Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh rasmiylari Markaziy Osiyoga serqatnov bo‘lib qolgani Kremlning tinchini buzmoqda

AQSh rasmiylari Markaziy Osiyoga serqatnov bo‘lib qolgani Kremlning tinchini buzmoqda

Foto: «112.ua»

Kreml AQShning Markaziy Osiyoda faollashayotganidan jiddiy xavotirga tushib qolgan. «Kommersant’» nashri Rossiya davlat tuzilmalaridagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Qo‘shma Shtatlarning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi e’lon qilingani ham rasmiy Moskva tomonidan og‘riqli qabul qilingan.

«Kommersant’» nashri suhbatdoshlaridan biri AQSh Davlat departamenti sayti chop etilgan strategiya to‘liq emasligi, mazkur hujjatning maxfiy qismi ham borligini iddao qilgan.

Oq uy o‘tgan hafta Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyani e’lon qildi.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Layza Kertisga ko‘ra, 2020-2025-yillarga mo‘ljallangan yangi strategiya bir yil davomida tayyorlandi. U 2015-yilda prezident Barak Obama davrida qabul qilingan hujjatning o‘rnini bosadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, strategiyada inqilobiy o‘zgarishlar ko‘zda tutilmagan. Ammo muhim nuqta shundaki, endilikda Markaziy Osiyo, Qo‘shma Shtatlar harbiy kontingenti Afg‘onistonda bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, muhim strategik mintaqa sifatida tan olinmoqda. Hozirga qadar Vashington mintaqaning besh davlatiga Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalar sabab e’tibor qaratar edi. Endi esa mintaqa mustaqil ahamiyatga ega ekani e’tirof etilmoqda.

Yangi strategiyada AQSh Markaziy Osiyo davlatlarining  suvereniteti va mustaqilligini muhofaza etish yo‘lida ko‘mak berishga shayligi ta’kidlangan. Garchi hujjatda mintaqa davlatlari suverenitetiga qaysi siyosiy kuchlar yoki davlatlar tahdid qilayotgani ochiq aytilmagan bo‘lsa-da, bu o‘rinda gap Rossiya, Xitoy hamda qisman Eron haqida ketayotganini taxmin qilish mumkin.   

Strategiyada qayd etilishicha, AQSh tomonidan hozirga qadar mintaqaga davlat ko‘magi shaklida 9 milliard dollar, xususiy dastak ko‘rinishida esa 50 milliard dollardan ziyod sarmoya va kredit ajratilgan.

Hujjatda, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish ham asosiy tamoyillardan biri o‘laroq belgilangan.

Ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlariga faqat Rossiya yoki Xitoyga suyanib qolmay, ko‘p vektorli siyosat yuritish, AQSh hamda Yevropa ittifoqi kabi kuch markazlari bilan ham yaqin hamkorlikda bo‘lish tavsiya etilmoqda. Demokratiya markazi sanalgan mutaraqqiy davlatlarning mintaqada faollashuvi esa Moskva va Pekinga xush kelmayapti. Rossiya va Xitoy rasmiylari o‘z noroziligini goho ochiq tarzda, gohida esa ishoralar orqali bildirib kelmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi ham AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo tomonidan Toshkentda bildirilgan mulohazalarni yolg‘on va ig‘vo deb atab, g‘azabnok bayonot bilan chiqqan edi.

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring