Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘ijduvon. «Kichik bozor»ning katta ozorlari...

G‘ijduvon. «Kichik bozor»ning katta ozorlari...

Foto: «Xabar.uz»

O‘tgan yilning adog‘ida «G‘ijduvon dehqon bozori» 120 milliard so‘m mablag‘ evaziga qayta tiklanib, foydalanishga topshirildi. To‘qqiz gektardan ko‘proq maydonni egallagan mazkur bozor 1880 o‘ringa mo‘ljallangan. Undan tashqari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarga mo‘ljallangan 3 blokli 2 qavatli savdo majmuasida qator do‘konlar mavjud. Majmuaning yerosti qismi ham ko‘zni quvontirgudek qiyofaga kirmoqda. Biroq...

Foto: «Xabar.uz»

Yangi bozorda eskicha usul: ko‘cha savdosi

Milliy uslub tiklangan mazkur yirik bozorning old-yon tomoni hamda katta avtomobil qatnov yo‘li yonidan o‘tuvchi piyodalar yo‘lakchalari esa o‘sha-o‘sha, eskicha ko‘rinishda: ko‘cha savdosi bilan shug‘ullanuvchilar bilan gavjum.

Foto: «Xabar.uz»

Bildirilishicha, tadbirkorlarning ayrimlari to‘lov talab qilinmasligi uchun shu joyni afzal bilishadi. Ayrimlari esa mutasaddilarga murojaat qilishiga qaramay, ularga imkoniyat yaratib berish haqida hech kim bosh ham qotirmaganidan arz qilishadi. Yozda chang, qishda loy yerlarda savdo qilib kelishmoqda. Ko‘chalarda savdo qilayotgan savdogarlarga esa buning qizig‘i yo‘q.  

Bizga keraksiz buyumdek muomala qilishadi. U yoqdan-bu yoqqa, bu yoqdan-u yoqqa quvishadi. O‘zi kunimizni zo‘rg‘a ko‘ramiz. Biz majburlikdan savdoga chiqamiz. Bugun ikki ming so‘m topib, uyga bitta non olib kirishni o‘ylaymiz, xolos. Yangi majmuada savdo qilish uchun ijara pulini to‘lashga esa bizning qurbimiz yetmaydi, — deydi shu yerda tirikchilik qilayotganlardan biri.

Foto: «Xabar.uz»

Bir necha yildan buyon ko‘cha savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan G.Ahmedova esa tumanda ish yo‘qligi, oilaviy sharoiti tufayli  savdo bilan shug‘ullanib kelayotganini  aytadi.

Ular orasida bozorda o‘rin-joy bilan ta’minlangan bo‘lishiga qaramay, urush-janjal ko‘tarib, qog‘oz qutilaru turli yaroqsiz matolar savdosi bilan  shug‘ullanishdan to‘xtamayotganlar ham yo‘q emas.

Yangi majmuadan savdo uchun o‘rin-joy olganman. Ammo u yerda savdo yo‘q. Shu sabab bu yerda savdo qilaman. Kerak bo‘lsa, olsin o‘sha joyni! — deydi yaqindagina dehqon bozorining ochilishida maxsus kiyimlar kiyib, shukronalik va’zini o‘qigan non sotuvchilaridan biri.

«Stoyanka»dagi tomoshalar

Bozorining old tomonida, qariyb yarim gektar joyni egallagan va foydalanishga topshirilgan avtoturargoh xizmatidan sanoqli avtomashinalar egalarigina  foydalanmoqda.

Yangi avtoturargohga mashinalarimizni kiritolmaymiz. Har kuni avtoturargoh atrofini ko‘cha savdosi bilan shug‘ullanuvchilar bosib ketadi, bu esa mashinalarning kirib-chiqishiga halal beradi, — deyishdi 10-15 metr naridagi yo‘llar bo‘yidan «stoyanka» sifatida foydalanayotgan avtomashina egalari.

Foto: «Xabar.uz»

Bozor qarshisida avtomobillar harakati shu darajada o‘z holiga tashlab qo‘yilganki, yo‘l yoqalab piyodalar uchun mo‘ljallangan ko‘chadan yursangiz, o‘zingizni serqatnov trassadan yurgandek his etasiz. Turnaqator mashinalar «stoyanka»ga mayda-chuyda savdo nuqtalarini birga qo‘shsangiz, yo‘l-yo‘lakay «katta savdo marketi»ni ko‘rasiz. Taksistlar esa piyodalarni pisand qilmay, kimo‘zarga mijoz ovlashadi...

Foto: «Xabar.uz»

Ko‘rkam qiyofa kasb etib turgan yo‘l yoqasidan bozor darvozasigacha bo‘lgan hududni kim nazorat qiladi? Ichki ishlar bo‘limi, yo‘l harakati xavfsizligi  bormi bu atrofda?

Bozormi yo ozormi?

«G‘ijduvon dehqon bozori» orqa tomonida joylashgan va qariyb 2 gektardan ziyod joyni egallab turgan «kichik bozorcha» xarob ahvolda. Bir nechta savdo rastalarini o‘z ichiga olgan ochiq ayvon ostida dehqonchilik mahsulotlaridan tashqari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar savdosi ham qalashtirib tashlangan. Atrof axlatlar uyumi bilan to‘lib-toshgan. Uzr-ku, hojatxonadan bir necha qadam narida biri-biriga qarama-qarshi joylashgan (antisanitar ahvoldagi) oshxona va kabobxona ta’bni xira qilmay qo‘ymaydi.

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

Maktabda o‘qigan vaqtimizda biologiya fanidan xujayralar, mikroblar, bijg‘ituvchi xususiyatidagi infeksiyalar haqida ko‘p eshitardik. Bozorchaning savdo rastalaridagi sariyog‘, sut mahsulotlari, qandolat, shirinliklar bilan ochiq-sochiq savdo qilinishi, ularning chang-to‘zon, rastalar oralab o‘tgan yo‘laklar ustida bemalol savdo qilinishini turli kasalliklar keltirib chiqarmasligiga kafolat yo‘q...

Savdo yo‘lakchalari loy, mahsulotlar oyoq ostida. Anchadan buyon farroshlar bu tomonga mo‘ralamagani shundoq bilinib turibdi. Ajab, tuman sanitariya bo‘limi shu ahvolda ko‘rishganmikan?

Foto: «Xabar.uz»

Bozorcha tartibsiz, yong‘in xavfsizligi va sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Bundan tashqari,  shu kichik bozorchani elektr energiya bilan ta’minlaydigan transformatorlar atrofi o‘ralmagan. Yaroqsiz metall buyumlari va temir do‘konlar pala-partish tashlab yuborilgan. Transformatorning shundoq yonida odamlarning savdo qilishi uchun qo‘lbola sharoit qilib berilganini ayting....

Foto: «Xabar.uz»

«G‘ijduvon dehqon bozori» rahbari Rasul Nasimovning o‘zini tutishicha, yangi bozori tiklangandan buyon bu bozorchaga «yo‘li» tushmagan ko‘rinadi. Achinarli manzarani xuddi birinchi marotaba ko‘rayotgandek atrofidagi sotuvchilarga o‘shqirib qo‘yadi. Keyin sal hovuridan tushgannamo: «Bu bozorcha tez kunda buziladi. O‘rnida avtoturargoh barpo etiladi», deydi g‘alati ohangda.

Foto: «Xabar.uz»

Savol tug‘iladi: bozor ma’muriyati joylashgan binoning ro‘parasidagi yap-yangi avtoturargohda bemalol qovun savdosi bilan shug‘ullanib turishibdi. «Yengil konstruksiyali qurilma do‘konlar yiqitiladi» deb, shundoqqina ko‘z oldidagi qovun «sayl»larini ko‘rmayotgan bozor rahbari yana qanday  avtoturargohni mo‘ljallayotgan ekan?!

«Buzilmaydi, quring...» deyishgandi

Yangi bozor tiklanishi jarayonida biz, qariyb, 180 nafarga yaqin tadbirkorlarning savdo qilishimiz uchun joy masalasi muammoga aylanib qolgandi. Kichik bozorcha atrofidagi yo‘l va yo‘laklarda savdo qilishimizga to‘g‘ri kelgan. Biroq mutasaddilar ayvon atrofida yengil konstruksiyali qurilmalar, ya’ni akfali yopiq do‘konlar qurishimizga og‘zaki ruxsat berishdi. «Buzilmaydi, quring, keyin hujjatlashtirib beramiz», deyishganiga ishonib, 30-40 million so‘m sarflab, shu do‘konlarni qurdik. Endi esa «...bir kun muddatda qurilgan yengil konstruksiyali qurilmangizni bartaraf qilib, yer maydonini bo‘shatib berishingizni va yangi savdo kompleksiga ko‘chib o‘tishingiz lozimligini bildiramiz. Aks holda, nazorat qiluvchi organlar bilan kelishilgan holda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilinishi va qonuniy choralar ko‘rilishini ma’lum qilamiz», mazmunidagi «Ogohlantirish xati»ni qo‘limizga tutqazishdi, — dedi tadbirkor Hikmatulla Temirov.

Bu yog‘i qanchadan tushdi endi?!

Ijara to‘lovi baland, cho‘ntak ko‘tarmaydi...

Tadbirkorlarning iddao qilishicha, «G‘ijduvon dehqon bozori», shuningdek, atrofidagi yirik savdo majmualarining hammasida ham hali ishlar nihoyalanmagan. Do‘konlar narxi 120 million so‘mdan boshlanadi. Ijara to‘lovlari ham juda baland.

Foto: «Xabar.uz»

 Yangi qurilgan bozorda katta-katta pavilonlar qilingan. Dehqonchilik yoki oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari, nooziq-ovqat mahsulotlarga mo‘ljallangan hamma do‘konlar puli borlar tomonidangina sotib olingan. Bir oyda 5-6 million so‘mga tenglashadigan ijara pulini esa biz to‘lay olmaymiz. Hech kim bu qimmat ijara pulli do‘konlarga kirishni istamagach, bizni majburlab, ijarasini to‘lab turasan, deya kutilmaganda kran bilan kelib turib, buzaman, deyishyapti, — dedi tadbirkor Ilhom Jumayev, — Xo‘sh, bizga qani joy? Joy bo‘lmasa, qayerda savdo qilamiz?!

Bozorcha ta’mirlanadi, yangilanadi...

G‘ijduvon tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Baraka Tolibovga ko‘ra, kichik bozorchadagi ochiq ayvon ostidagi rastalar atrofidan vaqtincha foydalanish uchun o‘z mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida sotuvchilarga yengil konstruksiyali qurilmalardan do‘kon tiklashlari mumkinligi inobatga olingan. «Tez kun»da yiqitilishi «ko‘zlangan» bozorcha atrofidagi yengil konstruksiyali do‘konlar olti oycha ilgari eski avtoturargoh o‘rnida tiklangan. Bildirilishicha, tiklangan do‘konlarni qurishda  yig‘ma «Akfa»dan foydalanilgan. Ulardan uy-ro‘zg‘or xo‘jaligida foydalanish yoki sotish mumkin. Do‘konlarni tiklashda sarflangan xarajatlar hujjatlar asosida o‘rganilib, tadbirkorlarga imkoniyatdan kelib chiqqan holda ko‘maklashiladi.

Ko‘rib turibsiz, bu bozorcha ham ta’mirtalab. Achinarli ahvolga kelib qolgan. Ammo ochiq ayvonosti rastalari saqlab qolinadi. Tadbirkorlarga esa o‘tgan yilning iyul oyida vaqtincha foydalanish maqsadida har biriga 6m2ga teng yer maydonida yengil konstruksiyali do‘konlar qurishga ruxsat berilgan. O‘z mahsulotlari xavfsizligi uchun vaqtincha ekanligi juda ko‘p bor tushuntirilgan. Ammo bu bozorcha ta’mirlanmaydi yoki eski tos, eski hammomligicha qoladi, degani emas. Amalga oshilayotgan ishlar shu tadbirkorlarning o‘zi uchun, axir?!  — deydi Baraka Tolibov.

«Kredit berishsa, yangi bozorga ko‘chaman...»

Ma’lumotga ko‘ra, tumandagi yirik bozorlardan biri — Xo‘jayi jahon nomidagi buyum bozori 2015 yilda boshqa manziliga ko‘chirilgan. Ushbu buyum bozori 1000 ta o‘ringa mo‘ljallangan. Ayni paytda 150 ga yaqin bo‘sh savdo rastalari bor. Uzoq yillardan buyon ko‘cha savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan ko‘plab tadbirkorlar mavjud bozorlarning eng arzon rastalaridan ham joy olishni istashmayotganini bildirishdi. Ular orasida o‘ziga tegishli o‘rinni boshqaga ijaraga berib, o‘zi esa soliq va patent to‘lashdan qochib, ko‘cha savdosidan beri kelmayotganlar ham uchradi.

Men yosh tadbirkorman. Eski bo‘lsa ham arzonroq joydan foydalanib kelyapman. Ammo yangi rastalar uchun patent to‘lashga pulni qayerdan topaman? Hamma asabi buzilgandan gapiradi. Bir necha yil muddatga kredit evaziga berishsin, kam-kam to‘lab boramiz! — dedi o‘zini Ibrohim deb tanishtirgan yosh tadbirkorlardan biri.

Foto: «Xabar.uz»

Rastalar bepul: to‘lovlar – bozor g‘aznasiga...mi?

«G‘ijduvon dehqon bozori» rastalarida tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishish asnosida respublikaning hech bir manzilida bunday mahobatli majmua yo‘qligini tushunish qiyin emas. Bozordagi tartib, haqiqiy sharqona uslubni ko‘rib, havas ortadi. Meva-chevalar, qandolat va poliz mahsulotlari xech kimning e’tiborini tortmay qolmaydi. Bu bozorga tushgan odam, tezroq qochishga urinmaydi, usti-boshi iflos, chang-tuzon holatda yurmaydi.

Biroq rastalar sanoqligina sotuvchilar mahsuloti bilan to‘ldirilgan. Topshirilgan bo‘lsa-da, egasi ko‘cha savdosidan ortmaydigan bo‘sh rastalar, deyarli, ko‘p. Har  bir sotuvchiga 1,2 m2 joy berilgan.

174-rastadan joy oldim. Ko‘chmayman, chunki arzimaydi! Mahsulotlarimizning o‘ndan biri ham sig‘maydi bu yerga! — dedi ho‘l meva sotuvchi ayollardan biri.

Mazkur bozor foydalanishga topshirilgach, qiziqishi sababli rastalardan birida savdo qilish imkoniga ega bo‘lgan bir ayol o‘zini tanishtirish asnosida qo‘limizga to‘lov qog‘ozi tutqazdi. Unga bozor ma’muriyati tomonidan belgilangan miqdordagi to‘lov amalga oshirilsa, unga rastadan joy ajratilishi bildirilgan. (Aslida, rastalardan foydalanish bepulligi ma’lum qilingan).

Foto: «Xabar.uz»

Bunday «to‘lov varaqasi», ya’ni kvitansiyalar egalari birpasda bir nechtaga ko‘paydi. Bozor rahbari Rasul Nasimov bozor g‘aznasiga kirim qilingan bu to‘lov varaqlarini dam «chek», dam «patent» va nihoyat, o‘tgan yildan qarzdorliklar, deb izohladi. Manbaaga ko‘ra esa, sotuvchilar tomonidan kunlik to‘lovlar amalga oshirilgan.  Ko‘pchilikdan bir xil — 1 million 216 ming so‘mdan mablag‘ undirilgan kvitansiyalarda «iyul, avgust, sentyabr, oktyabr, noyabr, dekabr oyi uchun to‘lov» deb ko‘rsatilgan.

Men hech qachon bozorda savdo qilmagan bo‘lsam. Hatto o‘tgan yilning noyabr oyida to‘lov varaqasida oylik to‘lov yozib qo‘yamiz, deyishganiga ham rozi bo‘ldim. 900 ming so‘m to‘ladim. Ammo uch oydan buyon sarsonman! Pulimni qaytarib berishsin! — dedi Nasiba Fayzullayeva.

Bozor rahbari ushbu masalada o‘smoqchilab: «To‘lovlar noto‘g‘ri undirilgan bo‘lsa, qaytarilishi»ni aytib qo‘ya qoldi. Ajab...

Beobro‘ bo‘lmasangiz, «bozorchi»lik qilolmaysiz...mi?!

Ayrim rastalarda bitta joy bir kishi uchun qur’a tashlash orqali belgilangan bo‘lsa-da, tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro joy talashish yuzaga kelgan.

Bozorda o‘rin-joy tarqatilayotganda ham adolatsizlikka yo‘l qo‘yildi. Bozor ichida beobro‘lik qilsangiz, noningizni topasiz. Yo‘qsa, bozorchilik qilolmaysiz! Hamma joy bepul tarqatilgan. Andisha qilish kerakmas, o‘z huquqini bilgan tadbirkor noo‘rin pul to‘lovi haqida organga murojaat qilishi kerak! — dedi tadbirkorlardan biri Zulfizar Tohirova. — Hozir men o‘zim egallab olgan rastaga «menga tegishli» deb 21 kishi keldi. Ammo men shu joyni bermayman!

Ma’lum bo‘lishicha, rastalardan joy ajratish masalasi ham ayrim tortishuvlarni keltirib chiqarmoqda.

Har bir tadbirkor davlat himoyasida. Ammo, bu tadbirkorning xohlagan joyida o‘tirib, savdo qilishi kerak, degan gap emas. Har biriga savdo qilishi kerak bo‘lgan joyni belgilab, imkoniyatni yaratib beramiz. Bozor majmuasi juda katta joyni egallagani, undan tashqari, ko‘cha savdosi bilan shug‘ullanuvchilar o‘rtasida bozorga kirib, bepul rastalardan foydalanishi borasida tushuntirish ishlari olib borilayotgani sababli  joy tarqatish masalasi biroz cho‘zildi. Bir necha kun ichida bu masala bartaraf etiladi, — dedi qurilish ishlari bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari Axtam Ahmedov.

R/S: «Qo‘shni»dan qolishmaydigan SITI, obod shahar, qishlog‘-u mahallalar bunyod etish urfga aylanayotgan Buxoroda katta kuch va katta mablag‘ bilan bunyod etilgan, respublikada yagona bozorni tartibga solish, ishbilarmonlaru tadbirkorlar bilan birgalikda uni tartibli savdo majmuasiga aylantirish – kun talabi! Zero, azaldan yurtning bozoriga qarab, xalqning madaniyati va turmush tarziga baho berilgan.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring