Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Amerikalik erkak ovqatdan mast bo‘lish dardiga yo‘liqdi

Amerikalik erkak ovqatdan mast bo‘lish dardiga yo‘liqdi

Foto: «Lad Bible»

AQShning Nyu-Jersi shtatida istiqomat qiluvchi 49 yoshli Denni Jannotto o‘ta kam uchraydigan kasallikka yo‘liqdi — oshqozoni yegani ovqati tarkibidagi uglevodlar va shakarni etanol (spirt)ga aylantirishni boshladi.

Jannotto mast holda mashina boshqarganlikda ayblanib, ko‘p marotaba politsiya tomonidan hibsga olingan. Alkotesterlar belilangan me’yor besh karra oshib ketganini ko‘rsatgan. Holbuki, Jannotto umuman spirtli ichimliklar ichmaydi.

Yolg‘on ayblovlardan charchagan Denni tibbiy ko‘rikdan o‘tishga qaror qildi. Oradan bir oy o‘tib tashxis chiqdi — ichak fermentatsiyasi sindromi.

Jannottoning oshqozoni uglevodni alkogolga aylantiradi. Oddiy bir bo‘lak pirog ham uni mast qilishi mumkin...

Vrachlarning xulosasini ko‘rib, «spirtli ichimlik ichib mashina boshqarganlik bo‘yicha» ayblovlarni olib tashlashdi. Jannotto mast bo‘lishiga ovqat sababchi bo‘layotganini sudda isbotlab bera oldi.

Tashxis chiqquniga qadar nafaqat politsiya va sud, balki hamkasblari, do‘stlari, hatto onasiga ham Jannotto piyonista emasligini uqtira olmayotgandi.

Bu dard bilan yashash osonmas, Denni sevimli yeguliklari — pitssa, tort, hatto nonni ham binoyidek yeyishdan mahrum. Hushyorlikni yo‘qotmaslik uchun faqat parhez tutishi: go‘sht, baliq va yashil sabzavotlar yeyishi shart.

«Odamlar baribir ishonishmaydi. Ammo bu ular o‘ylaganchalik kulgili emas. Meni tushunish uchun ahvolimga tushib ko‘rish kerak», — deya dardini yorgan Jannotto.

Xuddi shu kasallikka Solt-Leyk-Sitida yashovchi 26 yoshli Alissa Kelsh ham mubtalo bo‘lgandi. Undagi sindromni har xil antibotiklarni qabul qilish uyg‘otgandi. Ma’lum davolanish kurslaridan so‘ng ayolning qoni tarkibida etanol kamayishni boshlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring