Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bir fikrni hamisha katta armon bilan o‘ylayman» — Prezident o‘qituvchi va ziyolilarga murojaat qilmoqda (foto)

«Bir fikrni hamisha katta armon bilan o‘ylayman» — Prezident o‘qituvchi va ziyolilarga murojaat qilmoqda (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim boshlandi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Ta’kidlash joizki, ushbu bayram ilk bor davlat rahbari ishtirokida o‘tyapti. Bu – ta’lim va tarbiya masalasi alohida ustuvor yo‘nalish darajasiga ko‘tarilganining yaqqol dalili.

 – Biz har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan bo‘lsak, bu yutuqlarda sizlarning beqiyos hissangiz borligini doimo minnatdorlik bilan e’tirof etamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev tadbirga yig‘ilgan o‘qituvchi va ziyolilarga murojaatini boshlar ekan.

Haqiqatan ham, inson tarbiyasida, kamolotida ustozlarning xizmatlari ulug‘. Bu yilgi pandemiya bilan bog‘liq qiyin sharoitda ham jonkuyar o‘qituvchilar o‘z ishini davom ettirmoqda. Aksariyat maktablarda yangi o‘quv yili boshlandi. “Onlayn maktab” loyihasi va masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yildi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bugun o‘qituvchilar ikkita frontda kurash olib bormoqda.

Yana bir e’tiborli jihati, bu yilgi tabrik ham avvalgilardan farq qilib, murojaat tarzida bo‘lmoqda.

Prezident tarixga nazar solib, IX-XII asrlarda yurtimiz hududida birinchi, XV asrda ikkinchi Renessans porlaganini ta’kidladi.

— Ko‘pchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan o‘ylayman: mamlakatimizda uchinchi Renessansni XX asrda ma’rifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Ular «Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas», degan hadisi sharifni hayotiy e’tiqod deb bildilar, — deya ta’kidladi Prezident.

O‘qituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan imzolangan farmonga muvofiq, xalqimizning ozodligi va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida fidokorlik ko‘rsatib, milliy ta’lim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qo‘shgan Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangani ma’lum qilindi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad qilib belgilanganini ta’kidladi.

— Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak, — dedi Prezident. — Bu o‘lmas meros hamisha yonimizda bo‘lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta’lim tizimini ana shunday ruh bilan sug‘orishimiz kerak.

Bayram tadbirida o‘qituvchi va murabbiylar, olimlar, parlament va hukumat vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, hududlardagi soha fidoyilari marosimni Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi studiyalardan kuzatib boryapti.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring