Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Olimpiadadagi hakamlik: bokschilarimiz nega «sindirilmoqda»?

Olimpiadadagi hakamlik: bokschilarimiz nega «sindirilmoqda»?

O‘zbek boksi butun dunyoda o‘zining qudrati bilan nom qozonib ulgurgan. Rio Olimpiasidan so‘ng o‘zbek bokschilariga alohida e’tibor berila boshladi. Biroq…

Vaqtidan kechiktirib o‘tkazilayotgan Tokio Olimpiasidagi nohaqliklarni ko‘rib yoqa ushlaysan kishi.

Boks bo‘yicha -57 kg vazn toifasida hamyurtimiz, amaldagi jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilov irlandiyalik Kurt Uokerga qarshi jang qildi. Raqibidan har jabhada ustunlik qilgan Mirazizbek oxirida mag‘lub sifatida qayd etildi. Tushunarsiz holatga hech kim izoh bermadi. Ma’lumotlarga qaraganda, Mirzahalilov – Uoker bahsini boshqargan hakamlardan biri noma’lum sabablarga ko‘ra Olimpiadan chetlatilgan. Balki shu noma’lum sabab nohaqlikka aloqador jihatdir?

Hakamlarning shubhali harakatlaridan jabr ko‘rish bugun ham davom etdi. Bokschi qizimiz Tursunoy Rahimova Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi navbatdagi bahsini o‘tkazdi. Bu gal u o‘z vaznining birinchi saralangan sportchisiga qarshi ringga ko‘tarildi.

-51 kg vazn toifasida bahs olib borgan bokschimiz turkiyalik Buse Naz Chaqiro‘g‘lu bilan kechgan murosasiz jangda munosib harakat qildi. Biroq yakuniy qaror turkiyalik bokschining g‘alabasini e’tirof etdi – 3:2. Dastlabki bosqichda Tursunoy Rahimovaning tarixiy g‘alabasidan qanchalik xursand bo‘lgan bo‘lsak, bugun hakamlarning qaroridan shuncha g‘azabga tushganimiz bor gap. Qanchalik xolis ko‘z bilan qarashga urinmaylik, bu janglarda o‘zbek bokschilarini sindirishga urunishday ko‘rinmoqda.

Fanat Qahramonov va Sanjar Tursunovlar ham mag‘lub bo‘lishdi, ammo ularning bahsida raqibning ustunligi sezilgan edi. Ammo ochiq-oydin g‘alaba qozongan sportchilarimizni g‘alabadan judo qilish ta’bni xira qiladi.

So‘nggi xabarga ko‘ra, O‘zbekiston MOQ mutasaddilari Tokioda Olimpiya o‘yinlarida boks musobaqalarini o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan Morinari Vatanabe bilan uchrashishgan.

Qayd etilishicha, ushbu Olimpiya o‘yinlarida boks bahslarini o‘tkazish Xalqaro bokschilar assotsiatsiyasiga (AIBA) emas, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tomonidan tuzilgan maxsus komissiyaga topshirilgan. Unga esa Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti, yaponiyalik Morinari Vatanabe rahbarlik qilmoqda.

Musobaqa davomida ayrim delegatsiyalar boks bo‘yicha musobaqalardagi hakamlik yuzasidan o‘z noroziliklarini ma’lum qilishdi. Shu jumladan, O‘zbekiston MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov ham Morinari Vatanabe bilan uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritib olishdi.

Maxsus komissiya uchrashuv davomida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi mutasaddilarini o‘z faoliyati bilan batafsil tanishtirib o‘tdi. Xalqaro mutaxassislarning ta’kidlashicha, har bir bellashuvda 5 nafar hakamdan tashqari alohida 2 maxsus vakil orqali referilarning qarori nazorat qilib boriladi. Bahs yakunida e’lon qilingan qaror qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Qo‘shimcha qilinishicha, janglarda shubhali holatlar alohida o‘rganib boriladi va o‘z ishiga noprofessional yondashgan hakamlar Olimpiya o‘yinlaridan chetlatilish va uyiga jo‘natib yuborilishi belgilab qo‘yilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring