Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pedagoglar malaka toifa sertifikatlarining amal qilish muddatlari uzaytirildi

Pedagoglar malaka toifa sertifikatlarining amal qilish muddatlari uzaytirildi

Foto: Xabar.uz

Har yili mart-iyun oylarida pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalarini berish jarayonlari tashkil qilinmoqda. Jumladan, joriy yilda oliy va birinchi malaka toifalari hamda Bosh va yetakchi o‘qituvchi lavozimlariga talabgor 57 ming 743 nafari pedagoglarni malaka sinovlarini real vaqt rejimida va onlayn tarzda Toshkent shahri pedagoglari uchun 2-7 mart kunlari, qolgan hududlar uchun esa 25 martdan 10 aprelga qadar o‘tkazish belgilangan edi.

Ma’lumki koronavirus pandemiyasi tufayli karantin e’lon qilinib, ushbu jadvallarga o‘zgartish kiritildi. Respublikamizning 13 ta hududida (Toshkent shahardan tashqari) 56 ming 101 nafar oliy va birinchi malaka toifalariga hamda bosh va katta o‘qituvchilari lavozimlariga talabgor pedagoglar uchun malaka sinovlarini respublikadagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan keyin o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, pedagoglarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida, joriy yilda amal qilish muddati tugaydigan malaka toifasi to‘g‘risidagi sertifikatlarning amal qilish muddati 31 dekbrga qadar uzaytirildi.

Bu yilgi pedagog kadrlar attestatsiyasida pedagoglar uchun navbatdagi (majburiy) va o‘z arizalariga ko‘ra muddatidan ilgari qatnashayotgan pedagoglar bir vaqtda, ya’ni joriy yilning mart-iyun oylarida o‘tkazilishi belgilan edi.

Mazkur jarayonlarga tayyorgarlik ishlari o‘tgan yilning oktyabr oyidan boshlangan bo‘lib, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirilgan. Birinchidan, tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan pedagog kadrlar to‘g‘risidagi buyurtmalari qabul qilindi. Ular tahlil qilinib, umumlashtirildi. 112 ming 935 nafar (ulardan 57 ming 743 nafari Oliy va birinchi malaka toifalariga talabgorlar) pedagoglar to‘g‘risidagi ma’lumotlar pka.tdi.uz-elektron bazasiga joylashtirildi;

Ikkinchidan, oliy va birinchi malaka toifali hamda ushbu malaka toifalariga talabgor pedagoglar uchun o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari nazorat materiallarini ekspertizadan o‘tkazish, nazorat materiallari mazmunini malaka toifalariga mos ravishda tabaqalashtirish maqsadida 200 nafardan ortiq amaliyotchi pedagog o‘qituvchi-metodistlardan iborat ekspertlar guruhi shakllantirildi.

Uchinchidan, pedagoglar uchun qulayliklar yaratish maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan fevral oyidan boshlab barcha o‘quv fanlaridan onlayn-repetitsiyalar tashkil etildi. Onlayn-repetitsiyalar orqali attestatsiyadan o‘tuvchilar onlayn-test dasturi bilan yaqindan tanishishlari, dasturdan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishlari, o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni elektron bazaga to‘liq va to‘g‘ri kiritilganligiga ishonch hosil qilish va nazorat materiallari yo‘nalishlari bo‘yicha tasavvurga ega bo‘lishdi. To‘rtinchidan, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining hamda tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan pedagog kadrlar attestatsiyasini o‘tkazish bo‘yicha 11 ta qo‘shma qarori imzolanib ijroga yo‘naltirildi;

Shu o‘rinda Toshkent shahri pedagog kadrlari uchun o‘tkazilgan malaka sinov natijalarining tahlillari bilan tanishtirmoqchimiz. Toshkent shahrida o‘tkazilgan malaka sinovlarida 1372 nafar pedagog ishtirok etib, ularning 72 nafari uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok etmadi. Malaka sinovlarining natijalarining dastlabki tahlillariga ko‘ra pedagoglarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 59,1 ballni tashkil qilib bu ko‘rsatkich 2019 yilga nisbatan 4,7 balga pasaygan.

Toshkent shahar pedagog kadrlari ko‘rsatkichlarini 100 ballik reyting tizimi asosida tahlil qilinganda, ishtirok etgan 1372 nafar pedagoglarning 38 nafari 86-100 ballgacha, 272 nafari 71-85 ballgacha, 548 nafari 55-70 ballgacha, 514 nafari 55 balldan past natija ko‘rsatgan.

Test sinovlari natijalariga ko‘ra, 93 nafar (6,7%) pedagog oliy malaka toifasiga mos natijani qayd etgan, 461 nafar (33,6%) pedagog birinchi malaka toifasiga, 247 (18,0%) nafar pedagog ikkinchi malaka toifasiga, 571 (41,6%) nafari esa mutaxassis malaka toifasiga mos keladigan ko‘rsatkichlarni qayd etishdi.

Test sinovlari natijalarining o‘quv fanlaridan o‘rtacha ballar bo‘yicha tahlil qilinganda Kimyo fanidan 63,6 ball (o‘tgan yilga nisbatan +17,7 ball), Biologiya fanidan 56,8 ball (o‘tgan yilga nisbatan +2,6 ball), Ona tili va adabiyot fanidan 56,7 ball (o‘tgan yilga nisbatan +1,8 ball) bilan ko‘rsatkich o‘sgan. Ammo Geografiya fanidan 53,9 ball (o‘tgan yilga nisbatan -18,1 ball), Informatika fanidan 48,6 ball (o‘tgan yilga nisbatan -17,1 ball), Ingliz tili fanidan 54,7 ball (o‘tgan yilga nisbatan -13,2 ball), Tarix fanidan 49,8 ball (o‘tgan yilga nisbatan -6,8 ball) bilan ko‘rsatkich keskin pasayib ketgan.

Ma’lumki, 2021 yilda O‘zbekiston o‘quvchilari ilk marotaba o‘quvchi-yoshlar bilimlarini baholashning PISA xalqaro tadiqotlarida ishtirok etadilar. Pedagoglar mazkur tadqiqotlar o‘tkaziladigan informatika, tarix, geografiya, ingliz tili, fizika fanlaridan past ko‘rsatkichlarni qayd etishgan.

Toshkent shahrining pedagog kadrlar attestatsiyasidagi o‘rtacha ko‘rsatkichlari (59,1 ball) so‘nggi ikki yillarda pasayib ketayotganligi, ayniqsa test sinovlarida 514 nafar 55 baldan past “qoniqarsiz” natijalar qayd etilishi pedagoglarning o‘z ustida kamroq ishlayotganliklari va o‘z malakalarini oshirishga yetarli e’tibor qaratmaganliklaridan dalolat bermoqda. Shunday ekan, ushbu tahlillarni kuzatish orqali pedagoglar o‘z ustida samarali ishlab, vaqtdan unumli foydalangan holda malaka sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari maqsadga muvofiq.
Safarali Hamroyev
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat
qilish davlat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring