Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher deraza rom ustasi edi. Bir yangilik uning kasbini o‘zgartirib yubordi (video)

22 yoshli Alisher Ro‘zmetov oilasiga ko‘mak berish maqsadida uzoq vaqt deraza romlarini yig‘ish sexida ishladi, ammo uning bolalikdan boshqa qiziqishi bor edi. Kunlarning birida u do‘stlaridan bir yangilikni eshitib qoldi. Bu esa uning hayotini o‘zgartirib yubordi.

Xabar.uz hamda IT-park hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan navbatdagi loyihada chirchiqlik frontend dasturchi Alisher Ro‘zmetovning hikoyasini e’lon qilamiz.

«Men bolaligimda harbiy bo‘lishni orzu qilganman. Chunki dadam bu sohada faoliyat yuritgan. Biroq, vaqt o‘tgach men boshqa yo‘nalishni tanladim. Ota-onamga yordam berish maqsadida deraza romlari yasaydigan sexda ishladim. Bu kasbda 4 yil mehnat qildim. Ochig‘i, yoshligimdan kompyuter texnolgiyalariga qiziqib kelganman. Ammo bu sohada bilim olishga imkoniyatim bo‘lmagan.

Bir kun do‘stlarim menga IT-markazni tavsiya qilishdi. Bu yerga kelganimda, menejerlar hamma ma’lumotlarni batafsil taqdim etishdi. Qolaversa, bu yerdagi sharoitlar ham menda katta taassurot qoldirdi.

Veb-dasturlash sohasidan Frontend yo‘nalishini tanladim. Ustozim Ulug‘bek Mirzayev menga bu yo‘nalish bo‘yicha ta’lim berdi.

To‘rt oy davomida ta’lim oldim. Dasturlash tillaridan menga JavaScript yoqdi.  Hozirda Iqro o‘quv markazida mentor bo‘lib ishlayman. Bu yerda arab, ingliz va rus tili yo‘nalishlari bor.  Hozirda xususiy o‘quv markazdan ijaraga joy olib, Frontend yo‘nalishi bo‘yicha dasturlashdan dars bermoqchiman. Hozirda kompyuter texnikalariga buyurtma berganman, ular yetib kelishi bilan darslarni boshlayman. Maqsadim bir kunda 10-15 nafar yoshlarga dasturlash bo‘yicha dars berish»,—deydi Alisher Ro‘zmetov.

Tahririyatdan: Axborot texnologiyalari tufayli hayot tarzi o‘zgarib ketgan yoshlar haqida hikoya qilishda davom etamiz. Sizning hayotingizda ham AyTi bilan bog‘liq shunga o‘xshash o‘zgarishlar sodir bo‘lganmi? Yoki shunday voqealar guvohimisiz? Telegram orqali rasmiy botimizga — @xabargayoz_bot xabar qoldiring. Keyingi qahramon siz yoki tanishlaringiz bo‘lishi mumkin!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring