Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston jahonda 5-o‘rinda qayd etilgani sababi nimada?

O‘zbekiston jahonda 5-o‘rinda qayd etilgani sababi nimada?

Foto: «Xabar.uz»

Avvalroq O‘zbekiston ochiq ma’lumotlar manbalari soni bo‘yicha jahonda 5-o‘rinni egallagani haqida xabar berilgan edi. Bu so‘nggi 2-3 yilda mamlakatimizda davlat ma’lumotlarining ochiqligi va shaffofligiga qaratilayotgan e’tibor natijasidir, deb xabar bermoqda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi axborot xizmati.

Bugun aynan ochiq ma’lumotlar orqali har qanday davlatning dunyodagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy o‘rnini bilib olish mumkin. O‘zbekistonda ochiq ma’lumotlar 2015 yilda rivojlanishni boshladi. Biroq unda ma’lumotlarning yangilanib borishi ma’lum vaqtgacha jahon standartlari darajasida ishlamadi. Shuning uchun 2019 yilda Davlat statistika qo‘mitasiga ochiq ma’lumotlar portalini monitoring qilish va muvofiqlashtirish vazifasi yuklatildi.

– Eski portalda muammo mavjud edi. Ya’ni unda mamlakatimizdagi boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilish imkoniyati chegaralangan edi. Shuning uchun joriy yilda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi bilan birgalikda yangi portalni ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi. Shu yilning avgust oyidan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasining ochiq ma’lumotlar portali data.egov.uz ishga tushirildi, – deydi Ochiq ma’lumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Akrom Sultanov.

Yangi portalning afzalliklaridan biri avval mavjud bo‘lmagan integratsiyadir. Hozirgi kunda mamlakatimizda ko‘plab axborot tizimlari bor, shuningdek, yangilari ishlab chiqilmoqda. Ularni yangi ochiq ma’lumotlar portali – data.egov.uz bilan integratsiyalash esa ma’lumotlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri almashinuvini ta’minlaydi.

– Eski portaldagi ma’lumotlarni 60 ta davlat organi muntazam ravishda to‘ldirib kelgan bo‘lsa, yangisida 130 dan ziyod davlat tashkilotlari, korxonalar ishtirok etadi. Shuning uchun biz avgust oyida barcha tashkilot va idoralar uchun o‘quv kurslarini tashkil etdik, – deydi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi bo‘lim boshlig‘i Doniyor Maksumov.  

AKT vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi va Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan tashkil etilgan ushbu o‘quv kurslarida davlat tashkilotlari hamda korxonalarining mas’ul xodimlariga yangi portal bilan ishlash, unga ma’lumotlarni to‘g‘ri yuklash tartibi o‘rgatildi.

– Afsuski, ko‘plab xalqaro bazalar va saytlarda O‘zbekiston haqida deyarli ma’lumotlar yo‘q. Bizning asosiy maqsadimiz ushbu yaratilgan yangi portal nafaqat ichki foydalanuvchilar, balki xalqaro tashkilotlar va ma’lumotlar bazalari uchun yagona bir resurs, manba bo‘lib xizmat qilishini istaymiz, – deydi Davlat statistika qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Akrom Sultanov. – Shuning uchun biz o‘qitish jarayonida ochiq ma’lumotlar o‘zi nima, nega kerak, degan savollarga ham atroflicha to‘xtaldik. Umid qilamizki, yangi portal davlat xizmatchilari qilayotgan ishlarni yuzaga chiqarish, ma’lumotlar sifatini oshirish barobarida mamlakatimiz nufuzini ko‘tarishga ham katta hissa qo‘shadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring