Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ta’lim bepul, odatda tibbiy sug‘urta barcha tibbiy xarajatlarini qoplaydi...» – Bonn universiteti magistranti bilan suhbat

«Ta’lim bepul, odatda tibbiy sug‘urta barcha tibbiy xarajatlarini qoplaydi...» – Bonn universiteti magistranti bilan suhbat

«Xabar.uz» nashri «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz nufuzli DAAD dasturi stipendiyasi sovrindori sifatida Bonn universiteti Iqtisodiyot yo‘nalishi magistratura bosqichida tahsil olayotgan Ozodbek Ozodov bo‘ldi.

Ustozlarim sabab Germaniyaga qiziqishim ortgan

Xorazm viloyati, Xonqa tumanida tug‘ilganman. Maktab va kollejni mahalliy muassasalarda o‘qib, bakalavr bosqichini Urganch davlat universitetining Iqtisodiyot fakultetida 2020 yil tugatganman. Shu yilning o‘zida Germaniyada o‘qish istagidagi talabalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi DAAD (Germaniya akademik almashinuv xizmati) stipendiyasini qo‘lga kiritib, Germaniyaning Bonn universiteti Iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olishni boshladim.

Germaniyadagi ta’lim haqida bakalavr davrimdan yaxshi tanish edim, chunki fakultetimizda ko‘plab professor-o‘qituvchilar Germaniyada turli dasturlarda qatnashib kelishardi. Ularning hikoyalarini, tajribalarini muntazam tinglab, bu davlatga qiziqishim ortib borgan. Ustiga-ustak Germaniyada ta’lim deyarli tekin hisoblanadi, shuning uchun ham men kabi oddiy oilaning farzandi uchun Germaniya katta imkoniyatlar berishini his qilib, shu davlatda o‘qishni maqsad qilganman.

Betxovenning ona shahri

Men hozirda yashayotgan Bonn boy tarixga, Germaniyada o‘ziga xos o‘rni va nufuziga ega shahar. Bonn Germaniyaning sobiq poytaxti, mashhur bastakor Betxovenning ona shahri, insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Karl Marks singari ko‘plab olimlarni yetishtirgan universiteti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining katta ofislaridan biri joylashgan shahar sifatida ham mashhur. Bundan tashqari, Bonn shahrida o‘zbek diasporasi ham kengaymoqda. Bayramlarda muntazam yig‘ilib, o‘choqda osh damlab, kechgacha O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy hayot haqida suhbatlar qilib, vatan sog‘inchini oz bo‘lsada esdan chiqaramiz.

Kasbim bevosita jamiyat hayotiga bog‘liq bo‘lishini istaganman

Aniq va ijtimoiy fanlarga qiziqishim bolalilikdan bo‘lgan. Maktabni tugatgan paytlarim kelajakda men tanlagan kasb bevosita jamiyat hayotiga bog‘liq bo‘lishini istaganman. Iqtisodiyot aynan shunday soha hisoblanadi. Iqtisodchilarning o‘rganish ob’yekti jamiyat, insonlar va ularning hatti-harakatlaridir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, shu sohaga qiziqish paydo bo‘lgan.

Boshqa xalqlarga qaraganda nemislar kamroq emotsional

 Ta’kidlashim kerakki, nemislar juda turlicha xalq. Ularni qisqa ifodalab bo‘lmaydi, lekin albatta umumiyliklar bor. Men asosan yosh avlod nemislari bilan muloqotda bo‘laman, o‘zim tengqurlar bilan ko‘p suhbat qilaman. Aytishim mumkinki, ular juda intizomli, ijtimoiy normalarni qattiq hurmat qilishadi va ergashishadi. Qo‘shimchasiga, boshqa xalqlarga qaraganda nemislar kamroq emotsional. Buni Yevropaning boshqa davlatlariga sayohat qilganimda ko‘proq anglaganman. Bundan tashqari nemislarda o‘rta ta’lim juda sifatli bo‘lib, hatto oliy ta’limga ega bo‘lmagan nemislarda ham favqulodda keng dunyoqarashli yoshlarni uchratish mumkin. Bizdagi kollejga tenglashtirilgan ta’lim (Ausbildung deb ataladi) olgan nemislar bilan suhbatda buni yaqqol sezganman.

O‘qish bilan bir paytda ish haqi beriladigan ishda ishlashadi

Germaniyada ta’lim olish uchun tanlovlar keng va rang-barang. Bu eng birinchi ko‘zga tashlanadigan jihat. Oliy ta’limdan tashqari, kasbga tayyorlash kurslarining ham ulushi juda ko‘p. Bu ta’lim shaklida o‘qiydigan talabalar o‘qish bilan bir paytda ish haqi beriladigan ishda ishlashadi va moliyaviy mustaqil bo‘lishadi. Oliy ta’limning o‘zida esa, universitetlar ko‘p jihatdan mustaqil hisoblanadi. O‘zbekistonda kuzatganim shuki, hamma narsa markazlashgan. Bu esa universitetlarning sifatli ta’lim berishiga halaqit qiladi, ular o‘rtasida raqobat muhitini sindiradi. Shu jihatlar O‘zbekistonda ham tatbiq qilinsa, o‘ylaymanki, ta’lim sifati yanada ortadi.

Soliqlar baland va progressiv

Mening kuzatuvim shuki, Germaniya xorijlik ishchilar uchun barcha darajalarda qulay ish muhiti va yaxshi maosh taklif qila oladi. O‘rta ma’lumotli immigrantlar haydovchi, restoran, mehmonxona xodimlari va zavod-fabrikalarda texnik xodimlar sifatida ishlashadi. Qo‘shimcha ta’limga ega xorijliklar esa injiner, doktor, dasturchi, moliyachi, o‘qituvchilik, marketing kabi sohalarda ishlashlari mumkin. Aytishim kerakki, soliqlar baland va progressiv – ya’ni ko‘proq daromadlilar yanada balandroq foizda soliq to‘laydi, shu bilan birga ijtimoiy muhofaza ham yuqori darajada ta’minlangan. Ta’lim bepul, odatda tibbiy sug‘urta barcha tibbiyot xarajatlarini qoplaydi, bundan tashqari ishsizlik va boshqa muammolarga duch kelgan xorijiy soliq to‘lovchilarga davlat doim yordam beradi. Oyliklarga kelsak, belgilangan minimum oylik soatiga 9 yevrodan sal ortiqroq. Bu federal o‘lkaga qarab, bundan balandroq ham bo‘lishi mumkin. Quyi sinfga mansub ishchilar 2000 yevro atrofida maosh olishsa, yuqori ta’lim va malaka talab qiladigan pozitsiyalarda oyliklar 5-7 ming yevro atrofida bo‘lishi mumkin. Yaxshi tomoni shuki, Germaniyada ijtimoiy tengsizlik darajasi nisbatan kam bo‘lib, yuqori va quyi sinflarning ulushi juda kam. Mustahkam o‘rta sinfning ulushi esa katta.

Nemis tilini kamida muloqot darajasida o‘rganib kelish kerak

O‘zim qiynalgan jihat shuki, bizdagi ta’lim tizimi bilan Germaniyada raqobatbardosh talaba bo‘lish va ish o‘rinlariga da’vogarlik qilish birmuncha qiyin ekan. Shuning uchun Germaniyada ta’lim olishni istagan yurtdoshlarimizga maslahatim shuki, oldindan bu yerdagi ta’lim haqida ko‘proq o‘rganib, materiallar va tizim bilan tanishib olishni maslahat bergan bo‘lardim. Internet bu borada deyarli barcha savollarga javob bera oladi. Bundan tashqari, ingliz tilida tahsil oladigan talabalar ta’lim tili ingliz bo‘lishiga qaramasdan, ijtimoiy hayotga integratsiya qila olish uchun nemis tilini kamida muloqot darajasida o‘rganib, keyin kelishsa, hayot birmuncha oson bo‘ladi deb o‘ylayman.

Kareramni vatanimda davom ettiraman

Magistraturani bitirganimdan keyin bir muddat Germaniyada yashab, bu o‘lka berishi mumkin bo‘lgan barcha imkoniyatlardan maksimal foydalanmoqchiman. Sayohat qilishni yaxshi ko‘raman. Munosib ko‘rilgan ishimda ishlab, shu bilan birga Yevropa va dunyoning boshqa o‘lkalariga sayohat qilishni istayman. Maqsadim Germaniyaning iqtisodiy rivojlangan shaharlaridagi katta kompaniyalarida ishlab, o‘zim, oilam va atrofimdagilar uchun qulay hayot taqdim qilish. Bundan tashqari, O‘zbekiston va o‘zbeklar bilan bog‘liq loyihalarda mamnuniyat bilan ishtirok qilar edim. Vatandoshlar bilan bog‘liq bir nechta g‘oyalar ham bor, o‘qishni tugatganimdan keyin ularning realizatsiyasi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rmoqchiman. Vaqti kelib esa, O‘zbekistonga albatta qaytaman va kareramni vatanimda davom ettiraman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring