiga mast holda rul boshqarayotgan haydovchi to‘qnashib ketadi. Ushbu baxtsiz hodisa natijasida Xill deyarli bir yil gapira olmadi va yura olmadi. Sog‘ayish asnosida qiz kelajagi haqida o‘yladi – foydali ish bilan shug‘ullanishni maqsad qildi, atrof-muhitni muhofaza qilish bilan qiziqdi.

«Falokatning mash’um «iz»idan xalos bo‘lish uchun 10 oylik jismoniy va kognitiv terapiya kerak bo‘ldi va shu vaqt ichida men bu dunyoda shunchaki yashashdan kattaroq maqsadni topishni xohlayotganimni angladim. Shifoxonadan chiqqanimdan so‘ng do‘stlarim bilan sayohatga chiqdim, bu meni Kaliforniyaga olib bordi va u yerda men qizil o‘rmonda qoldim», dedi u 2006 yilda Grist jurnaliga bergan intervyusida.

Saqlab qolingan daraxtni Oy deb nomlashdi. «Oy»ni kesmaslik haqidagi shartnoma daraxt va uning 61 metr radiusi atrofidagi hududni saqlab qolishni ta’minladi, ammo allaqachon kesilgan daraxtlar kompaniyaning mulki bo‘lib qolaverdi. Pacific Lumber kompaniyasi 2007 yilda atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalarining yuqori narxini hisobga olib, bankrotlik to‘g‘risida ariza bergan.

2000 yilda «Kapalak» nomli hujjatli film premerasi bo‘lib o‘tdi, unda amerikalik qiz daraxtda qanday yashaganligi haqida hikoya qilinadi.

Xill hozirda ekofaol va yozuvchi. 2000 yilda u  «Oy merosi: Daraxt, ayol va Qizil o‘rmonni qutqarish uchun kurash hikoyasi» nomli xotira kitobini nashr etdi, unda u daraxtda yashagan tajribasi bilan o‘rtoqlashgan. Hozir Julia Xill 50 yoshda, u ko‘proq yolg‘izlikda hayot kechiradi, ammo atrof-muhitni muhofaza qilish asosiy maqsadi. U tabiat bilan o‘zini yolg‘is his qilmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring