Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Elektron hukumatni hech qachon bir shaxs yoki bir tashkilot rivojlantira olmaydi» — vazir

«Elektron hukumatni hech qachon bir shaxs yoki bir tashkilot rivojlantira olmaydi» — vazir

Foto: «Xabar.uz»

Ayni daqiqalarda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda raqamlashtirishda ijobiy natijalarga erishgan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov so‘zga chiqdi.

«Bugungi kunimizni axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Smartfon, planshet, kompyuter kabi zamonaviy texnologiyalar allaqachon kundalik hayotimizga kirib bo‘lgan.

Shuningdek, har birimiz hayotiy jarayonlarda turli davlat xizmatlaridan foydalanamiz.

Xo‘sh, shunday ekan, nega bu ikki hayotiy jarayonni birlashtirib, davlat xizmatlaridan foydalanishni ham zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshirsa bo‘lmaydi? Albatta bo‘ladi!

Men buni hozir oddiygina, ikki og‘iz so‘z bilan gapiryapman, lekin bu aslida juda murakkab va mashaqqatli jarayondir», dedi vazir.

Qayd etilishicha, aynan shu mashaqqatli ishni amalga oshirishni tashkillashtirish va muvofiqlashtirish uchun Prezidentning 2020 yil 28 apreldagi qarori bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida «Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi» davlat muassasasi tashkil etildi.

Hukumatning tegishli qarori (2020 yil 25 iyundagi 409-son) bilan ushbu Markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga mana bugun roppa-rosa bir yil bo‘ldi.

«Elektron hukumatni rivojlantirishni hech qachon bir shaxs yoki bir tashkilot amalga oshira olmaydi. Elektron hukumat go‘yoki bir katta zanjir bo‘lib, har bir vazirlik, idora va tashkilotlar axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari uning elementlari hisoblanadi.

Agar ushbu zanjirning biror elementi zaif bo‘lsa, zanjir uzilgani kabi elektron hukumatning to‘laqonli faoliyati uchun har bir tashkilotning raqamlashtirish darajasi yuqori darajada bo‘lishi muhim», deya ta’kidladi soha rahbari.

Prezidentning «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini tasdiqlash bo‘yicha qabul qilingan Farmoni bilan elektron hukumat bo‘yicha mingdan ortiq loyihalar belgilab berilgan bo‘lib, raqamlashtirish bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan tashkilotlar rahbarlarini mukofotlash bo‘yicha choralar ko‘rish yuzasidan ham topshiriqlar berilgan.

Vazir Shuhrat Sodiqov mamlakatimizda elektron hukumatni rivojlantirish borasida qo‘shgan hissasini e’tirof etib, kelgusida bundanda yuqori natijalarga erishishga rag‘batlantirish maqsad qilinganini aytib o‘tdi.

«Elektron hukumatni qurishda har biringizning o‘rningiz beqiyosligini yana bir bor ta’kidlagan holda, Sizlarni bu borada olib borayotgan ishlaringizda, amalga oshirayotgan loyihalaringizda muvaffaqiyat va ulkan zafarlar tilayman.

Biz Sizlarni doim qo‘llab-quvvatlaymiz, ko‘maklashamiz va albatta rag‘batlantirish yuzasidan choralar ko‘rib boramiz», dedi vazir.

Eslatib o‘tamiz, mazkur marosimni quyidagi havola orqali onlayn kuzatish mumkin:

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring