Samsung tarixidagi eng yupqa smartfonning narxi ochiqlandi

Insayderlar ultrayupqa korpusli Samsung Galaxy S25 Edge smartfoni qachon taqdim etilishi va narxi qancha bo‘lishini ma’lum qilishdi, deb yozmoqda GizmoChina.
Taniqli insayder — Ice Universe manbasiga ko‘ra, yangi smartfon kelgusi oyda taqdim etiladi. Uning yozishicha, Galaxy S25 Edge og‘irligi — 162 gramm, korpusining qalinligi — atigi 5,84 mm (Samsung hali bunchalik yupqa smartfon chiqarmagan). Solishtirish uchun: standart Galaxy S25 qalinligi — 7,2 mm.
Eslatib o‘tamiz, Galaxy S25 Edge aprelda taqdim etilishi haqida avvalroq GizmoChina nashri Seoul Economic Daily (SED)ga asoslanib ham xabar bergandi. Undagi og‘irlik va korpus qalinligi haqidagi ma’lumotlar ham yuqoridagi bilan bir xil — 162 gramm va 5,84 mm.
Ice Universe yangi smartfonning narxi haqida ham ma’lumot berdi: Galaxy S25 Plus smartfoni bilan bir xil — $999 dan boshlanadi. Albatta, narxlar birga-bir mos kelmasligi mumkin, biroq oradagi farq sezilarli bo‘lmaydi, deyiladi xabarda.
Ice Universe Galaxy S25 Edge displeyining o‘lchami 6,65 dyuym bo‘lishini taxmin qilmoqda. Eng yupqa smartfon — Galaxy S25 Edge xuddi S25 seriyasidagi barcha modellar kabi Qualcomm Snapdragon 8 Elite protsessori bazasida ishlashi kutilmoqda.
Qizig‘i, Apple kompaniyasining yangi flagmani — iPhone 17 Pro Max korpusi oldingi avlod smartfoni (iPhone 16 Pro Max)ga qaraganda qalinroq bo‘lishi haqida ham xuddi shu Ice Universe ma’lum qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter