Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Britaniyalik ekspert Putindan keyin Rossiyani kim boshqarishini aytdi

Britaniyalik ekspert Putindan keyin Rossiyani kim boshqarishini aytdi

Foto: «Dennik N»

Britaniyalik tarixchi olim Mark Galeotti Rossiyada Vladimir Putin boshqaruvi davri yakuniga yetayotganini bashorat qildi. Bu haqda u Slovakiyaning «Dennik N» nashriga bergan intervyusida so‘zlagan.

«Putin hokimiyatga kelgan paytda uni tizimni qayta tiklashga qodir yosh va shijoatli menejer deya qabul qilishgan. U buning uddasidan chiqdi. Ilk yillarda u inqiroz yoqasidagi mamlakatni qutqardi. 2000-yildan keyin rossiyaliklarning hayoti ijobiy tomonga o‘zgardi. Pul va barqarorlik paydo bo‘ldi. Bu hol 10 yil davom etdi... Ammo vaziyat yomonlashgach, Putin dunyoni dushmanlikda ayblay boshladi», – deya Rossiya rahbarining tarixiy missiyasiga baho beradi M.Galeotti.

Mutaxassisga ko‘ra, Putin boshqaruvi xotimasiga oz muddat qoldi. Xo‘sh, undan keyin hokimiyatga kim keladi?

«Menimcha, hokimiyat Navalniy avlodiga o‘tadi. Mazkur avlod esa qon-qonigacha pragmatik kleptokratlardir. Ular G‘arb bilan mafkuraviy urush qilishni aslo istamaydi. Aksincha, ular G‘arb bilan robitalarni yaxshilovchi iqtisodiy usullarni ishga solishadi. O‘ylaymanki, aynan ular Rossiyada ongli ravishda huquqiy davlatni barpo etishga kirishadilar», – deya xulosa qiladi Rossiya tarixi va zamonaviy siyosatiga bag‘ishlangan kitoblar yozgan olim.

M.Galeotti 2019-yili Britaniyaning «Guardian» nashriga bergan intervyusida Rossiya rahbarini davlat ishidan charchagan shaxs deb ta’riflagan edi.

«Menga qolsa, Putinni davlat ishidan bezor bo‘lgan va charchagan shaxs degan bo‘lar edim. Hokimiyatning mashaqqatli yumushlari uni qiziqtirmay qo‘ygan. Uning vakolat muddati 2024-yilda yakunlanadi. Ayrim ekspertlar u hokimiyat qay tariqa qolishi haqida fikr yuritmoqdalar. Men esa u o‘ziga voris topib, «millat otasi» bo‘lib qoladi deb hisoblayman. O‘ylaymanki, tarix Putin tomonida emas»,degan edi tarixchi olim «Guardian» gazetasiga intervyusida.

Rossiyani 1999-yildan beri de-fakto idora etib kelayotgan Vladimir Putinning hokimiyatdan ketishi masalasi ko‘pdan buyon jahon matbuotida muhokama qilinmoqda.

2020-yil noyabrda Britaniyaning «Sun» tabloidi 68 yoshli Putin salomatligidagi muammolar sabab davlat rahbari lavozimidan ketishi haqida xabar berdi. Gazeta Putinda Parkinson kasalligi asoratlari zohir bo‘la boshlaganini iddao qildi.

Ushbu versiya «Daily Mail» va «New York Post» nashrlari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Keyinroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov muddatdan oldin iste’fo haqidagi xabarni rad etdi va prezidentning salomatligida muammo yo‘qligi, u otdek ekanini ma’lum qildi.

2020-yil dekabr oyida esa «Bloomberg» agentligi Putin prezidentlikni topshirib, davlat boshqaruvida boshqa bir lavozimda ishtirok etishi haqidagi taxminni ilgari surdi.

V.Putinning vakolat muddati 2024-yilda yakuniga yetadi. Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, u nazariy jihatdan 2024 va 2030-yillardagi saylovlarda ham qatnashishi, demakki, 2036-yilgacha hokimiyatda qolishi mumkin.

«Putin mohiyat e’tiboriga ko‘ra monarxga aylanadi»,deb baholagan rossiyalik ekspertlar ushbu o‘zgarishlarni.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring