Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Istanbulda xizmatkorlik qilayotgan jarroh ayol

Istanbulda xizmatkorlik qilayotgan jarroh ayol

foto: fotovmire.ru

Nodira oilali, 3 farzandning onasi. Bundan 20 yilcha avval Tibbiyot institutini tamomlagach, Sirdaryodagi kasalxonalardan birida jarroh bo‘lib ishlay boshladi.

– Maosh juda oz edi. Turmush o‘rtog‘im ham ishlar, ammo uch bolaga yetkazolmasdik. 2016-yili turmush o‘rtog‘imning ishxonasidan berilgan oilaviy sayohat yo‘llanmasi bilan Istanbulga keldik. Men bu shaharni sevib qoldim. Turmush o‘rtog‘imga « Ish topsam, shu yerda qolay, maylimi? Bolalarga siz qarab turasiz, men bu yerda ishlab, pul jo‘natib turaman. Yig‘ib-yig‘ib, uy olamiz», dedim. O‘sha paytlar chindan ham uyimiz yo‘q, ijarada yashardik. Bolalarimizning kattasi 14-15 yoshlarda edi. Oila boshlig‘imiz ish topishimga ishonmadi, chog‘i, ko‘ndi. Bir haftalik sayohat nihoyasiga yetib, ertaga ketamiz deb turgan kunimiz tong saharda dengiz bo‘yiga yolg‘iz o‘zim aylangani chiqdim, sohilda o‘tirgan bir turk ayoli bilan tanishib qoldim, u homilador edi. Gapdan-gap chiqib, «agar ish topsam, shu yerda qolmoqchiman», dedim. «Menikiga kel, farzandim erta-indin tug‘iladi, unga qaraysan. Erim ishbilarmon, yaxshi topadi. Senga oyiga 1000 dollar maosh beramiz», dedi u. Buni eshitib, darrov rozi bo‘ldim, chunki bu maoshni men O‘zbekistonda bir necha oy ishlab ham topolmasdim. Mehmonxonaga kelib, turmush o‘rtog‘imga qarorimni aytdim: «Men qolaman!»

U kishi O‘zbekistonga yolg‘iz o‘zi qaytdi...

Xorijlik uy xizmatkorlarining barchasi ham bir deb o‘ylaydiganlar xato qiladi. Ularning kelgan mamlakatiga ko‘ra reytingi bor. Masalan, ko‘pchilik turklar farzandlari uchun filippinliklarni, so‘ngra Afrika va Markaziy Osiyoning ayrim davlatlaridan kelgan enagalarni ma’qul ko‘rishadi. Shuning uchun bu reytingda eng yuqori o‘rinni ular egallagan.

Va albatta, ular boshqa xizmatchilarga qaraganda ko‘proq maosh olishadi. Chunki Filippin, Efiopiya, Gana, Uganda, Marokash, Tunis, Indoneziya, Nepal kabi mamlakatlar enagalari inglizcha gaplashishadi va bu tilni bolaga kichkinaligidan o‘rgatishadi. Bundan tashqari, ular tartibli va qattiqqo‘lliklari bois erkatoy turk bolalariga yaxshi ta’sir ko‘rsatishadi, bu ayollar o‘qimishli (oliy ma’lumot nazarda tutilmayapti), zukko, ertak va afsonalarga boy tarixni juda yaxshi  bilganliklari uchun bolalarning dunyoqarashini shakllantirishda ham muhim rol o‘ynar ekan. O‘zbekistonlik boquvchilar bu ro‘yxatdan joy olmagan bo‘lsalar-da, ular bolalarga qaramaydi degan xulosa kelib chiqmaydi. O‘zbekistonlik ayollar Turkiyada ko‘proq xasta va keksa yoshdagilarning boquvchisi sifatida salmoqli o‘rin tutishadi va ularni bu yerda qadrlashadi. Axir bizning ayollar «yo‘q» deyishni bilmaydigan, ochiq yuzli, mehnatkash va o‘z mamlakatida onasining qo‘lida «qaynona-qaynotangning duosini ol»? degan o‘git bilan ulg‘aygan itoatkor farzandlar-ku...

– Jarroh-doktor ekaningizni o‘zingiz xizmat qiladigan oiladagilar bilisharmidi?

– Albatta. Balki shuning uchun ham meni ishga olishgandir. Oradan ko‘p o‘tmay, Mehri (homilador ayolning ismi)ning ko‘zi yoridi. Qizi juda shirin edi, men uni tug‘ilgandan boshlab, to 8 yoshga kirguncha o‘z qizim kabi parvarishladim. Uni juda yaxshi ko‘raman, u ham meni sevib «Anne» deb chaqiradi. Ammo shu yil Mehri mening yordamimga ortiq ehtiyoji qolmaganini aytgach, u yerdan ketdim. Hozir boshqa oilada ishlayapman. Ammo izn kunlari (haftada bir kunlik dam olish) bu oiladan chiqib, Mehrinikiga uchib boraman, uning qizini – o‘zim boqqan Pinarni ko‘rmasdan yasholmayman.

– Axir sizning o‘z farzandlaringiz ham bor-ku? – deb so‘rayman, – Ularni-chi? Ularni ham sog‘inasizmi?

– Albatta, sog‘inaman. Ammo qizim va o‘g‘illarim mendan ko‘ra ko‘proq dadasi bilan bo‘lgani uchun xo‘jayinni yaxshi ko‘rishadi. Men esa Pinarni...

Turklarning har to‘rttasidan biri yo farzandi, yo qari ota-onasi uchun o‘sha uyda qolib ishlaydigan boquvchi tuta oladi. O‘rtahol oilalarda ham xasta yoki yoshi o‘tgan ota-onasi uchun boquvchi yollansa, pulni farzandlar o‘rtada bo‘lib to‘lashadi. O‘rtahol turklarning har uchtadan bittasi xorijlik tozalovchi (farrosh) xizmatidan, hech bo‘lmaganda, oyda 1-2 marta foydalanadi. Turkiyada «boquvchi», «yordamchi», «oshchi», «tozalovchi» kabi atamalar bilan uylarida 1, 2 va hatto 3-4 tagacha xizmatchini ishlatish tabiiy  hol.

Men ishlagan pullarni to‘pladik, turmush o‘rtog‘imnikini ro‘zg‘orga sarfladik. 4 yil deganda yaxshi bir uy, so‘ngra erimga mashina oldik. Bolalarimizni o‘qitdik, qizimni turmushga uzatdik, yaqinda katta o‘g‘limni uylantirdik. Agar men Turkiyaga kelib ishlamaganimda, haliyam oylikka ishlab, ijara uyda o‘tirgan bo‘lardik. Yaxshiyam keldim. Bundan hech ham afsuslanmayman. Bolalarimni yaxshi yedirib-ichirdik, kiydirdik, hech narsaga zoriqtirmadik. To‘g‘ri, men bolalarimning yonida bo‘lolmadim, 1-1,5 yilda bir borib-kelib yurdim. Qizimga yaxshi sep qildim. Endi yana 2-3 yil ishlasam, o‘g‘limga alohida uy olamiz, ana undan keyin bemalol O‘zbekistonga qaytsam bo‘ladi. Hozir 48 yoshdaman. 51-52 yoshgacha ishlasam, yetadi...

– Mehrining uyida nafaqat Pinarga, oiladagilarning barchasiga shifokorlik qildim. Buning uchun oylik maoshimga qo‘shimcha berishmasdi, charchab qolardim. Shuning uchun hozirgi ishlayotgan yangi oilamdagilar mening shifokor ekanimni bildirmaganman.

– Shunday yaxshi kasbingiz bor ekan, Turkiyada doktor bo‘lib ishlash haqida o‘ylab ko‘rmadingizmi?

– O‘yladim, albatta. Faqat bu yerda doktorlik uchun ruxsat olish uzoq davom etadigan jarayon. Shuning uchun jiddiy kirishmadim. Oilam, bolalarimni o‘ylab, o‘z kasbimdan voz kechib, begona yurtda birovlarning oilasida xizmatkorlik qildim va qilyapman. Ammo omadim kelib, yaxshi odamlarga uchradim-ki, ular meni o‘z qardoshi, opasi, singlisi kabi ko‘rdilar, aslo xizmatkor sifatida emas.

Darxaqiqat, tibbiyot sohasida o‘qigan turk vatandoshlari uchun ham ish topish amrimahol – kasalxona, medpunkt, poliklinikalar doktorlar bilan to‘la. Aksaryati nafaqaga chiqadiganlarni yillar davomida kutishga majbur. Shuning uchun yosh kadrlarning ko‘pchiligi Yevropa, AQSh, Kanada, Avstraliya kabi davlatlarga ishlash uchun ketishmoqda. Men tanigan turkiyalik tish doktorlari Ahmet va Samiya turmush qurishgach, Germaniyaga ketishni mo‘ljallashyapti. Sababi oddiy: 6 oyki, Istanbuldan durustroq ish topolmadilar, topganlari ham 1,5 yilga qadar stajyor bo‘lib ishlash taklifi bo‘ldi. Germaniyada esa ularni tayyor ish, uy va yetarli shart-sharoit, ijtimoiy xizmatlar to‘plami kutmoqda.

– Sevgan kasbingizni tashlab, bu yerlarda xizmatchilik qilganingizdan biron marta bo‘lsa ham afsuslandingizmi?

– Afsuslangan paytlarim bo‘ladi. Turkiyada oyiga ishlab topadiganing 800-1000 dollarlik ish – 24 soat davomida tanangni siqib turadigan korset taqib yurishdek gap. Aytilgan ishlarning hech birini unutmasdan, oyoq uchida yurib, o‘rni-o‘rnida bajarish, yuzingga otilgan kir kiyimlarni yig‘ib olib yuvish, dazmollash, ba’zan kechalari yotgan joyingdan turib, uy egalarining istaklariga ko‘ra, biror ichimlik olib borib berish yoki kasal bo‘lsa, unga qarash, tongga yaqin bir oz mizg‘ib olgach, yana ishga tushib ketish... Ba’zan o‘z shahrimdagi kasalxonada qanday qilib jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazganlarimni eslayman va hatto o‘zimni haqiqiy operatsiyada kabi his qila boshlayman... Ammo men allaqachon o‘z tanlovimni qilib bo‘lganman. Istanbuldaman.

Ba’zan g‘alati fikrlar keladi xayolimga. Go‘yo men ikki hayotni yashayotgandekman. Bu yerga kelsam, O‘zbekistondagi oilam mendan uzoqlashadi. O‘zbekistonga borsam, bu yerni unutgandek, xuddi Turkiyada hech ham yashamagandek bo‘laman... Har gal O‘zbekistonga borganimda, farzandlarim ancha ulg‘ayib qolgan bo‘ladi, go‘yo o‘z bolalarim o‘rniga birovning bolalarini keltirib qo‘yishgandek tuyuladi. O‘ng‘aysizlanaman. Ularga faqat Pinarim haqida gapiraman. Bir kuni katta o‘g‘lim: «Oyi, rostini ayting, Pinar bizning singlimizmi?» – dedi. Rashk qilyapti, deb o‘yladim.

 – Pinar haqida gapirganingiz kabi mening o‘qishim, hayotim haqida so‘rasangiz, xursand bo‘lardim, oyi, siz men haqimda hech narsa bilmaysiz-ku? Iltimos, yanagi safar kelganingizda Pinarni o‘sha yerga «tashlab» keling!

O‘g‘lim bilan bo‘lgan o‘sha kungi suhbat hayotimdagi eng katta saboq bo‘ldi. Shuncha pul topdim, bolalar qiynalmasin dedim, ularning istaganini sotib oldim, o‘qitdim, kiydirdim, yedirdim. Ammo bularning hech biri bolalarim uchun muhim bo‘lmagan ekan, ular ota-ona bilan birga kechiradigan vaqtnigina qadrlar ekan, xolos.

Suhbatimiz shu yerga kelganda, Nodira ketishga chog‘landi.

– Uyga tezroq yetib olay. Birozdan bu yerlarda polis nazorati boshlanadi. Yashash ruxsatnomamning muddati tugagan, haligacha cho‘zdirganim yo‘q. Ushlab olishsa, deport markaziga jo‘natib yuborishadi. Bu yerda ishlash qiyin bo‘lib qoldi, qonunlar o‘zgardi. Balki tez orada uyga qaytishimga to‘g‘ri kelib qolar. Kim biladi deysiz?

Nodira shoshgancha men bilan xayrlashdi va bir marotaba ham ortiga o‘girilib qaramasdan tor ko‘chalardan birida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

R/S: Vatanda turib muhojirlik qismatini tasavvur qilish qiyin. Ba’zan internetda ayrim erkaklarning muhojir-ayollar haqidagi istehzoli postlarini o‘qib qolaman. O‘z xalqi ayoli, Onasiga berilgan bahodek tuyuladi ular menga. Har kim o‘z qismatini o‘zi yashab o‘tadi, boshqalar uning yukini aslo his qila olmaydilar. Turkiyada ishlab yurgan o‘zbekistonlik ayollar yelkasidagi yuk esa oila, farzandlar oldidagi mas’uliyatdir. Bu yukni ba’zan hatto muhojir ayollar haqida ilmoqli postlar qo‘yayotgan o‘sha ayrim erkaklar ham ko‘tara olmaydi.

                                             Sabohat Rahmon, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring