Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aloqachi futbolchilar «Oqtosh»da rag‘batlantirildi (foto)

Aloqachi futbolchilar «Oqtosh»da rag‘batlantirildi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Xabaringiz bor, shu yilning oktyabr oyida birinchi marotaba  vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari o‘rtasida «Bosh vazir kubogi» uchun futbol musobaqalari bo‘lib o‘tgandi.

Qizg‘in va murosasiz kurashlar bilan yodda qolgan mazkur musobaqaning hal qiluvchi bahslari «Milliy» stadionida o‘tkazilib, unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi jamoasi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi jamoasi o‘rtasida uchinchi o‘rin uchun, oliy sovrin uchun bellashuvlar esa Oliy sud jamoasi bilan turnir davomida ishonchli harakatlangan «O‘zbektelekom» AK jamoasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgandi. E’tiborlisi, turnirda ishtirok etgan 60 jamoa ichida aloqa sohasidan bir emas, ikki jamoa hal qiluvchi bosqichgacha yetib kelgan va bevosita sovrin uchun kurashgandi.

Kecha, 16-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyati ana shu ikki jamoani munosib rag‘batlantirdi. Avvalo, soha futbolchilariga maroqli hordiq chiqarishlari uchun «Oqtosh» dam olish maskaniga bepul yo‘llanma berildi. «Oqtosh»da o‘tkazilgan taqdirlash marosimida AKT vaziri Shuhrat Sodiqov, O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Asror Ishanxodjayev, «O‘zbektelekom» AK bosh direktori Nazirjon Hasanov va sohaning boshqa korxonalari rahbarlari ishtirok etishdi.

«Sohada sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga katta e’tibor beriladi, — dedi AKT vaziri Shuhrat Sodiqov aloqachi futbolchilarga yuzlanib. — Tizimimizda mini-futbol bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Sohaning voleybol bo‘yicha «O‘zI-Samarqand» jamoasi respublika bellashuvlarida 18 marotaba g‘olib bo‘lgan edi. Ayni paytda shu mashhur jamoa faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi. Bugun menga xabar berishlaricha, respublika bellashuvlarida ushbu jamoa yana sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritibdi. Albatta, sizlar erishgan natijalar ham bejizga emas. Birdaniga ikki jamoamizning yuqori bosqichga chiqib, sovrinli o‘rinlarni egallashi quvonarlidir. O‘ylaymanki, bu g‘alabali odimlaringiz to‘xtab qolmaydi. Eng muhimi, sportga oshnosizlar, sog‘lom hayotga bo‘lgan ishtiyoqingiz bardavom bo‘lsin».

Qiziqarli o‘tgan taqdirlash marosimda aloqachi futbolchilarga vazirlik tashakkurnomalari va qimmatbag‘o sovg‘alari topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring