Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ikki yosh filolog yaxshi daromad olish yo‘lini topishdi. Qanday qilib?

Ikki yosh filolog yaxshi daromad olish yo‘lini topishdi. Qanday qilib?

Foto: «it-park.uz»

Yaqinda Buxoroda aholiga IT-mutaxassisliklarni hamda kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni o‘rgatishga mo‘ljallangan yangi IT-markaz o‘z eshiklarini ochgan edi.

Ochilish marosimida biz buxorolik yosh va iqtidorli mutaxassis Mironshoh Mustafayev bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik. U suhbat davomida qanday qilib IT-sohasiga kirib kelgani haqida so‘zlab berdi.

Mironshoh Mustafoyev 24 yoshda, Buxoro davlat universitetining ingliz filologiyasi fakulteti bitiruvchisi. Shuningdek, u «WebClass» (onlayn ta’lim) nomli loyihaning hamasoschisi hamda IT Park inkubatsiya va akseleratsiya dasturining ikkinchi bosqichi startapchilaridan biri.

— Sizda ta’lim yo‘nalishida platforma yaratish g‘oyasi qayerdan paydo bo‘ldi?

— Men hamkasbim Sardor bilan ingliz filologiyasi fakultetida birga o‘qidik. Biz chet tillari bo‘yicha repititor sifatida ishlab, daromad oluvchi ko‘plab do‘stlarimiz borligini bilardik. Shuni hisobga olgan holda, sherigim o‘qituvchilar har kimni onlayn tarzda, erkin grafik asosida o‘qitishi mumkin bo‘lgan ta’lim platformasini yaratish haqida o‘ylardi. Boshida men bunga qarshi edim, chunki o‘sha paytlar O‘zbekistonda internet juda sust ishlar va qimmat edi. Lekin asta-sekin internet sifati yaxshilanib, narxlar esa pasayib bordi.

Loyihani, dastavval, Buxoroda ishga tushirdik. Biz o‘qitishni IMO mobil ilovasida boshladik, chunki u vaqtlar Zoom hali juda mashhur emas edi va Skypeʼdan faqat kompyuteri borlar foydalana olardi. Biz juda past narxga, deyarli bepul ta’lim berdik. Biz faqat bu qanday samara berishini ko‘rishni istadik. Taxminan 4-5 oydan so‘ng, odamlar munosabat va qiziqish bildira boshladilar. Biroq onlayn ta’limning mohiyatini tushunadigan investorlarni topish biz uchun qiyin edi, chunki o‘sha paytda hech kim pandemiya yaqin orada boshlanishi va hamma narsa onlayn rejimga o‘tishi haqida o‘ylamagandi.

— Loyihani qanday qilib ishga tushirdingiz?

— G‘oyaning o‘zi 2018 yilda tug‘ilgan, 2019 yil yanvar oyida uni takomillashtira boshladik, fevral oyida esa, biz o‘z saytimizni yaratdik. Dastlab, do‘stlarimizni to‘pladik, operatorni yolladik va biznesni boshladik. Loyiha boshida bizda deyarli hech qanday ish haqi yo‘q edi. Biz hammamiz oddiy talabalar edik, xolos. Mukammal platformani 6 oy ichida yaratishga muvaffaq bo‘ldik. Ammo ayni damdagi platformamizni ham 100 foiz kamchiliklardan xoli, deb ayta olmaymiz. Chunki hali ham bajarishimiz kerak bo‘lgan, amalga oshirilmagan g‘oyalarimiz bisyor. Bundan tashqari, platforma haligacha TAS-IX tarmog‘ida ishlamaydi.

— Loyihani ishga tushurish uchun jamoada qancha odam bor edi?

— O‘sha paytda hammamiz ham startap nima ekanligi haqida muayyan tushunchaga ega emas edik, lekin intiluvchan bo‘lganligimiz sababli ko‘pchilikda loyihamiz qiziqish uyg‘otdi. Avvaliga jamoada 10-15 kishi bor edi, ular orasida musiqachilar, fotosuratchilar va filologlar ham bor, barchasi talaba edi. Biroq hammamiz universitetni tugatib, turli yo‘llardan ketdik.

— Qanday muammolarga duch keldingiz?

— Bizning asosiy muammo – bu investor topish bo‘lgan, deyish mumkin. Investorlar bilan bog‘lanish va umuman, loyiha ishlayotganligini isbotlash juda qiyin edi. Biroq, pandemiya boshlanganidan so‘ng, investorlarning o‘zlari bizni chaqirib, ishlarimiz qanday ketayotganini so‘ray boshladilar.

Bundan tashqari, dastlabki bosqichda hech kim bizga ishonmadi, chunki bizda narxlar past edi. Hech kim bu loyihaning kelajagini ko‘rmadi, hatto biz umidsizlikka tushgan paytlar ham bo‘ldi. Men va mening sherigim Sardor yolg‘iz qolgan edik, biz ham operator, ham o‘qituvchi vazifasini bajarishimiz va kirish darslarini o‘zimiz bajarishimiz kerak edi. Men bu loyihani qo‘llab-quvvatlashga harakat qildim, chunki men Sardorni yolg‘iz qoldirolmadim. Mana 6-7 oy o‘tib, biz nihoyat daromad oldik.

— Ikki filolog qanday qilib platforma yaratishga muvaffaq bo‘ldi?

— O‘sha paytda, men IT sohasiga qiziqmas edim, saytlar yaratishdan esa, umuman xabarim yo‘q edi. Sardorning boshlang‘ich tajribasi bor edi, u videolar yaratish, tahrirlash, saytlar, dasturlar qanday yozilishini bilardi. Saytimizning ilk prototipini Sardorning o‘zi yaratgan, chunki dasturchilarga haq to‘lash uchun mablag‘imiz yo‘q edi. U WordPress shablonlaridan foydalanib, barchasini o‘zi yaratdi.

— Birinchi mijozlaringiz kim edi?

— Bizning ilk mijozlarimiz chet eldagi o‘zbek diasporasi bo‘ldi. GreenCardʼni qo‘lga kiritgan, AQShda yashaydigan, ammo ingliz tilini bilmaydigan hamyurtlarimiz bor. Shuningdek, Rossiya, Koreya, Germaniya va boshqa mamlakatlardagi o‘zbekistonliklar uchun narxlarimiz juda past, bundan tashqari, bizning o‘qituvchilarimiz har doim erkin grafik asosida ishlaydi. Shuning uchun, mijozlarimiz o‘zlarining o‘quv dasturlarini tuzishlari hamda qachon va qanday ketma-ketlikda o‘rganishlarini hal qilishlari mumkin. Bu kech tun yoki erta tong bo‘ladimi, bizning o‘qituvchilarimiz ular uchun saboq berishga tayyor.

— «WebClass» ayni kunlarda qaysi bosqichda turibdi?

— Bugungi kunga qadar, platformamizda 200 dan ortiq bituruvchi ta’lim oldi, 25 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda va ayni damda 60 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. O‘ylaymanki, bugungi kunda biznesimiz muvaffaqiyatga erishyapti, men bunday daromadni kutmagan edim. Pandemiya davrida odamlar «WebClass»ga katta qiziqish bildirishdi, chunki biz doimo sifatga e’tibor qaratamiz.

Men o‘zim ham dars berganman, shuning uchun har bir o‘qituvchini shaxsan tanlab olaman. Darslarning sifati haqida savollar bo‘lishi mumkin ham emas. Shu tufayli, biz «sarafan marketing»dan foydalandik hamda Koreya, Amerika va boshqa mamlakatlardagi ko‘plab talabalar bizning kurslarimizni boshqalarga tavsiya qila boshladilar. Endi «WebClass» muvaffaqiyatga erishmoqda va biz uni kengaytirishimiz va ta’lim platformamizning kam-ko‘stini to‘ldirishimiz mumkin.

— Sizda investor bormi yoki loyiha buyurtmalar hisobiga daromad ko‘radimi?

— Hozirda, taklifimizni qachonlardir rad qilgan, ammo keyin loyiha naqadar istiqbolli ekanligini anglagan investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. IT Park tomonidan katta yordam taqdim etilmoqda, ular biz uchun yaxshi investorlar izlaydilar. Shuningdek, «WebClass» «OneMillionUzbekCoders» loyihasi doirasida buxorolik informatika o‘qituvchilarini o‘qitish dasturining bir qismi bo‘ladi.

— Siz loyihangizni Buxoroda boshladingiz, bugungi kunda uni respublika miqyosida, deb hisoblay olasizmi?

— O‘ylaymanki, uni allaqachon global deb atash mumkin. Buxoroda biz ushbu loyihani noldan, hech narsasiz boshladik. Hatto, internet uchun o‘qituvchilarimiz cho‘ntagidan pul to‘lashdi. Oktyabr oyida Toshkent, Samarqand, Namangan va hatto, Koreyadan o‘qituvchilar ham bor edi. Biz o‘qituvchilarga e’tibor qaratamiz, ular frilanser sifatida sifatli ish qilishlarini xohlaymiz. O‘qituvchilar yuqori maoshga ega emasligi sababi – bu kasb juda mashhur emas. Lekin biz ular uchun frilanserlar sifatida pul topish va butun dunyoga ta’lim berish imkoniyatini yaratmoqdamiz, masalan, bizning o‘qituvchimiz Jahongir nemis tilini rossiyalik bolalarga o‘rgatadi. Shuningdek, qirg‘izistonlik talabani o‘qitadigan koreys tili o‘qituvchisi ham bor.

— Kelajakdagi rejalaringiz qanday?

— Boshidanoq biz «Skyeng» analogini yaratmoqchi edik, shuningdek, Markaziy Osiyo, Rossiya va boshqa mamlakatlar bozorlariga kirishni maqsad qilganmiz. Maqsadimizga yetish uchun dastlabki qadamlar, allaqachon, bizning davlat tomonidan amalga oshirildi — televideniyada onlayn darslar bor, onlayn ta’lim platformalar yaratilgan. Biz nafaqat qo‘shni bozorlarni, balki xorijni ham qamrab oldik. Bundan tashqari, TAS-IX zonasida yuqori sifatli analog video oqimini yaratmoqchimiz, bu o‘z navbatida talabalarimiz uchun internet xarajatlarini tejash imkonini beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring