Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bektemir Meliqo‘ziyev 4 yilga boksdan chetlatildi

Bektemir Meliqo‘ziyev 4 yilga boksdan chetlatildi

O‘zbekiston Milliy antidoping agentligiga Xalqaro boks federatsiyasi (AIBA)ning bergan rasmiy xabarnomasiga ko‘ra, o‘zbekistonlik bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev to‘rt yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi.

Sportchi 2020-yil 16-fevraldan boshlab 2024-yil 15-fevralga qadar barcha sport musobaqalarida (milliy va xalqaro chempionatlar, turli o‘yinlar v.x.k) ishtirok etish huquqidan mahrum etildi.

Qayd etilishicha, 2020-yil 16-fevraldan boshlab musobaqalarda olgan barcha medallari va reyting ochkolari bekor qilindi. Shu bilan birga, Butunjahon antidoping kodeksiga ko‘ra, B.Meliqo‘ziyevning professional boksda chiqishlarini davom etishi yoki etmasligi tegishli Xalqaro professional boks tashkilotining qaroriga bog‘liq bo‘ladi. Agar ruxsat beradigan bo‘lsa, diskvalifikatsiyasi tugagungga qadar faqatgina professional boksda jang o‘tkazishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, dastlab Bektemirdan olingan doping-sinamasida «furosemid» taqiqlangan moddasi aniqlangan bo‘lib, u 2018-yil 28-fevraldan boshlab 2020-yil 27-fevralgacha 2 yillik diskvalifikatsiya bilan jazolangandi. Sportchi tomonidan keyingi antidoping qoidalari buzilishi dastlabki belgilangan jazo muddati ichida, ya’ni 2019 yil 30 sentyabrda sodir etilib, unda ADAMS tizimida bokschining o‘zi kiritgan manzili bo‘yicha yetib kelishgan doping-nazoratchilari ko‘rsatilgan manzilda bokschi bo‘lmaganligi uchun undan rejali doping-sinamani olisholmagan. Xuddi shu vaziyat yana ikki marotaba – 2019-yil 21-oktyabr va 2020-yil 16-fevral kunlari takrorlangan.

Butunjahon antidoping kodeksining 2.4-moddasiga asosan, bu turdagi antidoping qoidabuzarlik uchun 2-yillik diskvalifikatsiya jazo chorasi qo‘llanilgan. Lekin keyingi antidoping qoidabuzarlik avvalgi antidoping qoidabuzarlik uchun belgilangan muddat ichida sodir etilgan bo‘lsa, bunda keyingi antidoping qoidabuzarlik muddati ikki baravar ko‘paytiriladi. Shu sababli, Meliqo‘ziyevga jami 4 yillik diskvalifikatsiya belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring