Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kichkina «katta» xo‘jayin!

Muhammadyusuf Maxmatrasuljonov

16 yosh.

12 yoshidan frilanser.

Open Data Challenge-2018 (Xakaton)ning eng yosh ishtirokchisi.

Arkon.uz ilovasi yetakchisi.

Hozirda «Grace projects» kompaniyasining VR, AR bo‘yicha  mutaxassisi.

Kichkina «katta» xo‘jayin! Hamkasblari uni shunday atashadi

12 yoshidan frilanserlik bilan shug‘ullana boshlagan jinalaksoch, sepkilli g‘aroyib bolakay omma oldida erkin so‘zlashdan tortinmasdi. O‘shanda uni tinglab turib, bolakayni «yosh bola» sanaganlar yanglishishgandi. Bolakay bularga parvo qilmadi! Kichkina yuragi bilan katta g‘oyalarni ilgari surdi. 

Texnologiya mo‘’jizalari haqidagi fantaziyalariga ishondi! Kitobni hamroh bildi, 10 yoshidan  til o‘rgandi! O‘sha bolakay bugun bir nufuzli kompaniyaning kichkina «katta» xo‘jayinidir!

Hikoyaning davomini uning o‘zidan eshitamiz.

Hozirda men ishlayotgan kompaniya – «Grace projects» jamoasida eng yosh xodim hisoblansam-da, aslida, IT sohasida 4-5 yildan buyon ishlab kelyapman. Buni tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsam, tanlovim mening sohaga tabiiy qiziqishim bilan bog‘liq. Bolaligimda turli yangiliklarga o‘chligim, yangi ixtirolar haqida ko‘proq bilishga bo‘lgan qiziquvchanligim baland edi. Shu tariqa, intilishim kuchli bo‘lganligi bois, 10-12 yoshimdan IT sohasi imkonyatlarini mustaqil ravishda o‘rganishni boshlaganman. Ya’ni, internetdan mazkur soha haqidagi ma’lumotlarni o‘rganar ekanman, ITning kelajak imkoniyatlari yanada kengligi borasidagi mulohazalar va bu bo‘yicha qanday yangiliklar qilish mumkinligi meni juda qiziqtirib qo‘ygandi. Xayolim shu bilan band bo‘ldi, qoldi! 

12 yoshimda frilanser bo‘lib ishlashga ham ulgurgan edim. 12-13 yoshimda birinchi buyurtmalarni olishni boshlaganman. Ilk bora oq-qora rangdagi, kichkina hajmli «o‘yin» ilovasiga buyurtma olganman. Birinchi daromadim o‘sha paytda 40 dollar atrofida bo‘lgan. Bu buyurtma ustida ancha qiyinchiliklar bilan  ishlaganim butun umr yodimda qolib ketgan. Chunki, bu mening ilk mustaqil ishim va soha ostonasida ilk tajribam, shuningdek, ilk mijoz bilan muloqotim edi!

Bu burilish nuqtasidan so‘ng, sekin-asta  internet orqali frilans birjalarida o‘z qobiliyatimga mos buyurtmalarni kuzatishni boshlaganman. Keyinchalik, o‘z ustimda ishlashni davom ettirib, sohaga oid turli tanlovlarda qatnashishga kirishdim. Jumladan, 2018 yilda INHA universitetida bo‘lib o‘tgan Open Data Challenge-2018 (Xakaton) – ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda ilovalar ishlab chiqish bo‘yicha an’anaviy tanlovda eng yaxshi jamoa deya e’tirof etilgan jamoa tarkibida  ishtirok etganman. Bu tadbirda biz Toshkentni kelajakdagi vizual  ko‘rinishini VRda terib chiqqanmiz. Loyiha katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. Keyin yana boshqa ko‘plab tanlovlarda qatnashib, new work (yangi ishni o‘rganishga bo‘lgan ko‘nikma mazmunida) bazamni kengaytirganman. 

2019 yilning oxirida bo‘lib o‘tgan ICTWEEK haftaligida tasodifan IT-Parkda faoliyat yurituvchi  mutaxassislar bilan tanishib qolganman. Keyinchalik, ular meni juda ko‘plab IT tanlovlariga jalb qilib, hatto, mentorlar topishimda ko‘maklashishgan. Bu orqali keng jamoatchilik bilan tanishishni boshladim, turfa odamlar bilan muloqot rishtalarini o‘rnatdim. Shunday qilib, 2021 yildan beri rasman hozirgi kungacha IT-Parkning Toshkent filiali binosida joylashgan «Grace projects» kompaniyasida VR (virtual reallik), AR (kengaytirilgan reallik) bo‘yicha mutaxassis sifatida ishlab kelyapman.

Shuningdek, bugungi kunda kompaniyaning bir-ikkita loyihalarida ham bandman. Shulardan biri bu – ARkon.uz ilovasi. Bu ilova o‘z nomi bilan mazmunan (kengaytirilgan reallik)ni nazarda tutib, kompaniya mahsulotlarini rivojlantirish hamda ularni marketing qilish bilan shug‘ullanadi. Nafaqat marketing, balki ma’lum bir kompaniyaga o‘zi haqida odamlarga ko‘proq ma’lumot berish imoniyatini taqdim etadi.

ARkon.uz ilovasi 2020 yilning oxiri, 2021 yilning boshida ishga tushirilgan bo‘lib, asosiy maqsadi – O‘zbekiston aholisiga turli kompaniyalar mahsuloti misolida AR (kengaytirilgan reallik) imkoniyatini ko‘rsatishdan iborat. Bu ilova o‘z o‘rnida kompaniya PRda ham yaxshigina qo‘l keladi. Arkon.uz ning qulay keyslaridan yana biri, arxitektura sohasi innovatsiyasi bilan bog‘liqdir. Masalan, yaqinda ayni shu yo‘nalish bo‘yicha «Golden house» kompaniyasi bilan hamkorlikda uning Infinity turarjoy majmuasi misolida katalog chop etdik. Katalog turarjoy majmuasi haqidagi ma’lumotlar, uning rendr chizmalari va loyiha QR-kodini o‘z ichiga olgan. Mijoz xaridini rejalashtirayogan turarjoyi chizmasi suratiga Arkon.uz ilovasini tutsa, ekranda qurilajak turar joyning 3D formatidagi ko‘rinishi hosil bo‘ladi.  Bu esa mijozga oddiy qog‘ozdagi homaki tasvirdan ko‘ra, ziyodroq taassurot beradi. Qolaversa, kompaniya mijozlar orasida innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlovchi kompaniya sifatida o‘z mavqeiga ega bo‘ladi.

AR dan tashqari, yana bir yo‘nalishdagi loyihamiz borki, bu – Metaverse (Metakoinot) va VR(virtual reallik). Metaverse (Metakoinot) – biz yashab turgan dunyoni virtual holatga o‘tkazilgan variantidir. Ya’ni, Metakoinot ilovasi sizga real dunyoda emas, virtual dunyoda muloqot qilish imkoniyatini beradi. Ushbu loyiha  oktyabr oyida Samarqanddagi «SOF EXPO SAMARQAND»– xalqaro ko‘rgazmalar majmuasi (Ekspo Markazi)da bo‘lib o‘tgan ICTWEEK haftaligida taqdimot qilindi.

Metakoinotning afzal tomoni shundaki, o‘sha payt haftalikka tashrif buyurolmagan ishtirokchi yoki kompaniya vakili jismonan boshqa makonda bo‘lsa-da, bu ilova orqali haftalik tadbirlarida virtual tarzda qatnashishi mumkin edi. Bu ilovaga nafaqat kompyuterdan, balki planshet, telefon va yoki istalgan zamonaviy texnologiya moslamasidan kirish imkoni bor. Yana shuningdek,  odamlar ilova orqali  bir-birlari bilan gaplashishlari ya’ni, social interaction (ijtimoiy o‘zaro muloqot) qilishlari mumkin. Ilovaga kirgan har bir odam o‘z avatari vositasida harakatlanadi. Ilova mikrafon hamda kamera funksiyalariga ega. Metakoinot ilovasining eng ahamiyatli jihati, bu xalqaro ilovadir. Ya’ni, ilova yordamida dunyoning istalgan nuqtasidan turgan holda muloqot qilsa bo‘ladi. Bunda, sohalar va foydalanish shakli bo‘yicha chegaralar yo‘q.

Har bir foydalanuvchi bu ilovadan foydalanishni o‘ziga maqbul yo‘lini topa oladi. Masalan, bu ilova  vositasida konsert va ko‘rgazma kabi madaniy tadbirlarga ham virtual tarzda tashrif buyurish mumkin. Pandemiya davri bunga yaqqol misol. O‘sha paytda bu ilova dunyo odamlariga ancha qo‘l keldi.

Pandemiya davrida dunyo istalgan vaqtda tubdan o‘zgarib ketishiga guvohi bo‘ldik. Aynan o‘sha vaqt, 2020 yilda karantin hisobiga VR,AR, Metaverse yo‘nalishlari juda katta dong taratdi, ovoza bo‘ldi! Metaverseni VR bilan rivojlanayotgani kelajak uchun juda muhim, deb o‘ylayman.

Ma’lumki, texnologiyaning bu yo‘nalishlari xususidagi farazlar 90-yillar boshidayoq adabiyotda uchraydi. Bunga yana bir yorqin misol – Jorj Oruellning «1984» asarida bu kabi g‘oyalar ko‘rsatilgan bo‘lsa hamki, bari noreallikka intilish majburiyatidan kelib chiqqan edi. Bugungi kunga kelib esa sohani kuzatsak, Apple, Meta, Facebook, Microsoft kabi dongdor kompaniyalar sohaning ayni yo‘nalishiga katta investitsiyalar qilmoqdalar. Bu degani, bu soha va uning ayni yo‘nalishi yaqin 30, 40 yillik kelajakda ham  o‘z  dolzarbligini yo‘qotmaydi.

Bugun dunyo sur’ati jadallashgan. Hayot tarzimiz borgan sari juda tezlashib ketayapti va avval ko‘proq vaqtimiz yetgan narsalarga hozir yetmay qolayapti. Chunki, butun dunyo texnologiyaning so‘nggi yutuqlari, imkoniyatlariga sozlangan. Misol uchun, Facebookdek katta korporatsiya o‘zini  Meta degan nomga o‘zgartirganini olaylik, bu soha rivoji yo‘lida juda katta turki-ki,  dunyo ham shu o‘zanda ketib bormoqda.

Kelajakdagi eng dolzarb soha shu bo‘ladi, deya e’tirof etilayotganiga qaramay, VR va Metaverse ni salbiy tomonlarini ham ko‘zdan qochirmaslik zarur. Chunki, hamma narsa me’yorida yaxshi, degandek, me’yorni yo‘qotib qo‘yilsa, «1984»ni  kuni keladi! Odamlar o‘zini o‘zi uyidan chiqmasdan o‘tirishga mahkum qiladilar! Shuning uchun, muvozanatni ushlab turish kerak! VR va Metaverse imkonyatlaridan  real hayotdan uzilmagan holda foydalanish to‘g‘ri, deb hisoblayman.

Bugun IT sohasining imkoniyatlari  o‘zini aysbergni bir qismi kabi ma’lum qilgan, xolos. O‘ylaymanki, uning asosiy imkoniyatlari hozircha yashirin, shov-shuvli yangiliklari esa hali oldinda! Kelajak kasbining kelajak loyihalari taqdimotlarida yana ko‘rishguncha! Albatta, Siz bilan kelajak loyihalarimizni xabar.uz saytida bo‘lishamiz!

Lobar Qobilova tayyorladi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring