Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Digital Bridge 2022: O‘zbekiston delegatsiyasi qator IT-yechimlari va startaplari bilan qatnashdi

Digital Bridge 2022: O‘zbekiston delegatsiyasi qator IT-yechimlari va startaplari bilan qatnashdi

Foto: Mitc.uz

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida «Raqamli ko‘prik 2022» (Digital Bridge 2022) xalqaro IT-forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Forumning ilk kunida «Digital Uzbekistan» taqdimoti bilan ishtirok etgan O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov mamlakatimizning axborot texnologiyalari imkoniyatlarini batafsil yoritib, barcha ishtirokchilarni O‘zbekistonda 24–27-oktyabr kunlari o‘tkaziladigan ICT Week Uzbekistan tadbirlariga taklif etdi.

Digital Bridge 2022 xalqaro IT-forumi kun tartibida Markaziy Osiyo davlatlari va Turkiy davlatlar tashkilotining AKT vazirlari va xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan raqamli texnologiyalarni megapolislarda rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari global strategiyasini kengaytirish, raqamli hukumat barqarorligi, global o‘zgarishlar davrida raqamli barqarorlikka erishish yo‘llari, davlat va biznesni raqamli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Veb3.0 ekotizimi va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish davrida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, internetda bolalar xavfsizligini ta’minlash, sun’iy intellektni rivojlantirish kabi bir qator dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi.

O‘z navbatida, mazkur tadbir doirasida Markaziy Osiyoning IT xizmatlarini xorijga eksport qilish salohiyati va unga to‘siq bo‘layotgan omillar yuzasidan fikr va mulohazalar almashildi.

Ko‘rgazmadagi O‘zbekiston IT-parki stendida mamlakatimiz kompaniyalari tomonidan IT-yechimlar va yangi startaplar o‘z hamkorlik imkoniyatlarini namoyish etishdi.

Ushbu forumda ishtirok etgan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevga O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Sherzod Shermatov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida axborot berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring