Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh Netanyahuni himoya qilish uchun misli ko‘rilmagan chora ko‘rmoqchi

AQSh Netanyahuni himoya qilish uchun misli ko‘rilmagan chora ko‘rmoqchi

Spiker Jonson Kongressda nutq so‘zlagan Netanyahuni olqishlamoqda.

Foto: AP

AQSh Kongressi Vakillar palatasida yaqin kunlarda Xalqaro jinoyat sudini (XJS) javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ovozga qo‘yiladi. Bu haqda Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson ma’lum qilgan.

Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 21 noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi G‘azo sektorida insoniyatga qarshi va urush jinoyatlari sodir etgani uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berdi.

Ushbu ikki shaxsga G‘azo sektoridagi tinch aholini yashash uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy jihozlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan qasddan mahrum qilish aybi ham ilgari surilgan.

Yaqin ittifoqchisi bo‘lmish Isroil rahbarlarini qamoqqa olish orderi berilgani AQSh rasmiylarini darg‘azab qilgan.

«Vakillar palatasi XJS mansabdorlariga qarshi sanksiya uchun ovoz beradi. XJS prokurori Karim Xonga o‘z joyini ko‘rsatib qo‘yamiz», – deya po‘pisa qilgan o‘tgan hafta yangi muddatga spikerlik lavozimiga saylangan M.Jonson.  

Isroil matbuoti xabariga ko‘ra, Vashington joriy etadigan sanksiyalar XJS a’zolariga nisbatan viza va mol-mulk bilan bog‘liq cheklovlarni o‘z ichiga oladi.

Xalqaro jinoyat sudi – doimiy asosda faoliyat yurituvchi yuridik organ bo‘lib, 1998 yil 17 iyulda imzolangan Rim statutiga asosan ta’sis etilgan. Mahkama xalqaro miqyosdagi og‘ir qilmishlar – genotsid, insoniyatga qarshi va harbiy jinoyatlarni ko‘rib chiqadi. Rim statutini imzolagan 123 davlat mahkama hujjatlarini bajarishga majbur.

Inson huquqlarini bayroq qilgan AQSh tomonidan global miqyosda adolatni ta’minlashda muhim o‘rin tutib kelgan XJSga jazo choralari qo‘llanishi misli ko‘rilmagan holat sanaladi. Kuzatuvchilar bu hol ikkiyuzlamachilik o‘laroq baholanishidan ogohlantirmoqda.

Gap shundaki,  AQSh rahbariyati xalqaro sud 2023 yil 17 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berganida bu qarorni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan edi.

Netanyahu va Galantni hibsga olish haqidagp qarorni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari idorasi qo‘llab-quvvatlagan.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlari va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel xalqaro sud qarori «siyosiy qaror» ekani haqidagi iddaolarni rad etib, bu hujjatni YeIga a’zo barcha davlatlar bajarishga majbur ekanini qayd etdi.

Dunyoning yetakchi davlatlaridan birgina AQSh Netanyahu va Gallantni hibsga olish haqidagi qarorga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqmoqda.

Xalqaro mahkama prokurori Karim Xonga ko‘ra, Isroilning yuqori rutbali amaldorlariga nisbatan tergov olib borish payti unga tahdidlar bo‘lgan, hatto amaldorlardan biri xalqaro mahkama G‘arb va uning ittifoqchilari uchun emas, balki «Afrika va Putin kabi kallakesarlar uchun tuzilgani»ni  uqtirgan.

2024 yil 24 iyul kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh Kongressida ma’ruza qilgani ham turlicha talqin etilgandi. G‘azo sektorida qirg‘in sodir etishda ayblanayotgan siyosatchining Qo‘shma Shtatlar qonunchilik idorasida nutq irod qilishi ayrim demokratlar tomonidan boykot qilingan. Shunga qaramay, qariyb bir soatlik nutq mobaynida AQSh qonunchilari Isroil bosh vazirini o‘nlab marta qarsak va olqishlar bilan qo‘llab-quvvatlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring