Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkiy davlatlar rahbarlari Shushada yig‘ildi (foto)

Turkiy davlatlar rahbarlari Shushada yig‘ildi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Shusha shahriga keldi.

Davlatimiz rahbarini bu yerda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev kutib oldi.

TDT ishtirokchi mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari Ozarbayjon yetakchisi hamrohligida Shusha shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Shusha «Qorabog‘ durdonasi», «Kavkaz san’ati markazi» va «ozarbayjon musiqasi beshigi» nomlari bilan ma’lum. Shahar bir qator taniqli fan, madaniyat va san’at arboblari vatanidir. 2021 yildan buyon Shusha Ozarbayjonning madaniy poytaxti hisoblanadi, 2023 yilda esa turkiy dunyo madaniy poytaxti deb e’lon qilingan.

Joriy yilda Xiva shahri va Shusha shahri o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatildi.

Oliy martabali mehmonlar Shushada o‘ttiz ikki yil ichida birinchi marta qurilgan turar joy majmuasiga tashrif buyurdilar. 23 ta binodan iborat uy-joy majmuasining umumiy maydoni qariyb 8 gektarni tashkil etadi.

So‘ng yetakchilar 2021 yilda tamal toshi qo‘yilgan yangi zamonaviy masjid loyihasi va uni barpo etish jarayoni bilan tanishdilar.

Ozarbayjon rahbari mehmonlarga shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida so‘zlab berdi.

Prezidentlar, shuningdek, XIX asrda Shushada qurilgan birinchi masjid – Gavhar Og‘a masjidini ziyorat qildilar. Mehmonlar bu yerda amalga oshirilgan restavratsiya ishlarining natijalariga yuqori baho berdi.

O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga amaliy tashrifi davom etmoqda. TDT norasmiy sammitining asosiy tadbirlari ertaga, 6 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring