Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Elektron hukumat markazi bir yillik faoliyatini sarhisob qildi (video)

Elektron hukumat markazi bir yillik faoliyatini sarhisob qildi (video)

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston jadal sur’atlarda rivojlanayotgan mamlakat bo‘lib, 35 mln.dan ziyod aholisining 22,5 mln.dan ortig‘i internet foydalanuvchilari hisoblanadi.

Bugun ilg‘or axborot texnologiyalari tufayli aholi, biznes va davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda qulayliklar yaratish, boshqaruvda adolatu shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaning oldini olishda eng yaxshi ko‘makchi bu elektron hukumatdir.

2020-yil 28-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazini tashkil etish vazifasi belgilangan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-iyundagi 409-son qarori asosida Markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga davlat rahbari tomonidan elektron hukumat sohasidagi muhim hujjat – «Raqamli O‘zbekiston – 2030» Strategiyasi tasdiqlandi.

Markazning bir yillik faoliyati munosabati bilan elektron hukumat doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi jamlandi. Quyida ular bilan qisqa fakt va aniq raqamlarda tanishishingiz mumkin.  

Elektron hukumatning Idoralararo integratsiya platformasi takomillashtirilib, davlat organlarining 120 dan ortiq axborot tizimlari va xizmatlari o‘rtasida oyiga o‘rtacha 100 milliondan ziyod axborot almashinuvi amalga oshirilmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlar 2020 yilga nisbatan 2 baravar, 2019 yilga nisbatan esa 7 baravar ko‘pdir.
Bu jarayonlar inson omilini kamaytirib, korrupsiyani yo‘qotishga, adolat va shaffoflikni ta’minlashga ko‘maklashadi.

Barcha axborot tizimlari va elektron davlat xizmatlariga kirish «kaliti» sanalgan OneID (yagona identifikatsiya tizimi) esa 1 milliondan ziyod ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarga 70 dan ortiq axborot tizimlariga kirish imkonini bermoqda.  Foydalanuvchilarning ro‘yxatdan o‘tishi yanada sodda va qulay bo‘lishi uchun 2020 yilda tizimning yangi talqini ishga tushirildi.

Davlat xizmatlaridan foydalanishning yagona nuqtasi bo‘lgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali elektron hukumat infratuzilmasining muhim tashkiliy qismidir. Bugun portal orqali aholiga 260dan ziyod elektron xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Joriy yil boshidan 2 milliondan ortiq arizalar qabul qilingan bo‘lib, bu nafaqat vaqt, balki moliyaviy xarajatlarni ham tejamoqda.

Elektron hukumatning Axborot tizimlari va resurslari yagona reyestri orqali 29 ta tashkilotning 93 ta axborot tizimlari loyiha-texnik hujjatlarini kelishish, ular bo‘yicha xulosalar olish jarayonlari avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshirilgan.

Yana bir muhim loyihalardan biri Ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri hisoblanadi. Hozirda tizim orqali 41 ta klassifikatorni alohida veb-servis orqali integratsiya qilib, onlayn yuklab olish hamda mas’ul davlat idoralari tomonidan yangilab borish imkoniyati mavjud.

Elektron hukumatning Yagona billing tizimi orqali yil boshidan beri umumiy qiymati 974 million so‘mlik 8,4 milliondan ortiq tranzaksiyalar amalga oshirildi. Ushbu tizim davlat bojlari va yig‘imlarining to‘lov hujjatlarini shakllantirish, to‘lovlar shaffofligini oshirish imkonini beradi. 2021 yilda Yagona billing tizimining yangi talqini ishga tushirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portaliga (data.gov.uz) 149 ta davlat idoralari tomonidan 20 ta soha bo‘yicha 11 mingdan ortiq ma’lumotlar to‘plami joylashtirilgan. Ular qulay ilovalar, ijtimoiy va tijorat xizmatlarini yaratishda muhimdir. Sohani yanada rivojlantirish maqsadida portalning yangi talqini ishlab chiqilib, sinov tariqasida ishga tushirildi (data.egov.uz).

Raqamli rivojlanish darajasi reytingini shakllantirish bo‘yicha Nis.uz axborot tizimi yordamida 107 ta davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda hududlaridagi 203 ta tuman va shaharlarning raqamli transformatsiya darajasi ko‘rsatkichlari – «yashil», «sariq», «qizil» toifalarga ajratildi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda adolat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida bugun iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga, davlat muassasalariga raqamli texnologiyalar faol ravishda joriy etilmoqda.

Jumladan, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimini joriy etish natijasida ijtimoiy nafaqa tayinlashda 11 turdan ortiq turli hujjatlarni fuqarolardan talab qilish bekor qilinib, 1,2 milliondan ziyod oilalarga ijtimoiy nafaqa bo‘yicha moddiy yordam puli avtomatlashtirilgan tarzda ajratildi.

Tanlanma statistik kuzatuvlarni planshet qurilmalar yordamida o‘tkazish hisobiga ularning samaradorligi va ishonchliligi oshirildi, qog‘oz sarfidan to‘liq voz kechildi hamda ma’lumotlarni to‘plash vaqti 2 barobarga va ularni axborot tizimiga kiritish, qayta ishlash muddati 5-10 barobarga qisqartirildi.

Elektron soliq xizmatlari portalida (my.soliq.uz) 50 dan ziyod elektron xizmatlar joriy qilinib, soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali 12 turdagi hujjat va 27 xil hisobot elektron shaklda yuborilmoqda va soliqlar elektron to‘lanmoqda.

«Yashirin iqtisodiyot»ga qarshi kurashishda muhim yutuq hisoblangan onlayn nazorat kassa mashinalari va virtual kassalardan 100 mingdan ziyod tadbirkorlar foydalanishmoqda.

«Raqamli bojxona» loyihasi doirasida 6 ta yangi axborot tizimi va 13 ta elektron davlat xizmatlari joriy etildi. Yuklarni bojxona deklaratsiyasidan o‘tkazish vaqti 2 soatdan 5 daqiqaga kamaytirildi.

Respublika bojxona postlariga 7 mingdan ziyod nazorat-o‘lchov moslamalari o‘rnatilishi hisobiga 2-3 kungacha davom etadigan bojxona tekshiruvlari vaqtini 10-15 daqiqagacha qisqartirishga muvaffaq bo‘lindi.

«Tez tibbiy yordam» tizimi tufayli bugun chaqiruvdan shifokorlarning yetib kelishigacha bo‘lgan vaqt 2 baravar qisqardi.

Avvallari murojaat maxsus guruhga 30 daqiqada yetkazilgan bo‘lsa, hozirda ushbu ko‘rsatkich 1 daqiqani tashkil etmoqda.

Tizimda yo‘lga qo‘yilgan GPS navigatorlar yordamida tez yordam mashinalari optimal marshrutini avtomatik aniqlash, vaqt va inson resurslaridan samarali foydalanish orqali aholiga xizmat ko‘rsatish sifati oshirilmoqda.

«Elektron kundalik» tizimi har chorakda o‘qituvchilarning 20 soatgacha vaqtini tejamoqda. Shuningdek, qog‘oz ko‘rinishidagi kundalik va jurnallarning bekor etilishi hisobiga yiliga 100 million dollargacha budjet mablag‘lari iqtisod qilinishi nazarda tutilgan. Tizim orqali ota-onalar farzandining yutuq va qiziqishlarini nazorat qilishi va ta’lim jarayonida faol ishtirok etishi mumkin.

Ma’muriy huquqbuzarliklar axborot tizimi (E-ma’muriy ish) 50dan ziyod vakolatli organlar axborot tizimlari bilan integratsiya qilinib, ma’muriy bayonnoma blankasini xarid qilish uchun yiliga o‘rtacha 3,5 mlrd. so‘m, materiallarni sudga taqdim etishga transport xarajatlari uchun yiliga o‘rtacha 11 mlrd. so‘m, vakolatli organ xodimlarini sudga borib-kelish vaqti sarflamasligi hisobiga yiliga o‘rtacha 13 mlrd. so‘mning tejalishiga erishildi.

«E-XSUD» tizimi orqali sudlar faoliyatini raqamlashtirish hisobiga sudyalar va sud xodimlarining ish vaqti 7 baravargacha qisqarishiga hamda qog‘oz sarfining iqtisod qilinishi hisobiga davlat budjetidan yiliga 10,5 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ tejab qolinishiga erishildi.

Sud majlislarini videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazish hisobiga davlat budjetidan 4,1 mlrd. so‘m, fuqarolarning 16,6 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘lari tejalishiga erishildi.

Oliy sudning Interaktiv xizmatlar portali (my.sud.uz) orqali 12 turdagi elektron xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilib, fuqarolar va tadbirkorlarga nizolarni sud binosiga tashrif buyurmay masofadan hal etish imkoniyati yaratildi.

«Shaffof qurilish» axborot tizimi ishga tushirilib, qurilishga ruxsat olish, tender g‘oliblarini tanlash jarayonlari avtomatlashtirilmoqda. Tizim doirasida joriy qilingan tender platformasi yordamida umumiy qiymati 6,5 trln. so‘mlik 2,5 mingdan ziyod (2568) lotlar e’lon qilinib, unda olti mingdan ziyod (6090) quruvchi tashkilotlar qatnashdi. Tender jarayonida bir yarim mingdan (1536) ziyod lotlar (60 foizi) bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi va boshlang‘ich qiymatning 8,23 foizi yoki
527,5 mlrd. so‘m mablag‘ davlat budjetiga iqtisod qilindi. 

Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 30-tegirmon blokida avtomatlashgan boshqaruv tizimi joriy etilishi tufayli tegirmon unumdorligi 10 foizga oshdi.

Boshqa sanoat bloklarida tegirmon bloklarining to‘xtab qolish vaqti 3 foizga qisqardi hamda favqulodda to‘xtab qolish vaqtida unumdorlikni 10 foizga oshirish va quvvat sarfini 4 foizga kamaytirishga erishildi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyatida texnologik hamda xizmat transporti vositalarida GPS nazorat tizimining joriy etilishi hisobiga «Yoshlik-1» va «Qolmaqqir» konlarida ishga tushirilgan transport texnikasi tomonidan 14 ming tonna dizel yoqilg‘i-moylash materiallari tejalishiga va buning natijasida 85 mlrd. so‘mlik xarajatlar iqtisod qilinishiga erishildi.

Raqamlashtirish jarayonida tijorat kompaniyalari, xususiy sektor vakillari ham faol ishtirok etishmoqda, jumladan:

«Kapitalbank» aksiyadorlik tijorat bankining «Apelsin» mobil ilovasi (www.apelsin.digital universal to‘lov tizimi) 2020 yilda ancha ommalashib, aholi uchun mahalliy va xalqaro to‘lov tizimlari o‘rtasida konversatsiya, pulni qaytarish tizimi, o‘z onlayn hamyoni va boshqa qulayliklarni yaratdi. Ilovaning 1 milliondan (Play market) ortiq yuklab olingani hamda foydalanuvchilar tomonidan yuqori baholanishi (5 balldan Play market’da 4.7, App store’da 4,8 ball) iste’molchilar ishonchini qozonganidan dalolatdir.

«INSPIRED» mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasining «Payme» mobil ilovasi ham aholi o‘rtasida eng ommalashgan (1 milliondan ziyod yuklab olingan) to‘lov va pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi ko‘p funksional to‘lov tizimi hisoblanadi.

Mobil ilova 37 mingdan ziyod foydalanuvchilar tomonidan baholangan bo‘lib, ularning 90 foizi maksimal 5 ball baho qo‘yib, yuqori ishonch bildirishgan.

Bugun yurtimizda elektron hukumatni rivojlantirish yo‘lida: yanada qulay bo‘lgan mobil, tranzaksion va ehtiyoj yuqori bo‘lgan davlat xizmatlarini joriy etish, sun’iy intellektni qo‘llash orqali «aqlli» shaharlarni rivojlantirish, fuqarolar va davlat organlari o‘rtasidagi ma’lumotlar almashinuvida «adolat ko‘prigini» yaratish kabi bir qator istiqbolli maqsadlar mujassam.

Elektron hukumat – bu sizu biz qurayotgan shaffof kelajak!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring