Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston «Global Robot Cluster» tashkilotiga a’zo bo‘ldi

O‘zbekiston «Global Robot Cluster» tashkilotiga a’zo bo‘ldi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

2019-yilning 5-8-noyabr kunlari tashkil etilgan Xalqaro robototexnika biznes forumida (Global Robot Business Forum 2019) Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i Olimjon To‘ychiyev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, 2019-yilning 18-aprelida Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Koreya Kichik va o‘rta biznes hamda startaplar vazirligi biznes va startaplarni qo‘llab quvvatlash maqsadida o‘zaro anglashinuv memorandumini imzolangan. Ushbu memorandum doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi Koreyaning bir qator tashkilotlari xususan Robototexnika sohasini qo‘llab quvvatlash assotsiatsiyasi (REPA) bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatishi belgilangan.

Global Robot Forum har yillik xalqaro robototexnika tadbiri bo‘lib, unda yetakchi robototexnika klasterlari va uyushmalari ishtirok etadi. Forumda Osiyo, Yevropa va Okeaniyaning 15ga yaqin mamlakatlaridan kelgan 400 nafardan ortiq vakillar qatnashdi. Forumning ochilish marosimida Robototexnika sohasini qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi rahbari Chang Xo Kim, «DG Tech Holdings» ijrochi direktori Jayhun Ri, Gyyongbuk texnoparki direktor o‘rinbosari Jozef Mun so‘zga chiqdi.

4 kunlik forum doirasida ishtirokchi-mamlakatlarning robototexnika sohasidagi hozirgi holati, rivojlanish istiqbollari va kelgusi rejalari bilan tanishildi, robototexnika jamiyatlari, universitet va tadqiqot markazlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi hamda kelgusi hamkorlik imkoniyatlari to‘g‘risida fikr almashildi. Shuningdek, Ociyo hamda Koreyaning yetakchi sanoat va texnologik kompaniyalari, texnoparklari hamda oliy o‘quv yurtlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, o‘zaro manfaatli bo‘lgan sohalarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishib olindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasining avtomobil va robototexnika sohasida eng yuqori o‘rinlarda turuvchi kompaniyalaridan biri «Hyundai Robotics» kompaniyasida bo‘lib, ushbu kompaniyaning boshqaruv tizimi va ishlash mexanizmi bilan tanishdi. Shuningdek, Koreyaning robototexnika sohasida yetakchilardan biri bo‘lgan «Doosan» kompaniyasi O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining birida ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyasini rivojlantirish maqsadida «KOICA» agentligi grantlari asosida robototexnika xonasini tashkil etib berish loyihasini taklif qildi.

Ushbu forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi «Global Robot Cluster» tashkilotiga 11-a’zo davlat bo‘lib qabul qilindi va ushbu tashkilot tomonidan 2020-yil iyul oyida Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida o‘tkaziladigan «Innoprom» ko‘rgazmasiga taklif etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring