Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi bizga qanday ishoralar berdi?

Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi bizga qanday ishoralar berdi?

Siyosiy fanlar nomzodi Sherzodxon Qudratxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga qilgan tashrifi haqida mulohaza bildirdi.

«Rejep Tayyip Erdog‘an shunday dedi:

«O‘zbekiston, biz uchun, madaniyat tasavvurimizni shakllantirgan olimlarni yetishtirgan, ilm, irfon va madaniyat dunyomizni ta’minlagan hayot buloqlarimizdan eng muhimidir.

Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Ibn Sino, Xorazmiy, Ali Qushchi kabi olimlar, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband singari ulug‘larimiz bizga Movarounnahrning armug‘onidir».

Prezidentning ko‘p tashriflarini kuzatgan odam sifatida shuni aytishim mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga qilgan rasmiy tashrifi bizga muhim ishoralar berdi.

Bilasiz, davlat rahbarlarining tashriflari tavsiflanadi. Ya’ni davlat tashrifi, rasmiy tashrif, ishchi tashrif va norasmiy tashrif.

Men Davlat rahbarining Turkiyaga tashrifidagi bir jihatiga e’tiboringizni qaratishingizni xohlardim. Bilamizki, Prezidentlarning biror bir mamlakatga safari chog‘ida har bir harakat va so‘zni tom ma’noda tartibga soluvchi davlat diplomatik protokoli mavjud.

Biroq protokoldan istisno holatlar ham uchraydi va har bir qadam va so‘zni me’yorga solib turuvchi qoliplardan chiqishda namoyon bo‘ladigan istisno holatdagi ishoralarini anglash muhim. Menimcha, Turkiyaga tashrif doirasida shunday muhim ishora ko‘zga tashlandi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va uning rafiqasi tashrif yakunida aeroportda o‘zbekistonlik yuqori martabali mehmonlarni shaxsan kuzatib qo‘ydi.

Bilmadim, bu marosimda Turkiya Jumhurbashkani Erdog‘anning ishtirok etishi avvaldan rejalashtirilganmidi yoki yo‘q. Menimcha, yo‘q.

Diplomatik protokolning belgilangan me’yorlariga muvofiq, davlat rahbarining mehmonni aeroportda kutib olishi va kuzatib qo‘yishi odatda amalga oshirilmaydi.

Aniq ayta olmayman, Erdog‘an rafiqasi bilan Anqaraning «Esenbog‘a» aeroportda boshqa bir davlat rahbarini ham kuzatib qo‘ygan deb...

Bu yerda gap falon milliardlik shartnomalar haqida ketmayapti. Balki bu fakt samimiyatga asoslangan do‘stona munosabatlar haqida gapirmoqda. Ya’ni, bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganining kuchli va aniq bir belgisidir.

Bu har ikki davlat rahbarining diplomatik protokol va normalardan yuqori bo‘lgan juda shaxsiy, yaqin va ishonchli munosabatlar muhiti eng yuqori cho‘qqiga chiqqanidan dalolat beradi.

Bu kabi samimiy hatti-harakatlar siyosatchilar va diplomatlarning quloqqa yoqadigan chiroyli so‘zlaridan ancha qimmat turadi. Janob Erdog‘anning o‘zbekistonlik hamkasbini shaxsan o‘zi kuzatib qo‘yishi aynan shunday ishoralardan dalolat», — deydi Sherzodxon Qudratxo‘jayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring