Ispaniyaning Barselona shahrida AKT sohasidagi eng nufuzli tadbirlardan biri — «MWC Barcelona 2025» anjumani bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 3–6 mart kunlari Ispaniyaning Barselona shahrida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi eng nufuzli tadbirlardan biri — «MWC Barcelona – 2025» anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ushbu anjuman doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Filip Gan o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida so‘nggi yillarda kompaniya bilan hamkorlikda raqamlashtirish yo‘nalishida muhim loyihalar amalga oshirilayotgani, jumladan, Masofaviy xizmatlar markazi ishga tushirilib, natijada 2024 yilda ushbu markaz tomonidan 20 dan ortiq davlatga ko‘rsatilgan IT eksport xizmatlari hajmi 10 million AQSh dollariga yetgani hamda 300 ta yangi ish o‘rni yaratilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda Huawei kompaniyasi raqamli iste’dodlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, «Seeds for the Future» va «ICT Academy» dasturlarini faol davom ettirayotgani aytib o‘tildi.
2024 yilda O‘zbekistonda «Seeds for the Future» dasturining o‘n yilligi nishonlandi. O‘zbekiston jamoasi «Tech4Good» xalqaro tanlovining final bosqichida Silver award mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shu bilan birga, 12 nafar talaba Xitoyning Shenchjen va Shanxay shaharlarida raqamli turda ishtirok etib, ikki jamoa esa Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan «ICT Competition» mintaqaviy tanlovida qatnashdi.
Bundan tashqari, uchrashuvda kompaniya 2024 yilda bo‘lib o‘tgan «ICT Week Uzbekistan» haftaligi doirasida mamlakatning raqamli transformatsiyasini yanada rivojlantirish maqsadida 5.5G tarmog‘ini sinov tariqasida ishga tushirilgani qo‘shimcha qilindi.
Joriy yil may oyida Toshkentda yirik tadbir – yillik «Tech Carnival 2025» o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda davlat sektori, sanoat vakillari, hamkorlar va AKT bozorining yetakchi ishtirokchilari Yaqin Sharq hamda Markaziy Osiyo mintaqasidan yig‘iladi.
Shuningdek, 2024 yilda Huawei kompaniyasi Raqamli iqtisodiyot bo‘yicha tadqiqot markazi va Xitoy Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari akademiyasi (CAICT) bilan hamkorlikda «Uzbekistan Digital Economy overview and Vision 2030» tadqiqotlari e’lon qilindi.
Ushbu olib borilayotgan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonning 2024 yildagi raqamli rivojlanish natijalarini sarhisob qildilar va kelgusida innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha rejalarni belgilab oldilar.
Uchrashuv yakunida Raqamli texnologiyalar vazirligi va Huawei kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
• Sun’iy intellektni (AI) sog‘liqni saqlash, ta’lim, moliya kabi turli sohalarda keng joriy etish imkoniyatlarini o‘rganish;
• AKT infratuzilmasini yanada rivojlantirish orqali O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini tezlashtirish;
• IT sohasida yetuk mutaxassislar va raqamli transformatsiya bo‘yicha rahbarlar tayyorlashga qaratilgan ta’lim tashabbuslarini davom ettirish;
• O‘zbekistonda yirik xalqaro tadbirlarni o‘tkazish borasida hamkorlikni kengaytirish.
Shuningdek, UZINFOCOM – davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator hamda mahalliy aloqa operatorlari bilan hamkorlik bo‘yicha qo‘shimcha memorandumlar imzolandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter