Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Qotil qo‘li qilich soldi mast…» Yana o‘sha mash’um «Paxta ishi»

«Qotil qo‘li qilich soldi mast…» Yana o‘sha mash’um «Paxta ishi»

Gdlyan (chapdagi doirada) va Ivanov (o‘ngdagi doirada).

Foto: «zagadki-istorii.ru»

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh ziyolilarning 1983 – 1989 yillarda O‘zbekistonda faoliyat olib borgan T.Gdlyan rahbarligidagi tergov guruhining g‘ayriinsoniy, g‘ayriaxloqiy va g‘ayriqonuniy xatti-harakatini xalqaro miqyosda xolis ko‘rib chiqish bo‘yicha adolatli taklifi qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Xo‘sh, bundan o‘ttiz yil burungi matbuot nimani yozgan edi?!

Mustaqillik arafasidagi O‘zbekiston hayoti haqida gapirish mas’uliyati og‘ir. Chunki so‘z isboti bilan bo‘lmog‘i kerak. Shu ma’noda, jafokash elning bir farzandi sifatida vijdon amri bilan kechagi o‘tmishni kechagi matbuot orqali o‘rganishga harakat qildim. Haqrost, juda-juda murakkab, dolg‘ali va haqoratli turmush ufurib turgan gazeta sahifalarini varaqlab dilim xufton bo‘ldi.

«Sovet O‘zbekistoni» gazetasining 1988 yil 23-24 yanvar sonlarida «Pravda» gazetasidan tarjima qilingan «Sirli saltanat» va «Oltinga hirs qo‘ygan gazandalar» maqolalari ketma-ket chop etiladi. «Pravda»ning maxsus muxbirlari G.Ovcharenko va A.Chernenko gazetaning 1988 yil 17 iyul sonida «Kolonna», 30 avgust sonida esa «Kuyov va uning hamtovoqlari» maqolalarini e’lon qiladi. G.Ovcharenko «Pravda» gazetasining 1988 yil 3 noyabr sonida «Qonun mantiqi qat’iydir» maqolasi bilan chiqadi. V.Artemenkoning «Pravda» gazetasida 1988 yil 12 sentyabr sonida chiqqan «O‘zgarishlar – hashar yo‘li bilan» maqolasi «Qishloq haqiqati» gazetasida ham e’lon qilingan. «Pravda»chi hamkasbimiz eski o‘yinni takrorlaydi – Sh.Rashidov muxoliflarini madh etib chiqadi. 

Bu misollar – dengizdan tomchi. Bir so‘z bilan aytganda, Markaziy matbuot, xususan, «Pravda» Gdlyanboshliq guruhning minbari bo‘lgan deyishga asoslarimiz bisyor. Umuman, 1984 – 1990 yillarda O‘zbekiston va o‘zbek xalqi haqida markaziy matbuotda chop etilgan haqoratomuz maqolalarning faqat nomini sanab chiqish uchun bir tadqiqotchi kamida olti oy ter to‘kishi kerak.

G.Ovcharenko «Oltinga hirs qo‘ygan gazandalar» maqolasida yozishicha, «SSSR Bosh prokurori huzuridagi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi T.Gdlyanga 1983 yil yozida gruppani yig‘ish va Buxoroga uchish topshirildi. Bu yerda minglab so‘m porani olayotganda oblast ichki ishlar boshqarmasi OBXSS boshlig‘i, militsiya podpolkovnigi A.Muzaffarov Davlat xavfsizlik komiteti xodimlari tomonidan ushlangan edi».

Maqolada O‘zbekistonda tarmoq otib ketgan mafiya, reket, yollanma qotillar mavjudligi, ularning «ma’naviy rahbarlari» borligi haqida so‘z yuritiladi. Rostini aytganda, maqola ruhi va undagi so‘zlar o‘zbek o‘quvchisiga tanish emas edi. Buning ustiga, rostmi-yolg‘onmi, muxbir Gdlyanga O‘zbekistonda suiqasd qilmoqchi bo‘lishdi, degan da’voni ham ilgari suradi. KPSS Markaziy Komitetining nashri bo‘lgan «Pravda» gazetasida chiqqan bu gaplarga ishonmay bo‘ladimi o‘sha paytda? Buning ustiga, SSSRning barcha tele va radio kanallarida «o‘zbek mafiyasi» aks etgan lavhalar tinimsiz aylanib yotgan bo‘lsa. Mavjlanib-mavjlanib, to‘lqinlanib-to‘lqinlanib kelayotgan fitnaning oxiri besh oy emas, bir yil emas, besh yil davomida ham ko‘rinmasa…

Bu bag‘rikeng xalq quturgan hayvonni, daryo va soyni ko‘p ko‘rgan va korini qilib ulardan qutilgan. Ammo suyangan hukumatiyu uning rahbarlari qutursa nima ham qilishi mumkin? Kimga bosh urib boradi? Kim uni yupatib, qo‘ltig‘idan ko‘taradi?!

Ko‘chirma:

«Ayni paytda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetidan gruppa besh yildan beri nima bilan shug‘ullanyapti, u o‘z ishini tugallaydigan payt kelmadimi, axir xalqni «terror» qilish yetar, degan sadolar chiqa boshladi. Telman Xorenovich respublikadagi vaziyatni, ma’naviy mikromuhitni jinoyatchilikning yaproqlarini emas, uning ildizlarini yulib tashlagandagina o‘nglab olish mumkin deb isbotlay-isbotlay charchadi».

1988 yil savrning 9-kuni (davlatchiligimiz va milliy adabiyotimiz tarixidagi qutlug‘ sana – O.T.) O‘zbekiston SSR Oliy Soveti sessiyasi ish boshlaydi. Anjuman bilan bog‘liq materiallar «Sovet O‘zbekistoni» gazetasining 1988 yilgi 84-85-sonlarida chop etilgan. Sessiyada so‘zga chiqqan O‘zFA vitse-prezidenti E.Yusupov hamma salbiy hodisalarni milliy va mahalliy xususiyatlarga bog‘lash mutlaqo xato tushuncha ekanini aytib, quyidagi ma’lumotni keltiradi:

«70 – 80-yillarda O‘zbekistonda poraxo‘rlik avj olib ketganligini faqat mahalliy, milliy xususiyatlar, feodal, patriarxal o‘tmish qoldiqlarining mavjudligidan deb tushuntirish, menimcha, to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Faktlar va partiya veteranlarining xotiralari shundan dalolat beradiki, urushdan ilgari O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda o‘tmish sarqitlari hali kishilar turmushida va omma ongida hozirgiga qaraganda yanada chuqurroq bo‘lgan bir davrda poraxo‘rlik to‘g‘risida kamdan-kam kishilar tasavvur qilar edilar».

E.Yusupovning bu chiqishi o‘sha davrga nisbatan jasorat, yana ham aniqrog‘i, O‘zbekiston va o‘zbek xalqi sha’niga kunda-kunora takrorlanib turgan razolatga qaratilgan zarba edi. Holbuki, u davrda qattol siyosat qilichi havoda o‘ynab turar, Markaz ko‘rsatmasiga jinday ola qaragan odam «haq»ini olmasdan qolmas edi. Afsuski, bu kabi chiqish «desantchi»lar va ularning rahnamolariga chivin chaqqanchalik ham ta’sir ko‘rsatmaydi. Toshkentdagi sessiyadan yigirma kun o‘tib, Moskvada SSSR prokuraturasi jinoyatchilikka qarshi kurash mavzusida uchrashuv o‘tkazadi. Riyokorlik namoyishi bo‘lgan mazkur tadbir yakunida O‘zbekistonda poraxo‘rlardan keyingi ikki oy ichidagina tortib olingan 8 million so‘m qog‘oz pul, tilla tanga, qimmatbaho tosh va bezaklar ko‘rgazmaga qo‘yiladi. Kamiga, «jinoyatchi» xalq vakillaridan boyliklarni tortib olishga bag‘ishlangan hujjatli film ham namoyish qilinadi.

« – Aminmanki, bizga juda qattiq qarshilik ko‘rsatilmaganida bundan ham ko‘proq boyliklarni tortib olishimiz mumkin bo‘lur edi», – deydi kekirdagini cho‘zgan SSSR Bosh prokurori huzuridagi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchi Telman Gdlyan.

Bu jinoiy guruh kirdikorlari va ulardan aziyat chekkanlar haqida mustaqillik yillarida huquqshunos Viktor Ilyuxinning «Qabohat yoxud… «O‘zbeklar ishi» degan uydirma xususida» hujjatli essesi, yozuvchi Isfandiyorning «Inqiroz yoxud generallar o‘yini» romani, huquqshunos, jabrdiyda Toshtemir Qahramonov «Iblis iskanjasida 1643 kun» nomli hujjatli romani, Abbosxon Usmonov muharrirlik qilgan «Qabohat saltanati» risolasi va boshqa o‘nlab maqola va suhbatlar e’lon qilingan. Biz bu o‘rinda nomlari sanab o‘tilgan asarlar va ularda aytilgan fikrlarni takrorlamoqchi emasmiz. Ammo to‘plamlarga kirmagan yoki keyinchalik e’lon qilingan ayrim maqola va materiallarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Chunki bu mavzuni butunlay chetlab o‘tish mumkin emas: davrning siyosiy-ma’naviy manzarasi kemtik bo‘lib qoladi. 

Internetdagi Proza.ru saytida asli tojikistonlik, yuridik fanlari nomzodi Abdujabbor Abdujalilovning «Gdlyan – Ivanov korrupsiyadan riyokorlikka» («Gdlyan – Ivanov farisei ot korrupsii») sarlavhali maqolasini o‘qib qoldim. Muallifning aytishicha, Gdlyan – Ivanov guruhida tergovchi sifatida O‘zbekistonda bir muddat faoliyat olib borgan. Maqolaning yozilishiga Nikolay Ivanov sabab bo‘libdi. Qanday qilib deysizmi? 

Ko‘chirma:

«Kecha beshinchi kanalda davlat Dumasining sobiq deputati Nikolay Ivanovning korrupsiya muammosi haqidagi uzundan-uzoq intervyusini ko‘rdim. Ivanovning serzavq, tanqidiy nutqi shu qadar ta’sirli ediki, eshitib turib, uni taniyolmay qoldim. O‘tgan ishlarni kavlash tarafdori emasman, ammo Nikolay Ivanovning o‘tmish hayotidagi ayrim lavhalarni, shu bilan bir qatorda, uning sobiq ustozi va hozirda do‘sti – Telman Gdlyan haqida o‘quvchilarga so‘zlab berishga ahd qildim. Gdlyan va Ivanov – bu hayotimning bir sahifasi. Men odamlarning kunlardan birida «E, Abdujalilovmi? Uyam anavilardan biri-da…» degan ta’nasini eshitishni istamayman». (Tarjima bizniki – O.T.)

A.Abdujalilov Telman Gdlyanning «O‘zbek ishi»iga rahbarlikni SSSR Bosh prokuraturasi tergov bo‘limining boshlig‘i, hamyurti German Karakozov orqali qo‘lga kiritganini yozadi. Ma’lum bo‘lishicha, Karakozov Gdlyanni doimo qo‘llab-qo‘ltiqlab yurgan, Ivanov esa, Murmansk viloyati prokuraturasining bor-yo‘g‘i oddiy xodimi bo‘lib, tergov guruhiga azbaroyi Gdlyanga tanishligi tufayli qo‘shilib qolgan ekan.

Ko‘chirma:

«1983 yilning dekabrida Gdlyan guruhida ishlash uchun yuborildim. Toshkentga kelganimda kun kech bo‘lgandi. Tergov guruhi O‘zbekiston SSR DXQ (KGB) binosida joylashgan ekan. O‘shanda bu guruh 12 kishidan iborat edi. Gdlyan Ivanovni «jasur o‘rinbosarim» deb tanishtirdi. Esimda, ko‘rib hayron qolganman. O‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi ish yuzasidan SSSR prokuraturasidan boshqa hech kimga bo‘ysunmas edi. Prokuraturaning oddiy xodimi bo‘lgan Ivanov esa «jasur o‘rinbosar» sifatida menga ham topshiriqlar berardi.

Ivanov o‘sha kuni kechqurun xonasidagi seyfdan bir shisha aroq olib ochdi. Uchovlon ichdik. Gdlyan (uning laqabi «Xrenovich» edi) qiladigan ishlarimni tushuntirdi va bir nechta qamoqqa olinganlar ishini menga topshirdi. O‘shanda bildimki, Nikolay Veniaminovich Ivanov (laqabi «Soqol», «Supurgi», «Yugurdak») guruhda hech qanday ish qilmaydi. U ham «rahbariyat ko‘rsatmalarini berish» bilan shug‘ullanadi. Tergov faoliyatida bunday hollar odatiy bo‘lgani uchun ko‘pam e’tibor qilmadim. 

Men «O‘zbek ishi» bo‘yicha barcha ikir-chikirlarni tavsiflash niyatim yo‘q. Bu hech kimga qiziq emas. Faqat bir narsani aytib o‘tishni shart deb bilaman. Men guruhga kelib qo‘shilishim bilan, Gruziya prokuraturasining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Moshiashvili faoliyatini tugatib, ortga qaytdi. Men u bilan birga Leningradda malaka oshirish kursida o‘qiganman. Aeroportda yolg‘iz qolganimizda u qulog‘imga sekin shivirladi: «Abdujalilov, bu ish bizga to‘g‘ri kelmaydi. Xrenovichdan uzoqlashish yo‘lini top. Buning oxiri voy». 

Gdlyanning «Bularning hammasining orqasi notoza. Duch kelganini oborib tiqib qo‘yaver. Xato qilmaysan», degan gapi mashhur iboraga aylanib ketgandi. Har qanday jinoiy ishni tergov qilishning o‘z qonun-qoidasi bor. Ammo bu yerda hech qanday qonun-qoida yo‘q edi. O‘zbekiston prokurori Bo‘rixo‘jayev imzo chekkan qamoqqa olish to‘g‘risidagi sanksiyada hatto aybdorlarning ism-familiyasi ham ko‘rsatilmasdi. Guruh a’zosi, Gdlyanning yurtdoshi Albert Kartashyan bo‘lsa, gumondorlardan o‘ziga kerakli istalgan ma’lumotni ola bilishidan faxrlanib yurardi. 

U vaqtlarda tintuv vaqtida oziq-ovqat mahsulotlarini olib qo‘yish mumkin emas, do‘konlar ham musodara qilingan mahsulotlarni qabul qilmas edi. Lekin, hech qanday nazorat yo‘qligi tufayli, tintuv chog‘ida qo‘lga kiritilgan o‘nlab quti aroq va konyak tergov guruhi a’zolarining har kungi kechki ziyofat dasturxonida «yo‘q qilib» tashlanardi.

Tergov guruhi ish uslubiga bir misol: aybdorlardan birining ishi bo‘yicha tintuv dalolatnomasida amir davrida zarb qilingan, ikki bankaga joylangan 812 dona tilla tanga olingani qayd etilgan edi. Bu ish bo‘yicha tintuv va musodarani Gdlyan va Ivanov o‘tkazgan. Ammo keyinchalik qo‘lga olingan shaxs bilan suhbat o‘tkazganimda, u menga: «Abdujabbor, bilaman, sen ularga o‘xshamaysan. Lekin aytib qo‘yay, tilla tangalar 1000 dona edi. Har bir bankaga 500 tadan solingan. Ular dalolatnomada kamaytirib ko‘rsatdi. Menga endi farqi yo‘q. Lekin bilib qo‘y. Ular o‘marishyapti. Belkurak bilan o‘marishyapti», – dedi». (Tarjima bizniki – O.T.)

A.Abdujalilovning maqolasi g‘aflatda qolgan el boshiga do‘nib kelgan g‘ayur to‘da – Gdlyan – Ivanov guruhining asl qiyofasini ko‘rsatuvchi muhim bir hujjat hisoblanadi. 

Halima Xudoyberdiyeva «O‘zAS»ning 1989 yil 14 aprel sonida chop etilgan «Ko‘ngil ko‘zi» maqolasida iztirob bilan «Matbuotda respublikada paxta masalasi bo‘yicha qamalgan yuzlab odamlarning begunohligi… aniqlanganligi va qamoqdan bo‘shatilganligini eshitganimda yuragim orqaga tortib ketdi. Suyunaymi, kuyunaymi?! 

Bu ruhiy azob, yo‘qotishlarning xunini kim to‘laydi? Demak yana gazetalar yozganiday «xato qildik». Bu xatoni kimlar qildi, maqsadlari nima edi ularning? Yo‘l qo‘ygan xatolari uchun qanday jazo choralari ko‘rilyapti? Mana shu savollar javobsiz qolaverar ekan, biz navbatdagi xatolarga yo‘l qo‘yaveramiz» deb yozdi.

Haftalikning 1989 yil 9 iyun sonida «Sovetskaya Rossiya» gazetasida bosilgan «Dalolat» maqolasini Yoqubjon Xo‘jamberdiyev tarjimasida e’lon qilingan. Maqolada T.Gdlyan boshliq tergov guruhining qonunga zid xatti-harakatlari va ish uslublari bilan kelishishni istamagan tergov xodimlarining guvohliklari berilgan.

O‘zkompartiyaning IV plenumida respublikaning sobiq rahbari I.Usmonxo‘jayev (Alloh rahmat qilsin!) «1986 yilda rahbar xodimlardan salkam 750 kishi, shu jumladan 8 obkom sekretari, shahar, rayon partiya komitetlarining 100 sekretari, shahar va rayon ijroiya komitetlarining qirq raisi, ministliklar va idoralarning 18 rahbari almashtirildi», deydi. Bu – bir yillik «natija». Besh yillik umumiy manzara esa juda ham ayanchli edi. «Yosh leninchi» gazetasining 1991 yil 11 iyun sonida firqa, urush va mehnat faxriysi Nuriddin Muhitdinovning (Alloh rahmat qilsin!) «U kunlar qaytmasin» degan o‘ylari bosilgan. Sobiq birinchi kotib keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Markazqo‘mning XVI plenumidan so‘ng, ya’ni 1984 yildan 1989 yilgacha O‘zbekistonda 57,5 ming yoki firqa organlari nomenklaturasiga kiruvchi xodimlarning 74 foizi o‘zgartirilgan. Kompartiyadan 19 ming nafar kommunist o‘chirilgan, 300 kishi saylab qo‘yiladigan partiya organlari tarkibidan chiqarilgan. Oliy hamda mahalliy Kengashlardan 250 nafar deputat chaqirib olingan.

Ko‘chirma:

«Birgina «Paxta ishi» (boshqa ishlar ham bor edi) bo‘yicha 22 mingga yaqin kishi hibsga olingan. Paxta tozalash sanoati vaziri Usmonov otildi. Buxoro viloyat firqa qo‘mitasining sobiq birinchi kotibi Karimov oliy jazoga hukm qilindi, ammo keyinchalik uzoq qamoq jazosi bilan almashtirildi. Qashqadaryo viloyat firqa qo‘mitasining sobiq birinchi kotibi G‘oipov, Ichki ishlar vaziri Ergashev, uning o‘rinbosari Davidov, jumhuriyat, viloyat, nohiya darajasidagi yana bir necha rahbar xodim o‘z-o‘zini o‘ldirdi. Jinoiy javobgarlikka tortilganlar orasida 442 nafar jamoa xo‘jaligi raisi, davlat xo‘jaligi direktori, 94 nafar paxta zavodi direktori, 37 nafar firqa va sho‘ro xodimi bor edi. Hammasi bo‘lib 70 ming kishi hibsga olingan». 

Muhammad Yusuf «Gdlyan» she’rida bu guruh kirdikorini 38-yildagi Beriya boshchiligidagi qatag‘onchilarga mengzagan edi:

«Alpomish Chambilda,

Go‘ro‘g‘li go‘rda,

Haqiqat beshikda uxlardi qotib.

Bir jom oltin so‘rab,

Qilich o‘ynatib,

Kirib keldi qashshoq o‘zbek yeriga – 

Telman Xorenovich… Beriya!..»

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Komil Ikromov (Akmal Ikromovning farzandi) Markazning O‘zbekistonda yurgizgan adolatsiz siyosatini kech bo‘lsa-da anglab, tanqidiy munosabat bildirgan ziyolilardan edi. To‘g‘ri, adib respublikaning marhum rahbari faoliyatini, unga yaqin bo‘lgan mulozimlar ishini keskin tanqid qilib, ba’zi shaxslarni go‘yoki adib-arbob nohaq chetga surib qo‘ygani haqida ham talay maqolalar bitgan. Jumladan, «Literaturnaya gazeta»ning 1987 yil 10 iyun sonida bosilgan «Vaqt-soati yetdi…» maqolasi bunga dalil bo‘la oladi. 

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi 1990 yil iyunining 22-kungi sonida K.Ikromovning bir turkum maktub va maqolasini Mahmud Sa’diy tarjimasida e’lon qiladi. Quyida «Gdlyan bilan Ivanovning tergov guruhi to‘g‘risida» deb nomlangan maqoladan parcha keltiramiz:

«O‘zbek bo‘lib tug‘ilganim va respublika bilan uzoq yillik aloqalarim tufayli achchiq alamga to‘lib aytamanki, hozirgi paytda mamlakatda adolatning turli-tuman shakllarda oyoq osti qilinishi va oddiy odamlar mangu axloqiy qadriyatlarining toptalishi uchun O‘zbekistondan qulayroq boshqa biror joy topilmasa kerak.

O‘rta Osiyodagi rivojlangan feodalizm birovlarni shu qadar tuproqqa qorib tashlab, boshqa birovlarga shu qadar katta, cheksiz-chegarasiz erk-ixtiyor berib qo‘ydiki, natijada, yuqoridan bo‘lgan har qanday tazyiq-tahdid Ollohning irodasi tarzida qabul qilina boshladi, bu holat odatga aylandi. Shu yillari militsiya hokimiyati har qanday xonu amirlar hokimiyatidan ham o‘tib tushdi, u tobora yuqori joylar bilan chatishib ketdi.

Har qanday oddiy odam huquqni himoya qilishi lozim bo‘lgan organlarda hamma ish soxta guvohliklar asosida olib borilishi, shuning uchun eng yaxshi yo‘l qilmagan gunohni bo‘yinga olish ekanini bilardi. 

Ana shunday vaziyatda Gdlyan guruhi yuqoridan quyigacha, kimning ustidan bo‘lmasin, xohlagancha fosh qiluvchi materiallar to‘play oldi. Albatta, qo‘shimchasi bilan.

Misollar keltirib o‘tirmayman, ularni mensiz ham guvohlar va jabrlanganlar keltiradilar. Men boshqa narsa haqida gapirmoqchiman. Gdlyan bilan Ivanov faoliyati atrofida eng obro‘li ommaviy axborot vositalari muttasil ravishda, izchillik bilan shishirib, jazavaga berilib ko‘targan shov-shuvlar to‘g‘risida gapirmoqchiman…

Tergovchilarning qonunsiz harakatlaridan va matbuotning andishasizligidan toptalgan milliy tuyg‘ular haqida eslatishga har qanday urinish jinoyatchilarni himoya etish tarzida qabul qilindi. Mahalliy siyosatchilar, bir tomondan, «kadrlar masalasi» begonalar qo‘li bilan hal qilinayotganidan quvondilar, boshqa tomondan esa, Moskvada ularni «noto‘g‘ri tushunishlari mumkinligi»dan qo‘rqardilar. Bu qonunsizliklar xalqning taqdirida qanday oqibatlar keltirib chiqarishi, ular qayta qurishning real dushmanlari tomonidan qanday foydalanilishi, kishilar ongida qanday qing‘ayishlar sodir etishi to‘g‘risida tashvish chekuvchi kimsa topilmadi.

Avval esga olganimdek, hozirgi ishlardan bir yil muqaddam, «Izvestiya»ga bir maqola taklif qilgandim, unda Karakozov va Gdlyan tanqid ostiga olingandi. Undan ham ilgariroq jurnalistlarning bir katta kengashida bu haqda bir soatga yaqin gapirgan edim. Ta’siri esa – nul…»

O‘zbekistonning obro‘sizlantirilgani, o‘zbek xalqining tuhmat toshi ostida qolgani o‘sha davrda Markaziy matbuot sanalgan gazetalarda ham e’tirof etilgan. «Literaturnaya gazeta» 1988 yilda «Arslon sakradi!» turkumida bir qancha maqola va suhbat uyushtiradi. Gazetaning 20 iyul sonida tahririyat sharhlovchisi Yuriy Щyekochixin va militsiya podpolkovnigi Aleksandr Gurov musohabasi o‘rin olgan. 

«Yu.Щyekochixin: – Aleksandr Ivanovich, mafiya haqida gap ketsa, negadir barcha jozibali misollar janubiy hududlardan olinadi?

A.Gurov: – Menimcha, buning sabablarini iqtisodiy hayotdan izlash kerak. Janub – bu bizning Klondayk. (Klondayk – Kanadadagi oltinga boy hudud. – O.T.) Salbiy hodisalar haqida gap ochilsa, negadir nuqul O‘zbekiston haqida so‘zlaydilar. Bu o‘rinda gap qog‘ozda yetishtirilgan paxta uchun milliardlab so‘m pul o‘g‘irlanganida, rahbarlarning korrupsiyaga berilib ketishi tufayli respublika jar yoqasiga kelib qolganida emas, respublika haddan tashqari kavlab tekshirilgani sabab O‘zbekiston tildan tushmay qoldi. Gap shunda. Boshqa hududlarni tekshirish uchun esa qo‘limiz kaltalik qilyapti». (Tarjima bizniki – O.T.)

1991 yil sentyabrining 2-kunida SSSR xalq deputatlarining navbatdan tashqari V s’yezdi bo‘lib o‘tadi. Sentyabrning 3-kuni SSSR Bosh prokurori Nikolay Trubin sobiq tergovchilar – SSSR xalq deputatlari Telman Gdlyan va Nikolay Ivanov ustidan ochilgan jinoiy ishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Shuningdek, SSSR Bosh prokuraturasi tergov bo‘limi sobiq boshlig‘i German Karakozov va boshqa ko‘plab prokuratura xodimlari ustidan ochilgan jinoiy ishlar to‘xtatiladi. 

Xalqimizning «Onangni qozi so‘rasa dodingni kimga aytasan…» degan maqoli bejiz emas. Bu xalqning boshida bu sho‘rish ham bor ekan. Ushbu adolatsizlik tantanasiga oid «TASS» xabari «Pravda» gazetasining 205-sonida chop qilingan.

Xullas, 1983 yilning sentyabridan 1989 yilning may oyiga qadar O‘zbekistonda faoliyat yuritgan Gdlyan – Ivanov guruhi, yuqorida ko‘rganimizdek, «harakatlarida jinoyat sostavi yo‘qligi sababli» (Oqlovni qarang! – O.T.) tergovdan ozod bo‘ladi. Bu qarordan norozi bo‘lgan O‘zbekistonlik 83 nafar SSSR xalq deputati s’yezdga maktub yo‘llaydi. Shu bilan birga, noiblar O‘zbekiston prokuroridan Gdlyan va Ivanovga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘ab, mustaqil tergov o‘tkazishni talab qiladi.

O‘zbekistondan saylangan SSSR xalq deputatlari tashabbusi bilan T.Gdlyan boshliq tergov guruhining faoliyatini tekshirish uchun parlament komissiyasi tuziladi. Komissiyaga tarixchi olim va publitsist Roy Medvedev rais etib tayinlanadi. Matbuotchilar bilan uchrashgan komissiya raisi Moskva va Leningradda «Gdlyan va Ivanovni himoya qilish uchun» tuzilgan ko‘pdan-ko‘p frontlarning komissiyaga qattiq tazyiq o‘tkazishga urinayotgani, «tergovchilarning adolatli ishini himoya qilish to‘g‘risida»gi talabnomalar kelib turgani, dag‘dag‘alar bo‘layotganini aytib o‘tadi.

Yana bir ma’lumot, Oliy Sovetga Gdlyanni SSSR xalq deputati qilib saylagan Zelenograd shahri saylovchilarining «O‘zbekistonlik deputatlarni S’yezd minbariga yaqin yo‘latmang» degan maktubi ham kelib tushadi. 

Shunday qilib, «qizil o‘lat» yangi shaklda namoyon bo‘lgan edi. Bu ikki manfur ijrochi buyurtmachi homiy tomonidan taqdirlanib, avvaliga Armaniston SSR Oliy Soveti deputati, keyinroq SSSR xalq deputati etib saylanadi. Bu bilan DXQ o‘z rejasini to‘la-to‘kis amalga oshiradi. Qo‘qon Muxtoriyatini yakson qilib qo‘li qonga botganlar oradan oltmish olti yil o‘tib yana o‘sha zulmat tig‘ini ochiqqo‘l va sodda xalqning yuragiga sanchadi. Tarix takrorlandi, zulm-zo‘rlik, qatag‘on va xo‘rlik takror bo‘ldi. Adolat, haqiqat axtargan bechora avom esa Kalomulloh o‘qib, Haqdan o‘zga haq yo‘qligiga yana bir bor imon keltirdi…

O‘zbekda «Ham g‘arlik, ham sharlik» degan maqol bor. Bu maqol axloqsizligini tan olmay, buning ustiga, shaddodlik bilan tuhmat qiladigan kishiga nisbatan aytilgan.

Gulistonlik M.Ahmedovning «Birning kasri mingga urmasin-da!» maqolasi («O‘zAS»,1988 yil 20 may) millat boshiga yog‘dirilgan tuhmat toshi naqadar og‘ir ekanligiga bir misol bo‘la oladi.

Ko‘chirma:

«Toshkent – Moskva» poyezdida safarga ketayotgan edim. Restoranda xunuk bir voqea yuz berdi. To‘g‘risini aytsam, safar ham tatimadi. Nima bo‘ldi deng? Ovqatlanib bo‘lgach, ofitsiantka hisob-kitob qildi. «Olti so‘m 60 tiyin deganda qo‘liga bitta o‘n so‘mlik berdim. «Maydam yo‘q edi-ya», deb qaytim berishni paysalga soldi. Aybim, «ha, mayli, qo‘yavering», debman. Men bilan birga ovqatlangan kupedoshim:

– Birodar, qaytim olish boyvachchalarga yarashmaydi, deb qoldi.

Jahlim chiqdi.

– Meni boyvachcha deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz yanglishasiz, – dedim ranjib. – Men oddiy odamman, yigirma yildan beri dalada suvchilik qilaman…

– Mug‘ombirlik ham evi bilan-da, - sherigim istehzosini yashirmay qo‘ya qoldi. – Millionlarni bosib, xumga ko‘mib yotibsizlar-ku. Nima, gazeta o‘qimaydi, deb o‘ylaysizmi? 

Nafasim ichimga tushib ketdi. Birozdan keyin o‘zimga keldim, ammo indamadim. Tortishib o‘tirish befoyda, dedim-da, qaytimdan ham kechdim. 

Tortishish kechqurun boshlandi, tonggacha davom etdi. Moskvalik injener yigit ekan sherigim. Esli-hushli, bama’ni, ammo biz haqimizdagi fikri chatoq. Go‘yo hammamiz boyvachchamiz. Hayot ertaklardagiday: qozon to‘la moy, qo‘ylar so‘yilgan, palov, kabob deganingiz mo‘l! Sovg‘a-salommi, marhamat, razmerini aytsangiz bas. Hammayoqda o‘yin-kulgu, askiya…

Yo‘q, bunaqa emas. Besh-o‘nta haromtovoqni deb yuzimiz qora bo‘lmasligi kerak. Yigirma yildan beri g‘o‘zaga suv tarayman, erta bahordan to kech kuzgacha tinim bilmayman. Ammo oshib-toshib ketgan joyim yo‘q. Farzandlarimning bo‘yi cho‘zilib qoldi. Sandiqda esa hech vaqo…»

Shoir Sulaymon Rahmon qalamkash do‘stiga qarata yozgan she’rida noqisliklarga isyon qilib:

«Hayqir, ey, sabrning kosasi to‘ldi!

Gunohkor – begunoh! Begunoh – o‘ldi! 

Qor yog‘di. Izlar yo‘q. Bu qandoq bo‘ldi?!

Navo qil, qorni yoq, izni tiriltir», – deb hayqiradi.

Shoir jafokash xalqning faryodini bayon etgan. Keling, shu o‘rinda respublikaning o‘sha yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotini bir esga olaylik.»Paxta ishi», «O‘zbek ishi» degan mash’um hujjatlarda ming martalab takrorlanganidek, bu xalqning tuvagi tilladan bo‘lib ketganmidi? Balki, rostdanam qishloqlardagi har bir o‘zbek dehqoni amir Olimxondek hayot kechirgandir? Bugungi yoshlar bilishi uchun bu savollarga tarixchi va iqtisodchi mutaxassislar to‘g‘ri va xolis javob berishlari lozim. Men bu o‘rinda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi taxlamlarini varaqlab, ko‘zim tushgan ayrim misollarni keltirib o‘taman. Haftalikning 1989 yilgi 1 yanvar sonida akademik Bekjon Toshmuhamedov «El to‘q, mamlakat obod bo‘lsin» maqolasi orqali ma’murchilik va ijtimoiy farovonlik yo‘lga qo‘yilmagan joyda eng avvalo xalqning tibbiy ahvoli keskin yomonlashib, o‘nglab bo‘lmas vaziyat vujudga kelishini dalillab beradi.Respublika iqtisodi va qishloq xo‘jaligining nochor holga tushib qolgani aholi dasturxonida, yemak-ichmagida aks etayotganini aytib o‘tadi. Olim millatdoshlari quvvatni guruch va xamir ovqat, non-choydan olayotganini ta’kidlaydi.

Ko‘chirma:

«Bu ko‘ngilsiz hol rasmiy statistik ma’lumotlarda ham o‘z ifodasini topgan. Agar go‘sht, sut, tuxum iste’mol qilish mamlakat bo‘yicha jon boshiga o‘rtacha 64 kg, 341 l va 272 donani tashkil etsa, bu miqdor O‘zbekistonda 29 kilogramm go‘sht, 186 litr sut va 112 dona tuxumga to‘g‘ri keladi. Bu farqlar – hatto mamlakat bo‘yicha ko‘rsatkichlarning o‘zi ham ilmiy asoslangan normalardagidan ancha pastligini inobatga olmagan taqdirda ham – hazilakam emas. Respublikamiz aholisi kartoshkani ham Ittifoq darajasidagiga qaraganda uch baravar kamroq iste’mol qiladi. Buning ustiga, baliq mahsulotlari, qand, hatto sabzavot va mevalar iste’mol qilish jihatidan ham biz mamlakat bo‘yicha o‘rtacha darajadagidan orqadamiz». 

B.Toshmuhamedov O‘zbekiston bolalar o‘limi ko‘pligi jihatidan Ittifoqda «peshqadam»ligini, bu noxush manzara Yaponiyaga solishtirganda o‘n baravar ko‘pligini ta’kidlab, fojia ildizi nochor va ayanchli turmushda, deb uqtiradi. Muallif keltirgan statistik ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda qishloq aholisi jon boshiga bir yilda 8 kilogramm go‘sht to‘g‘ri keladi. Bu esa Estoniya qishloq aholisinikidan o‘n baravar kam.

Iqtisodchi olim Nurislom To‘xliyevga ko‘ra, «Mamlakat bo‘yicha iqtisodiy taraqqiyot darajasi to‘rt «mintaqa»ga bo‘linadi. Birinchi mintaqaga Boltiqbo‘yi jumhuriyatlari va Belorussiya kiradi. Ikkinchi mintaqaga RSFSR, Ukraina va Moldova, uchinchi mintaqaga Qozog‘iston, Armaniston va Gurjiston jumhuriyatlari, to‘rtinchi mintaqaga esa Ozarbayjon va O‘rta Osiyo jumhuriyatlari kiradi. Tasavvur qiling, biz ana shu oxirgi mintaqaning ham eng so‘nggi o‘rinlaridan birida turamiz.

Yana bir dahshatli misol. Kolxozchilarga jumhuriyatimizdagi (1988 yilda) to‘lanadigan mehnat haqi mamlakat bo‘yicha kolxozchilarga to‘lanadigan o‘rtacha mehnat haqidan 21,5 foizga kamdir. RSFSRdagidan 34,0, Belorussiyadagidan 33,2, Litvadagidan 49,6, Latviyadagidan 62,5 foizga, Estoniyadagidan esa 2 martadan ham kam bo‘ldi».

Poyonsiz paxtazorlarda chigirtkaday chirqillab yurgan go‘dak-bolalar mehnati qadim zamonda emas, sovet O‘zbekistonida zavq-shavq bilan madh etilgan. Bunday hayot deyarli har bir o‘zbek bolasining taqdiriga esh edi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Erta bahordan to qishgacha dalada ko‘kargan avlod uchun maktab ham, muallim ham paxtazor bo‘lgani ayni haqiqat. Chin dunyoga ketgan shoir Chori Avazning 1989 yilda e’lon qilingan bir turkumida shunday satrlar bor: 

«Maktab – o‘n yil.

Yarmidan ko‘pi

Paxtazorda kechgan –

Yagana, o‘toq, terim.

Nimjon g‘o‘zalarni yulib bir paytlar,

Paxtakorga sharaf keltirgan bo‘lsam,

Bugun maktabdagi nimjon yillarim

Yagana qilmoqqa turibman mahkum.

Qaysi bir yilimdan kechayin, ayting?»

O‘sha yillarda ayrim yutdoshlarimiz yurak yutib muammodan so‘z ochadi. Farg‘onalik Tohir To‘xtasinov «Dehqon faqat og‘izda yoki qog‘ozda emas, amalda yerning haqiqiy egasi bo‘lishi kerak. Inson o‘z mehnatining samarasidan to‘la bahramand bo‘lmasa, yaxshi yeb-ichmasa, dam olmasa, faqat og‘ir ish qilaversa, yashashdan nima ma’no qoladi?» deya savol qo‘ygan bo‘lsa, bekobodlik maktab o‘quvchisi Abduvahob Boltaboyev kattalar qo‘yolmagan masalani qo‘rqmasdan o‘rtaga tashlaydi.

Ko‘chirma: 

«Mening yoshligim dalada o‘tayapti. Qishlog‘imizning hamma tomoni paxtazor. Ota-onamga yordam bo‘lsin, deb saraton jaziramasida bo‘yim tengi ketmon ko‘tarib dalada ishlayman. Kuzda paxta teraman. Ish haqimiz esa ma’lum. Hozir ko‘plab xo‘jaliklarda oila va ijara pudrati joriy etilyapti. Shu ketishda bir necha yildan keyin qishloqlarda ishsizlar soni ko‘payishi tayin. Zero, kolxoz-sovxozlarda paxtani qayta ishlashga mo‘ljallangan korxonalar qurilsa, ayni muddao bo‘lardi. Shuningdek, qishloqlarda madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini ko‘paytirish lozim. Bizning qishloqda esa na klub, na hammom, na sartaroshxona, na bolalar bog‘chasi bor. Qolganini o‘zingiz tushunib olavering».

Qiziltepalik I.Berdiyevning maktubini ham shunchaki o‘qib bo‘lmaydi.

Ko‘chirma:

«Qishloqlarimiz hayoti ancha murakkab. Ba’zi oilalar besh-olti kishilashib dalada ishlaydi. Ammo haftada ikki kilogramm go‘shtni ham osonlikcha topolmaydi. Qishni g‘o‘zapoya bilan o‘tkazayotganlar, bolalarini durustroq kiyintirish uchun pul topa olmayotganlar qancha? Qishloq bolalarining aksariyati noyabrdan to tut pishig‘igacha olma, uzum, anor, qovun kabi servitamin noz-ne’matlarni deyari tanovul qilmaydi. Asosiy ovqatlari non va choy. Ustiga-ustak uyda mol boqish uchun yem-xashak yo‘q. Tomorqalarning asosiy qismi chorva ekinlari bilan band. Bu hollar partiya va hukumatimizning keyingi paytlarda qabul qilingan qarorlarida keskin tanqid qilindi, sharoitni yaxshilash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Lekin natija qani? Dehqon tomorqasini rivojlantirishga, shaxsiy xo‘jaliklarda chorva mahsulotlari, meva va sabzavotlari yetishtirishni ko‘paytirishga qachon amaliy yordam ko‘rsatiladi?»

Bu o‘tli xitoblar dunyoga «o‘g‘ri», «muttaham», «poraxo‘r», «boqimanda», degan qator tuhmat yorliqlari bilan tanishtirilgan mehnatkash, mard, ochiqqo‘l va tanti xalqning mustabid tuzumga qarata aytgan so‘rovi edi. 

Ma’rifatparvar Hamza 1914 yilda yozgan «Vatandoshlarima xitoba» (zahmatkash olim Boybo‘ta Do‘stqorayev ma’lumoti – O.T.) she’rida shunday bong urgan ekan:

«Ey, ahli vatan? Bosdi seni muncha g‘aflat,

G‘arq ayladi muncha seni daryoi jaholat?

Tushdi sening boshing uza har zillau razolat,

Boq! Holingga nelar bo‘la gar bo‘lsa basorat?»

Jadid shoirning mazlum eldoshlariga xitobi haq so‘z bo‘lib, zulmga nisbatan isyon edi. Zero, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Agar ummatim zolimni ko‘rib, sen zolim ekansan, deb aytishdan qo‘rqsalar, ular foyda bermaydigan kishilarga aylanadi», degan ekanlar. 

Olim Toshboyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, filologiya fanlari nomzodi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring