Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Totalitar tuzumni demokratiyaga aylantirmoqchi bo‘lgan Gorbachyov

Totalitar tuzumni demokratiyaga aylantirmoqchi bo‘lgan Gorbachyov

Kecha 30-avgust kuni SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Sergeyevich Gorbachyov 91 yoshida vafot etdi. Yoshi katta avlod Gorbachyovni iliq xotiralar bilan yodga oladi. Aslida Gorbachyov hokimiyatga kelgach nimalar qildi? Haqiqatdan ham Gorbachyov demokratik islohotlar qila olganmi?

Quyida Sovet ittifoqining so‘nggi rahbari Gorbachyovning siyosiy islohotlari haqida so‘z yuritamiz.

Hokimiyat pilla poyasiga ko‘tarilish

80-yillarning o‘rtalariga kelib, Sovet ittifoqida iqtisodiy va siyosiy holat jar yoqasiga kelib qoldi. Xasta Konstantin Chernenko vafotidan so‘ng, 1985-yilning mart oyida Siyosiy byuro bolalab borayotgan muammolarni bartaraf etish uchun yosh va layoqatli bo‘lgan Mixail Gorbachyovni Sovet ittifoqi kommunistik partiyasi (KPSS) Bosh kotibi lavozimiga sayladi.

Siyosiy byuroda Lenin va Stalin o‘gitlariga ko‘r-ko‘rona ergashadigan siyosatdonlar talaygina bo‘lib, ular davlatni qattiqqo‘llik bilan boshqarish tarafdorlari edi. Ular o‘zlari saylagan yangi Bosh kotibning kelajakda nimalarga qo‘l urushini bilganlarida uni tanlash borasida hech qanday gap-so‘z bo‘lishi mumkin emasdi. Gorbachyovning o‘zi ham Siyosiy byuro yig‘ilishida “biz siyosatni o‘zgartirishimiz shart emas, U to‘g‘ri, haq va haqqoniy siyosatdir”, deya ta’kidlagan edi. U 54 yoshida Iosif Stalindan keyin bosh kotib lavozimini egallagan eng yosh odamga aylandi.

Ilk siyosiy yurish

Gorbachyov hokimiyat kursisiga mustahkam o‘rnashib olgach, partiyadagi muhim lavozimlarga yosh avlod vakillarini tayinlay boshladi. Jumladan, Nikolay Rijkov iqtisodiyot vaziri, Viktor Chebrikov KGB rahbari, Eduard Shevardnadze (75 yoshli Gromiko o‘rniga) tashqi ishlar vaziri, Lev Zaykov mudofaa sanoati kotibi va Boris Yelsin qurilish vaziri etib tayinlandi. Gorbachyovning eng muhim raqibi bo‘lgan Grigoriy Romanov Siyosiy byurodan chetlashtirildi. Bundan tashqari, Ittifoq tarkibiga kiruvchi Respublikalardagi birinchi kotib lavozimining deyarli yarmiga yosh, bilimli kadrlar tayinlandi. Shuningdek, barcha 16 ta harbiy okrugdagi qo‘mondonlar tarkibi tubdan o‘zgartirildi. Unga bu ishlarni amalga oshirishda Siyosiy byuroda jiddiy raqobatning yo‘qligi yordam berdi. 

Gorbachyov kuchli notiq edi. U Bosh kotib sifatida saylanganidan so‘ng tez-tez yirik shahar ko‘chalarida yurib, oddiy fuqarolarning savollariga ochiq javob bera boshladi. U omma oldiga chiqib, sovet jamiyatining so‘nggi yillardagi ahvoli haqida ochiq gapirdi. O‘sha vaqtda jamiyatdagi holat ancha abgor holatda edi. Sababi odamlar juda ko‘p spirtli ichimlik iste’mol qilar, ish joylarida intizom yomon ko‘rinishda bo‘lgan. Gorbachyovning o‘zi ichmaganligi sababli spirtli ichimlik iste’molini chekladi. U sovet xalqi bilan shaxsan ko‘chaga chiqib gaplashgan birinchi rahbar bo‘ldi.

Tashqi siyosat

Gorbachyov davrida kommunistik bo‘lmagan mamlakatga birinchi tashrif amalga oshirildi. U 1985-yilda Fransiyaga bordi va uni iliq kutib olishdi. O‘sha yilning noyabr oyida birinchi marta AQSh prezidenti Reygan va Gorbachyov Jenevada uchrashdilar. Ushbu uchrashuv davomida ikki qudratli davlat rahbarlari Reyganning strategik mudofaa tashabbusi (SDI) bo‘yicha murosaga kelishdan bosh tortganiga qaramay, kelajakka yaxshi ishora qiluvchi kuchli rishtalarni o‘rnatdi.

Ikkala tomonning qo‘shma bayonotida yadroviy urushda hech bir tomon g‘alaba qozona olmasligi va hech qachon yadro qurolini ishlatishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida kelishuv imzolangan. Bu bilan Gorbachyov 30 yildan beri davom etib kelayotgan sovuq urushga barham berdi. Chunki ayni sovuq urush tufayli sovet iqtisodiyoti qulash arafasiga kelib qolgan edi. 1989 yilda Afg‘onistonda sovet armiyasi olib chiqildi.

1985-yilgacha bo‘lgan davr statistikasini ko‘radigan bo‘lsak, Sovet ittifoqi o‘zining harbiy xarajatlarini YaIMning 12 foizigacha oshirgan. Buning oqibatida tovar ishlab chiqarish muzlab qoldi.

Iqtisodiy islohotlar

Iqtisodiyotning ko‘p tarmoqlarini o‘zgartirish zarurligiga ishonch hosil qilgan Gorbachyov ilgari Xruщyev tomonidan qo‘llangan qayta qurish ishlarini o‘rtaga tashladi. 1986-yilda KPSS uni qo‘llab-quvvatladi va mehnatkashlarni «sotsialistik o‘zaro yordam va talabchanlik»ni oshirishga chaqirdi. Gorbachyov o‘z oldiga qisqa muddatda ishlab chiqarish, aholini uy-joy va oziq-ovqat bilan ta’minlash kabi muammolarni tez fursatda hal qilishni maqsad qilib qo‘ydi.

1986-yilda Gorbachyov siyosiy ochiqlik, akseleratsiya (iqtisodiy rivojlanishni tezlashtirish) va qayta qurish (siyosiy va iqtisodiy qayta qurish) dasturlarini yaratdi. 1987 yilning kuzida Gorbachyov «Qayta qurish va yangicha fikrlash mamlakatimiz va butun dunyo uchun» nomli kitobi chop etildi. Unda Gorbachyov umuminsoniy qadriyatlar ustunligi va barcha mamlakat xalqlari ularning atrofida birlashishi zarurligi haqida yozgan edi.    

Gorbachyov iqtisodiy jihatdan Xitoy variantini – siyosiy tizimni saqlab qolgan holda iqtisodiy liberallashtirishni qabul qilishga harakat qildi. Biroq, uning islohotlari natija bermadi. Sababi Sovet ittifoqi iqtisodiyotining deyarli 80 foizi davlatga tegishli bo‘lsa, Xitoyda bu ko‘rsatkich 20-30 foizni tashkil qilgan.

Axborot texnologiyalariga asoslangan sanoatlashtirishning yangi to‘lqini Sovet ittifoqini G‘arb texnologiyasi va kreditiga juda muhtoj qilib qo‘di. 1986-yilning may oyida Kooperativlar to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish va tashqi savdo sohalaridagi korxonalarga xususiy mulkchilikka ruxsat berildi.

Ammo boshlangan iqtisodiy tashabbuskorlik (ishbilarmonlik) sovet sanoatining asosi – harbiy-strategik sanoati uyoqda tursin, hattoki iste’mol mollarini ishlab chiqarishni va xizmat ko‘rsatishni ham qamrab ololmagan edi.

Qizil imperiyaning intihosi

Qayta qurishdan o‘z ahvolining yaxshilanishini kutgan xalq uning kutilmagan oqibatlariga duchor bo‘ldi. Aholi turmush darajasining yomonlashuvi va islohotlarning keskinligiga qarshi ommaviy chiqishlar ko‘lami keskin ko‘paydi. Birgina 1990-yilning o‘zida 16 million odam ishtirokida 10 mingta miting, namoyish va ish tashlash ro‘y berdi.

1991-yil 25-avgust kuni Gorbachyov KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Vazirlar Sovetini tarqatib yubordi. Buning o‘rniga SSSR Davlat kengashi Ittifoqning boshqaruv organi tuzildi. U 1991-yil 6-sentyabr kuni Boltiqbo‘yi respublikalarining mustaqilligini tan oldi.

1991-yil 25-dekabr kuni Mixail Gorbachyov Sovet Ittifoqi prezidenti sifatidagi faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi. Ertasi kuni SSSR Oliy Sovetining Respublikalar Kengashi MDH tashkil topganligi munosabati bilan SSSRning mavjudligini tugatish to‘g‘risida deklaratsiya qabul qildi.

Xulosa qilib aytganda. Gorbachyov yagona partiyaviylikni yo‘q qilish, davlat faoliyatida shaffoflikni oshirish, demokratiyani rivojlantirish asosida SSSRni saqlab qolishga harakat qildi. Lekin uning bu islohotlari jar yoqasiga kelib qolgan imperiyani saqlab qola olmadi.

 

Sardor Ali

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring