Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

23 million nafar afg‘onistonlikka ocharchilik va o‘lim xavf solmoqda — BMT

23 million nafar afg‘onistonlikka ocharchilik va o‘lim xavf solmoqda — BMT

Foto: «UN News»

Afg‘onistonda yashovchi 23 million kishi to‘yib ovqatlanmaslik va ocharchilik oqibatidagi o‘lim xavfi ostida turibdi. Jahon oziq-ovqat dasturi (JOD) hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) o‘tkazgan tadqiqotlar shundan dalolat bermoqda, deyiladi Interfaks» xabarida.

«Agarda shoshilinch choralar ko‘rilmas ekan, Afg‘onistonda noyabr oyidan keng ko‘lamli ocharchilik boshlanishi xavfi bor, mamlakatning yarim aholisi, deyarli 23 million kishi o‘tkir oziq-ovqat yetishmovchiligidan aziyat chekadi. Dunyodagi eng yomon gumanitar inqirozlardan birini boshdan kechirayotgan mamlakatning yana bir qayg‘uli rekordiga guvoh bo‘lamiz», — deyiladi BMT sayti joylagan bayonotda.

Tadqiqotda inqirozga olib kelgan bir necha omillar: qurg‘oqchilik, qurolli nizolar, pandemiya va iqtisodiy inqiroz sanab o‘tilgan.

«Oldinda qahraton qish, Afg‘onistonning ayrim tumanlari bu paytga kelib insonparvarlik tashkilotlari uchun yopiladi. Har ikkinchi afg‘on, BMT tasnifotiga ko‘ra, uchinchi, hatto to‘rtinchi darajali xavf ostidagi vaziyatda qoladi. Oziq-ovqat bilan ta’minlash va odamlar uchun yashashga kerakli vositalarni saqlab qolish uchun xalqaro hamjamiyatning zudlik bilan aralashuvi kerak, aks holda Afg‘onistonni gumanitar inqiroz kutyapti», — deyiladi bayonotda.

Jahon oziq-ovqat dasturi rahbari Devid Bisli Afg‘onistonda jahondagi eng yomon inqiroz boshlanganini ta’kidladi.

«Bu yilgi qishda millionlab afg‘onlar migratsiya yoki ochlikdan o‘lim — birini  tanlashga majbur bo‘lishadi. Yagona chorasi — yordam hajmini oshirish va afg‘on iqtisodiyotini tiklashdir», — dedi u.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, oziq-ovqat yetishmovchiligidan qiynalayotgan odamlar soni Afg‘onistonda aprel oyidan beri 37 foizga oshgan. Eng achinarlisi, besh yoshgacha bo‘lgan 3,2 million nafar bolalar ham shu ro‘yxatda.

BMTning Afg‘oniston uchun insonparvarlik yordam rejasi uchdan birga moliyalashtirilgan, bu «dengizdan tomchi» — ogohlantirdi BMT donorlarni va’da qilingan mablag‘larni tezroq o‘tkazishga undarkan. Jahon oziq-ovqat dasturi 23 million kishiga yordam ko‘rsatmoqchi, buning uchun oyiga 220 million dollar kerak.

FAO esa mamlakat aholisining 70 foizini tashkil etuvchi fermerlar va mol boquvchi uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash harakatida. Bu yil 3,5 million kishi tashkilot ko‘magini oladi. 2021-yilda bu va boshqa favqulodda choralar uchun FAO qo‘shimcha 11,4 million dollar, 2022-yilda esa oyiga 200 million dollardan jalb etishi talab etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring