Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQShlik siyosatchi Isroil bosh vazirining tanqidiga javob qaytardi

AQShlik siyosatchi Isroil bosh vazirining tanqidiga javob qaytardi

AQShdagi taniqli siyosatchilardan biri, senator Berni Sanders Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning aybloviga javob berdi. Yahudiy davlati hukumati rahbari 18 iyun kungi bayonotida ayrim qurol-yarog‘larni yetkazishni paysalga solayotgani uchun AQSh ma’muriyatini tanqid qilgan edi.

Bunga javoban asli yahudiy millatiga mansub Berni Sanders Netanyahu hukumati G‘azoda minglab bolalar, ayollar va keksalarni o‘ldirganini qoralagan va qurol-aslaha yetkazishni butkul to‘xtatishni talab qilgan.

«Netanyahuning o‘ng ekstremistik hukumati (G‘azoda) 37 mingdan ziyod falastinlikni o‘ldirdi, qariyb 85 ming kishini jarohatladi. Ularning 60 foizi ayollar, bolalar va keksalardir. 1,8 million kishi o‘z uyini tark etishga majburlandi. (Netanyahu ma’muriyati) G‘azodagi turarjoylarning 60 foizdan ziyodini yakson qildi yoki yaroqsiz holga keltirdi. Isroil harbiylari fuqaro infratuzilmasi, jumladan, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini vayron qildi» – deydi B.Sanders.

Siyosatchiga ko‘ra, Isroil harbiylari G‘azo sog‘liqni saqlash tizimini falaj holatga keltirdi, 19 ta shifoxona vayron qilindi, 400 dan ziyod tibbiyot xodimi o‘ldirildi. Netanyahu hukumati insonparvarlik ko‘magini yetkazishga to‘sqinlik qilayotgani sabab yuz minglab falastinliklar, jumladan, bolalar, ayollar va keksalar ochlik domida qolmoqda.

Joriy yil 20 may kuni Haagadagi Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish yuzasidan so‘rov bergan edi. Hujjatda qayd etilishicha, har ikki shaxsni «Falastin hududida (G‘azo sektori) 2023 yil 8 oktyabrdan buyon sodir etilgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgar» deb hisoblash uchun yetarli asoslar bor.

Cyenator Sanders Xalqaro jinoiy sudning bu talabi bejiz emasligini urg‘ulagan.

Unga ko‘ra, Oq uy Isroilga hujum qurollari yetkazishni bas qilib, urushni to‘xtatish uchun Tel-Avivga bosim o‘tkazishi, ziddiyatni «»ikki davlat» tamoyili asosida hal etishga harakat qilishi kerak.

Berni Sanders Bayden ma’muriyatining Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash siyosatini tanqid qilib keladi. U avvalroq Isroil G‘azoda tinch aholi vakillari o‘limi sababli dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida obro‘sini yo‘qotayotganini aytib, prezident Baydendan Isroil rahbariyatiga tinch aholi vakillarini o‘ldirmaslik borasida shart qo‘yishni talab qilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, 18 iyun kuni Netanyahu AQSh ayrim o‘q-dorilarni yetkazishni kechiktirayotganini keskin tanqid qildi. Netanyahuning tanqididan darg‘azab bo‘lgan Oq uy Isroilning yuqori martabali mulozimlari bilan uchrashuvni bekor qildi.

AQSh eng yaqin ittifoqchi sifatida Isroilni harbiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab keladi. G‘azodagi urushda ham Vashington Tel-Avivni faol va izchil dastaklamoqda.

Tahlilchilar fikricha, Oq uyning Isroilga ayrim o‘q-dorilarni yetkazishni kechiktirgani xalqaro hamjamiyat bosimi ostida bildirilgan «»poxoldo‘q» bo‘lib, Vashington har qanday holatda ham Isroilni dastaklashda davom etadi.

Xalqaro tashkilotlar Isroil armiyasini qurollantirayotgan birinchi raqamli mamlakat – AQShdan qurol-aslaha yetkazishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Oxfam hamda Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotlari Isroil bombardimonlarida minglab falastinlik tinch aholi vakillari o‘ldirilganini qayd etib, Tel-Aviv Vashington tomonidan yetkazilayotgan qurollardan xalqaro huquq me’yorlari doirasida istifoda etishini savol ostiga olgan.

Jahon matbuoti xabariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, AQSh Isroilni goh imi-jimida, goh oshkora qurollantirishda davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring