Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqi komissari tashrif buyuradi

O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqi komissari tashrif buyuradi

Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela joriy yil 12–18-mart kunlari Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrif buyuradi.

YeIning Toshkentdagi delegatsiyasi matbuot xizmati Xabar.uzga ma’lum qilishicha, yuqori martabali mulozim O‘zbekistonda ham qator uchrashuvlar o‘tkazadi.

Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela tashrif mobaynida YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy taraqqiyotni kuchaytirish, ish o‘rinlarini yaratish va barqaror iqtisodiy o‘sishni kuchaytirishga yo‘naltirilgan «Global Gateway» tashabbusini kengaytirish masalalarini muhokama qiladi.

Ma’lumot o‘rnida, «Global Gateway» YeIning butun dunyodagi investitsiya tafovutini kamaytirish, raqamli o‘zgarishlar, energetika hamda transport sohalarida aqlli, ekologik toza va xavfsiz aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan strategiyasidir. Shu bilan birga, u sog‘liqni saqlash, ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Strategiya doirasida 2021–2027-yillar davomida jamoat va xususiy sektor investitsiyalaridan 300 milliard yevrogacha mablag‘ jalb qilish orqali global investitsiya bo‘shlig‘ini yopish, qaramlik emas, balki mustahkam aloqalarni yaratish ko‘zda tutilgan.

Komissar Yozef Sikela mintaqaga safari mobaynida «Global Gateway» strategiyasining transport, muhim xomashyo, raqamli aloqalar, suv, energetika va iqlim kabi yo‘nalishlariga oid bir qator hujjatlarni imzolashi kutilmoqda.

«Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqining muhim hamkori bo‘lib, bizning aloqalarimiz istiqbolda ham ulkan salohiyatga ega. Bugungi global muammolar mustahkam hamkorlik zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi va men ushbu safar davomida aynan shuni kuchaytirishga intilaman. Mening maqsadim Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorlari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan «Global Gateway» loyihalariga e’tibor qaratishdir. Ushbu loyihalar yangi ish o‘rinlari yaratish, biznes imkoniyatlarini kengaytirish va ta’limdan tortib zamonaviy infratuzilmaga qadar muhim xizmatlarni yaxshilashga yordam beradi», — dedi Yozef Sikela safar oldidan bergan bayonotida. 

Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonda uchrashuvlar o‘tkazgan yevropalik mehmon mintaqa bo‘ylab safarini O‘zbekistonda yakunlaydi. Mamlakatimizda YeI komissari yuqori martabali hukumat vakillari, o‘zbekistonlik va yevropalik biznes vakillari bilan muloqotlar o‘tkazadi. Raqamli aloqalar sohasida mintaqaviy loyihalar bo‘yicha kelishuvlarni imzolash marosimida ishtirok etadi. Shuningdek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyuradi.

Ushbu tashrif Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti oldidan amalga oshirilmoqda. Avval xabar berganimizdek, joriy yil 3-4-aprel kunlari O‘zbekiston mezbonligida ilk mintaqaviy sammit bo‘lib o‘tadi. Oliy darajadagi mashvaratda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston yetakchilari hamda Yevropa kengashi rahbari Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen qatnashadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring