Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chilangarning farzandi. Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri haqida nimalar ma’lum?

Chilangarning farzandi. Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri haqida nimalar ma’lum?

Huquqshunos, deputat, ritsar, bosh vazir. Foto: AP

Buyuk Britaniyada 4-iyul kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovida bosh vazir Rishi Sunak rahbarligidagi konservatorlar partiyasi qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Kir Starmer yetakchiligidagi leyboristlar partiyasi parlament Jamoatlar palatasidagi 650 o‘rindan 410 tasini qo‘lga kiritdi. Bu qirollikda konservatorlarning 14 yillik hukmronligi yakuniga yetgani, leyboristlar yetakchisi Kir Starmer yangi bosh vazir bo‘lishini anglatadi.

Xo‘sh, ingliz hukumatining yangi rahbari haqida nimalar ma’lum?

Kir Starmer katta siyosatga ancha kech kirib kelgan, u ilk bor parlament deputati etib saylanganida 50 yoshdan o‘tgan edi. Ammo bunga qadar u kuchli huquqshunos sifatida mamlakatda dong taratgan, hatto ritsarlik unvonini olgan. 

Kir Starmer 1962 yili London shahrida oddiy ishchi oilasida tug‘ilgan. Otasi zavodda chilangar bo‘lib ishlagan, onasi hamshiralik qilgan. Keyinroq oila poytaxtdan Sarri grafligiga ko‘chib ketgan.

Starmerning hikoya qilishicha, yoshligida oilaviy hayot u qadar sokin kechmagan, otasi sovuqqon va xiyla xonanishin edi. Onasi esa xastalik sabab nogironlar aravachasiga mixlangandi.

Kir 16 yoshida leyboristlar partiyasining mahalliy yoshlar bo‘linmasiga a’zo bo‘lgan. So‘ng Lids va Oksfordda huquqshunoslik bo‘yicha tahsil olgan. U oilaning universitetga o‘qishga kirgan ilk vakili edi.

Tahsilni tugatib uzoq yil advokatlik bilan shug‘ullangan. 2008-yilda Qirollik prokuratura xizmati direktori etib tayinlangan, ya’ni u Angliya va Uels bosh prokurori edi. Huquq tizimidagi xizmatlari evaziga 2014 yilda ritsarlik unvoni bilan taqdirlangan.

2015 yili ser Starmer parlament deputati etib saylangan.

2019 yilgi saylov leyboristlar uchun alamli mag‘lubiyat bilan yakunlandi. Bu hol partiya rahbariyatida yangilanishlar  bo‘lishini talab etardi. Shu tariqa Jeremi Korbin 2020 yili partiya yetakchiligini ixtiyoriy-majburiy ravishda tark etadi va uning o‘rnini Kir Starmer egallaydi.

Ayrim tahlilchilar Starmerni pragmatik siyosati uchun maqtasa, yana ayrimlari zerikarli boshqaruv usuli sabab tanqid qiladi. Asosiysi, u so‘l kayfiyatdagi leyboristlar pariyasini mo‘’tadil qarashli siyosiy harakatga aylantirib, katta g‘alaba sari yetakladi. U partiyadoshlari e’tiroziga qaramay, saylov kampaniyasi davrida daromad solig‘ini oshirish, davlat xizmatlarini natsionalizatsiya qilish kabi tashabbuslardan voz kechdi. “Mamlakat manfaatlari partiya manfaatlaridan muhimroq” degan shior ostida saylov kampaniyasi olib bordi u.

Yangi bosh vazir Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqiga qaytishini yoqlamaydi, ammo u Boris Jonson davridagi xatolarni to‘g‘rilab, YeI bilan bitimga tuzatishlar kiritish niyatida. 

Qirol Karl III allaqachon leyboristlar yetakchisiga bosh vazirlikni taklif qildi. Foto: Twitter/RoyalFamily

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring