AQSh senatori G‘azoga atom bombasi tashlashni taklif qildi
AQSh Kongressining yuqori palatasi Sud tizimi qo‘mitasi raisi Lindsi Grem Falastin hududiga atom bombasi tashlash orqali G‘azo sektorida davom etayotgan urushga yakun yasashni taklif qildi.
Senator Grem o‘ta mas’uliyatsiz taklifni 12 may kuni NBC News telekanali orqali efirga uzatilgan «Meet the Press» dasturida ilgari surgan.
Ma’lumki, Ikkinchi jahon urushi yakunida, 1945 yilning avgust oyida AQSh Qurolli kuchlari Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasi yog‘dirgan edi. Bu insoniyat tarixida yadro quroli jangovar maqsadda qo‘llangan yagona holat sanaladi.
Senator Grem Yaponiya hududiga yadro quroli bilan hamla qilinganini oqlar ekan, Isroil ham xuddi shunday yo‘l tutishi kerakligini uqtirgan.
«Nemislar va yaponlar bilan jang qilayotganimizda, Pyorl Harbor vayron etilgach, biz millat sifatida urushga xotima yasash uchun Xirosima va Nagasakiga yadro quroli orqali zarba bergan edik. Bu to‘g‘ri qaror bo‘lgandi. (G‘azoda) urushni tugatishi uchun Isroilga ham zarur bo‘lgan bombalarni beraylik. Ular (isroilliklar) mag‘lub bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», – degan Respublikachilar partiyasiga mansub siyosatchi.
Na xalqaro huquq, na insoniylikka to‘g‘ri keladigan ushbu taklif yuzasidan AQSh rasmiy idoralari hozircha izoh bermagan.
2,3 million aholi yashaydigan mo‘’jazgina G‘azo sektoriga atom bombasi tashlanishi dahshatli oqibatlarga olib kelishi sir emas. Qolaversa, xalqaro tashkilotlar ayni paytda G‘azo aholisi hayotiga bir tomondan Isroil bombardimoni, ikkinchi tomondan, ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solib turgani haqida bong urmoqda.
Isroilparastligi bilan tanilgan 68 yoshli senator Lindsi Grem 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasida boshlangan urushni «diniy urush» deb atagan va G‘azoni «yer bilan bitta qilish» lozimligini aytgan.
Avvalroq Isroilning Quddus va meros ishlari bo‘yicha vaziri Amixay Eliyahu ham G‘azo sektorida ommaviy qirg‘in quroli qo‘llashni taklif qilgan, bu taklif Isroilning xalqaro gumanitar huquqqa zid harakatlarini tashvish bilan kuzatib borayotgan dunyo hamjamiyatini yanada kuchli xavotirga solgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Isroil yadro quroliga ega ekanini ochiq tan olmaydi, buni inkor ham etmaydi. Yahudiy davlati o‘nlab, balki yuzlab yadro kallaklariga ega ekani aytiladi.
Isroil 1950-yillardayoq harbiy atom dasturini amalga oshirishga kirishgan. The Washington Post nashriga ko‘ra, yahudiy davlati 1957 yilda Fransiya bilan atom reaktori qurish haqida bitim imzolagan.
The New York Times gazetasi 1973 yildayoq Isroil 10 yoki 20 dona yadro kallagiga ega bo‘lgani haqida yozgan.
1980-yillarda Isroil yadro dasturida qatnashgan olim Mordexay Vanunu mamlakatdan qochib ketgan va ingliz matbuotiga yahudiy davlatining maxfiy dasturi haqida intervyu bergan. Keyinroq davlatga xiyonatda ayblanib uzoq yillik qamoqqa hukm qilingan olim Isroil tasarrufidagi ommaviy qirg‘in quroli haqida shov-shuvli ma’lumotlarni oshkor etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter