Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh vs Eron: urush muqarrarmi? Butun dunyo Oq uyning javobini kutmoqda...

AQSh vs Eron: urush muqarrarmi? Butun dunyo Oq uyning javobini kutmoqda...

Illyustratsiya: voanews.com

Eronning yuqori martabali mansabdori Qosim Sulaymoniyning AQSh harbiylari tomonidan o‘ldirilishi ikki mamlakat o‘rtasida tarang munosabatlarni battar murakkablashtirdi. Rasmiy Tehron marhum generalning qotillaridan qasos olinishini e’lon qildi. Bu boradagi dastlabki qadam sifatida Eron qurolli kuchlari AQShning Iroqdagi harbiy bazalariga o‘ndan oshiq raketa yog‘dirdi. Ayni paytda butun dunyo Oq uyning javobini kutmoqda...

Sirasini aytganda, ikki azaliy muxolif mamlakat urush holatida turibdi. Xo‘sh, ayrim tahlilchilar bashorat qilayotganidek, AQSh va Eron o‘rtasida urush ro‘y beradimi?..

Foto: newsone.ua

AQSh

Prezident Donald Tramp Eronga qarshi harbiy harakatlar boshlash bilan tahdid qilayotgan bo‘lsa-da, Qo‘shma Shtatlar aholisi urushlardan bezor bo‘lganini ochiq bildirayotir. Buni o‘tgan dam olish kunlarida mamlakatning 80 ga yaqin shahrida urushga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tgani ham tasdiqlamoqda.

AQShning «xalqaro politsiyachi» vazifasini bajarib, dunyoning turli o‘lkalariga askar yuborishi oddiy aholi orasida norozilik ila qabul qilinishi sir emas. Harbiy harakatlar tufayli mudofaa maqsadida ajratilayotgan mablag‘ning oshib borayotgani esa e’tirozlarni yanada kuchaytirmoqda.   

Prezident Tramp buyrug‘i bilan general Sulaymoniyning o‘ldirilishi Vashigtondagi rasmiy Tehronning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan arboblar tomonidan ham olqishlanmadi. AQSh demokratlar partiyasi esa prezidentning ushbu qarorini provokatsion deb atadi. Zotan, AQSh harbiylari dunyoning turli mintaqalari, xususan, Yaqin Sharqda qaltis operatsiyalarni amalga oshirayotgan bir paytda Eron bilan oshkora urushga kirishish Vashington manfaatlariga ziddir.

Trampning ushbu qaltis buyrug‘ini saylovoldi harakat deb baholash mumkin. Mamlakatda prezidentlik saylovi tobora yaqinlashmoqda. Amaldagi prezidentining reytingi esa kundan-kunga pasaymoqda. Bu yoqda muxolif demokratlar impichment – prezidentni muddatdan oldin iste’foga chiqarish jarayonini boshlab yuborgan. Ana shunday pallada D.Tramp mamlakat «jon dushmani» Eronning yuqori martabali vakilini yo‘q qilish orqali obro‘sini oshirishga urindi. Ammo AQShning amaldagi rahbari bundan qaltisroq harakatga – chinakam urush e’lon qilishga jur’at qila olmasa kerak. Bunga qonun ham  (ayni paytda demokratlar prezidentning Eronga nisbatan harbiy harakatlar masalasidagi vakolatlarini cheklash bo‘yicha rezolyusiya hozirlamoqda), sog‘lom aql ham yo‘l bermaydi. Boz ustiga, hatto poyintar-soyintar bayonotlari bilan tilga tushgan D.Tramp ham saylov arafasida urushga kirish muddatdan avval mag‘lubiyatga teng ekanini yaxshi biladi.

Foto: ukrinform

Eron

Rasmiy Tehron mamlakatning suyangan tog‘i bo‘lgan general Sulaymoniyning qatl etilishini javobsiz qoldirishi mumkin emas edi. Shu ma’noda AQShning Iroqdagi harbiy bazalariga amalga oshirilgan raketa hujumlari kutilgan harakat deyish mumkin. Ammo, bizningcha, AQSh tomoni javob qadamini tashlamasa, Eron rahbariyati ushbu ramziy harakat bilan kifoyalanadi. Negaki, uzoq yillardan beri iqtisodiy sanksiya sharoitida yashab kelayotgan Eronning AQSh bilan ochiq urushga kirishishga na iqtisodiy imkoniyati, na harbiy qudrati mavjud.

Iqtisodiy sanksiya sharoitida mamlakat milliy valyutasi keskin qadrlangan, ishsizlik kuchayib ketgan. Xalqaro valyuta jamg‘armasiga ko‘ra, birgina 2019 yilda Eron YaIM miqdori 9,5 foizga kamaygan. Qimmatchilik, asosiy iste’mol buyumlari taqchilligi sharoitida dunyoning eng qudratli armiyasiga qarshi ochiq urush ochish o‘z oyog‘iga bolta urish bilan barobar.

So‘nggi yillarda Eronda hukumat siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari ko‘payganini kuzatish mumkin. To‘g‘ri, ayni paytda el boshiga kulfat tushgan paytda musibatzada xalq bir mushtga do‘nib, amaldagi hukumat atrofida jipslashgan. Ammo bu muvaqqat kayfiyat bo‘lishi mumkin. Musibat unutilib, xalq yana o‘sha iqtisodiy-ijtimoiy muammolar bilan ro‘baro‘ kelgach, aksilhukumat namoyishlari qayta boshlanishi hech gap emas.

AQSh Yaqin Sharq mintaqasida eng ko‘p sonli harbiylarga ega xorijiy mamlakat sanaladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qatar, Kuvayt, Saudiya Arabistoni va Iordaniya hududida 68 ming nafar amerikalik harbiy joylashtirilgan. Suriya va Iroqda esa AQSh Qurolli kuchlarining 6800 nafar harbiysi mavjud. Xaritaga nazar solinsa, AQSh harbiy bazalari Eronni halqa kabi o‘rab olganini ko‘rish mumkin.

Biznigcha, shu kabi iqtisodiy hamda geosiyosiy omillar «Eron AQShga qarshi ochiq urushga kirishadi» degan taxminlarni yo‘qqa chiqaradi. 

To‘g‘ri, ikki mamlakat rahbariyati qiziqqonlik yo‘lini tutsa, vaziyat yanada xavfli tus olib, chinakam urush ro‘y berishi ham mumkin. Ammo voqealarning bunday xatarnok rivojidan Yaratganning O‘zi saqlasin deymiz. Zotan, AQSh va Eron o‘rtasida haqiqiy ma’noda urush ro‘y bergudek bo‘lsa, u shunchaki ikki mamlakatning o‘zaro hisob-kitobi bo‘lib qolmay, pirovardida Uchinchi jahon muhorabasiga olib keladi.

Albatta, yaqin kelajakda AQSh va Eron o‘zaro xafagarchiliklarni unutib, ahil hamkorlarga aylanib ketadi deyish anoyilik bo‘ladi. Ikki o‘rtada bevosita bo‘lmasa-da, bilvosita – proksi urushlar ro‘y berishi turgan gap. Lekin har qanday holatda ham sog‘lom fikr hamda insof-diyonat g‘azab va nafrat ustidan g‘alaba qozonishiga ishongimiz keladi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring