Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda Afg‘onistonning amaldagi hokimiyatini tan olish masalasi ko‘rilmoqdami?

O‘zbekistonda Afg‘onistonning amaldagi hokimiyatini tan olish masalasi ko‘rilmoqdami?

O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari Furqat Sidiqov «Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilikning o‘rnatilishi va O‘zbekistonning pragmatik tashqi siyosati» mavzusidagi xalqaro anjumanda Afg‘oniston mavzusiga to‘xtaldi.

– Afg‘onistondagi bugungi vaziyat bizni xavotirga solmasligi mumkin emas. Hozirda ushbu mamlakatda qanday murakkab jarayonlar kechayotgani barchaga yaxshi ayon. Bundan tashqari, mazkur davlatda kuzatilayotgan og‘ir siyosiy-iqtisodiy holat yaqinlashib kelayotgan suronli qish kunlari o‘tkir gumanitar inqirozga aylanib, katta qochoqlar oqimini paydo qilishi ehtimoli mavjud.

Bunday qiyin davrda Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emas. Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishidan nafaqat biz, qo‘shni mamlakatlar, balki butun dunyo manfaatdordir.

Shu bois O‘zbekiston afg‘on xalqiga bor imkoniyatdan foydalangan xolda ko‘maklashmoqda. Biz o‘zbek-afg‘on chegarasini tezkor tarzda qaytadan ochib, ushbu mamlakatga birlamchi zarur bo‘lgan oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berishni qayta tikladik.

Shuningdek, do‘stlik ramzi sifatida afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatmoqdamiz. Bu borada biz dunyo hamjamiyati bilan yaqindan hamkorlik olib bormoqdamiz va bunday sheriklikni yanada faolroq davom ettirishga tayyormiz.

Xususan, BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturining Afg‘onistonga yordam berish doirasidagi asosiy logistik markazini Termizda joylashtirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Bundan tashqari BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha boshqarmasi tomonidan afg‘on xalqi uchun yuborilayotgan gumanitar yuklar Termizdan Hayraton chegara punkti orqali Mozori-Sharifga yetkazilmoqda. Surxondaryoda Afg‘onistonga insonparvarlik yordami berish uchun BMT agentliklari bilan hamkorlikda katta kargo markazi shakllantirilmoqda.

2021 yil 7 oktyabr kuni Kobul shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston muvaqqat hukumati a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston xalqiga gumanitar va boshqa yordam ko‘rsatish, shuningdek, energetika va transport sohasidagi yirik infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, joriy yil 16 oktyabr kuni Termiz shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalarining ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Afg‘oniston bilan «Mozori-Sharif» xalqaro aeroporti faoliyatini tiklash, «Surxon – Puli-Xumri» elektr uzatish tarmog‘i va «Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘lini qurish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tegishli muzokaralar olib bormoqdamiz, – dedi vazir o‘rinbosari.

Tadbirda Furqat Sidiqov Afg‘onistondagi amaldagi hokimiyatni tan olish masalasidagi savolga ham javob berdi:

— Hozircha Afg‘onistonning muvaqqat hukumatini tan olish masalasi ko‘rilmayapti. Biz faqat Afg‘onistonga gumanitar yordam berish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan gumanitar inqirozning oldini olish va o‘zaro hamkorlikni tiklash bo‘yicha muzokaralar olib boryapmiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring