Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maldivga yordam kerak. Navbatda: Venetsiya, Sankt-Peterburg, Barselona,... (foto+infografika)

Maldivga yordam kerak. Navbatda: Venetsiya, Sankt-Peterburg, Barselona,... (foto+infografika)

Foto: «RIA Novosti»

Maldiv respublikasi rasmiylari orollar yaqin orada butunlay suv ostida qolib ketishidan mumkinligidan xavotirda. Ushbu qo‘rqinchli jarayon global isish davrida okean sathining ko‘tarilishi bilan bog‘liq. Venetsiya, Barselona, Shanxay kabi yirik shaharlar — navbatda...

Olimlar ko‘p yillar davomida har xil prognozlari bilan bizni qo‘rqitib keladilar, ammo bugunga kelib, chindan ham xavotirlar asoslidek ko‘rinmoqda. Sibirda yozda bo‘lgan o‘rmon yong‘inlari, Avstraliyadagi yong‘inlar ko‘plab hayvonlarni yo‘q qildi, ularning aksariyati Qizil kitobga kiritilgan edi. Aftidan shved eko-faoli Greta Tyunbergning iqtisodiy farovonlik uchun odamlar atrof-muhitni yo‘q qilishga tayyor ekanliklari haqida aytgan gaplari isbotini topmoqda. Aynan texnologik taraqqiyot ortidan quvish atrof-muhit inqiroziga olib kelmadimikan?! Qish qishdek  bo‘lmayotgani va aksincha, qor nimaligini bilmaydigan yurtlarda qor yog‘ishi, bir yoqda o‘ta ko‘p suv toshqinlari, bir yoqda qurg‘oqchiliklar nimadan dalolat?

Ayrim shaharlar, hatto mamlakatlar suvga g‘arq bo‘lish arafasida turibdi.

Cho‘kayotgan Maldiv

Maldiv. Foto: «Marriott Bonvoy»

Sayyohlarni o‘ziga ohanrabodek tortuvchi go‘zal Maldiv orollari butunlay yo‘qlikka ravona bo‘lishi mumkin. Bunga ikkita sabab ko‘rsatilyapti: orollar tinmay suvga cho‘kmoqda va bu jarayonni to‘xtatish uchun mablag‘ yetishmasligi.

Shu darajaga borib yetdiki, mamlakat rasmiylari xalqaro hamjamiyatdan najot so‘rashmoqda. Masalan, respublika sobiq rahbari Muhammad Nashid vazirlar kengashi yig‘ilishini bevosita «suv ostida» o‘tkazgandi. Ammo na bu aksiya, na BMTning 2019-yil dekabrida Madridda bo‘lib o‘tgan iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha muzokaralaridan bir naf chiqqan emas. Sayyoramizning eng bokira o‘lkalaridan birini qutqarish uchun hech kim cho‘ntagidan pul chiqarishni istamadi.

Balki xalqaro tashkilot (BMT) Maldivni qutqarish uchun sayyohlardan tushgan pulning o‘zi yetarli degan xayoldadir. Ammo kundan-kunga suvga cho‘kib borayotgan bu mamlakatni qutqarish uchun birgina sayyohlardan tushgan pulning o‘zi kamlik qilishi kundek ayon. Shunga qaramasdan, Maldiv tashqi ishlar vaziri Abdulla Shahid 2020-yili Glazgoda bo‘lib o‘tajak iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha muzokaralarning navbatdagi bosqichiga katta umid bog‘lagan.

Orollarni himoya qilish uchun biz qirg‘oqlarda ulkan va mustahkam devorlar tiklashimiz lozim. Bu juda qimmatga tushadi, ammo juda zarur. Barcha yerlarimizni suv yutishini indamay kutib turolmaymiz.

Abdulla Shahid,
Maldiv tashqi ishlar vaziri

Eng qo‘rqinchlisi, suvga g‘arq bo‘layotgan yakka Maldiv emas. Ko‘plab shaharlar, hatto mamlakatlar ana shu hayot-mamot masalasiga to‘qnash kelmoqda, muammoni esa hozirdanoq yechishga kirishishga to‘g‘ri keladi. Ammo qanday qilib — hech kim bilmaydi?

Okean sathining ko‘tarilishi

Olimlar hozircha faqat bashorat qilishga majbur, chunki Yerning butun maydoni bo‘ylab sayyoradagi haqiqiy dengiz sathi ko‘tarilishini hisoblash va bashorat qilishga qodir maxsus o‘lchash asboblari yetarli emas. Shuning uchun ham bir-biridan keskin tafovut qiluvchi nazariyalar ishlab chiqilgan

Birinchisi va dalda beradigan shuki, Potsdam iqlim o‘zgarishlarini tekshirish institutining 2014 va 2015-yillar orasida e’lon qilgan ma’lumotiga ko‘ra, tendensiya quyidagicha: dunyo okeani sathi uch metrga ko‘tariladi, ammo bu yuz, balki ming yillardan so‘ng yuz beradi.

Ikkinchi nazariya xavotirli: unga ko‘ra, 2100-yilga borib dunyo okeani sathi ikki metrga ko‘tariladi, keyingi 300 yilda esa yana besh metrga.. Ammo olimlarning fikricha, suv sathi Yer tortishish markaziga qarab har yerda har xil bo‘lishi mumkin. Xullas, buni faqat global isish muammosi bilan bog‘lash noto‘g‘ri, deyilmoqda.

Yangi Atlantidalar

Ayrim olimlar yaqin kelajakda suv ostida qolishi mumkin bo‘lgan shaharlar ro‘yxatini ham tuzib qo‘yishgan:

  • Venetsiya (Italiya)
  • Manxetten ( Nyu-York, AQSh)
  • Shanxay (Xitoy)
  • Iokogama (Yaponiya)
  • Odessa (Ukraina)
Venetsiya. Foto: «Twitter»

Venetsiya, masalan, dengizdan atigi ikki metr balandlikda joylashgan (hamma hududi ham emas). Agarda yuqorida aytilgan eng yomon bashorat amalga oshadigan bo‘lsa, shahar suv ostida qolishi aniq. To‘g‘ri, hozirdanoq suv uch metrgacha ko‘tarilishiga qarshi tizimlar ishlab chiqilmoqda, ammo, ko‘ryapmiz, Venetsiya yildan-yilga suv balosiga ko‘proq yo‘liqmoqda.

Bir qarashda Nyu-Yorkning ahvoli yaxshiroq — dengizdan 10 metr balandda joylashgan. Ammo shahar uchun eng muhim infratuzilma qurilmalarining ko‘pi yer ostida joylashgani nazarda tutilsa, ahvol unchayam yaxshi emasligi ayonlashadi.

Umuman olganda, dunyo okeani sathining ko‘tarilishi barcha sohilbo‘yi shaharlari uchun xavfli: Sankt-Peterburg (dengizdan balandligi 12 metr), Barselona (30 metr), Mayami (1 metr) va boshqalar uchun.

Dunyo okeani sathi ko‘tarilishidan mamlakatlar qanchagacha hududini yo‘qotishi mumkin?

Infografika: «Cawater-info.net»

Bu jarayonlarning barchasi inson faolligining mahsuli bo‘lmish global isish bilan bevosita bog‘liq. Muammoni yechish uchun sanoqligina va o‘ta qimmat choralar qolmoqda: ekotexnologiyalarni rivojlantirish, imkon qadar bo‘lg‘usi halokatlar oqibatlarini kamaytirish (sohil bo‘ylarida ulkan devorlar qurish) yoki hozir ishlatilayotgan barcha zararli texnologiyalardan butkul voz kechish. Ammo insoniyat bunga hozircha tayyor emasga o‘xshaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring