Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Arab generallari Isroil bosh shtabi rahbari bilan maxfiy ravishda uchrashdi

Arab generallari Isroil bosh shtabi rahbari bilan maxfiy ravishda uchrashdi

Generallar M.Kurilla va H.Halevi.

Bahrayn poytaxti Manama shahrida arab davlatlari generallari Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari, general Hersi Halevi bilan uchrashdi. Mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilingan uchrashuvda AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) boshlig‘i, general Maykl Kurilla ham qatnashgan.  

«Axios» nashriga ko‘ra, G‘azodagi urush tufayli arab va yahudiy generallari uchrashuvi maxfiy tarzda o‘tkazilgan va uning tafsilotlari jamoatchilikka oshkor etilmagan. 

Isroil generali Bahrayn, BAA, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Misr harbiy mansabdorlari bilan havo hujumidan himoya bo‘yicha hamkorlikni muhokama qilgan. 

G‘azo sektorida Isroil tomonidan HAMAS hujumiga javoban 2023 yil 7 oktyabrdan buyon olib borilayotgan urushda 37372 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 85452 nafari jarohatlandi.

Arab davlatlari rasman Isroilning G‘azo sektoridagi xunrezligini qoralab, tinchlik o‘rnatilmagunga qadar Tel-Aviv bilan hamkorlik qilinmasligini aytib kelmoqda.

«Axios» xabari esa parda ortida yashirin muloqot va hamkorlik davom etayotganini tasdiqlaydi.

«Ushbu uchrashuv Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyoti jamoatchilik ko‘z o‘ngida qoralanib, tanqid qilinayotganiga qaramay, Isroil hamda arab mamlakatlari AQSh Markaziy qo‘mondonligi shafeligida harbiy muloqot va hamkorlikni davom ettirayotganidan dalolat beradi», – deb yozadi nashr.

Joriy yil  14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroil hududiga dron va raketalar orqali hujum uyushtirgan edi. Ushbu amaliyot Isroil tomonidan Eronning Damashqdagi konsulligi bombalanganiga javoban amalga oshirilgan.

«Times of Israel» gazetasining yozishicha, Eron tomonidan uchirilgan raketa va dronlarni urib tushirishda Isroilga AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya bilan bir qatorda Iordaniya, Saudiya Arabistoni kabi arab davlatlari ko‘maklashgan. Ular Tel-Avivga razvedka ma’lumotlarini ham taqdim etgan.

Bahrayndagi uchrashuvda norasmiy hamkorlikni davom ettirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.

2023 yil dekabr oyida «Bild» nashri ham arab davlatlari jamoatchilik ko‘z o‘ngida Isroilning G‘azodagi harakatlarini qoralayotgan bo‘lsa-da, parda ortida Tel-Avivni HAMASga qarshi kurashda dastaklayotgani haqida yozgan edi.

2023 yil 11 noyabr kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Arab davlatlari ligasi hamda Islom hamkorlik tashkilotining qo‘shma majlisida ham G‘azoda minglab tinch aholi vakillari o‘limiga sabab bo‘layotgan Isroilga qarshi amaliy choralar ko‘rish taklif rad etilgan edi.

Riyoz uchrashuvida qatnashgan aksar musulmon davlatlar Isroilni G‘azoda ommaviy qirg‘inni to‘xtatishga majburlash uchun neft embargosini qo‘llash, diplomatik va iqtisodiy munosabatlarni to‘xtatish, AQShning Yaqin Sharq mintaqasidagi harbiy bazalaridan Isroilga harbiy texnika yetkazishiga to‘sqinlik qilish, Isroilning arab davlatlari havo makonidan foydalanishini man etish kabi choralarni taklif etgan. Isroilni tiyishga qaratilgan mazkur takliflarga Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Iordaniya, Bahrayn, Sudan va Jibuti qarshi chiqqan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring