Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston Prezidenti nomiga qutlovlar kelmoqda

O‘zbekiston Prezidenti nomiga qutlovlar kelmoqda

Foto: Prezident Matbuot xizmati

Xorijiy mamlakatlar yetakchilaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga uning joriy yil 24-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda davlat rahbari lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan qutlovlar kelmoqda. Ularda O‘zbekiston Prezidentiga yangi zafarlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari bildirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Ushbu g‘alaba Sizning ichki va iqtisodiy siyosatdagi islohotlaringiz natijasidir. Bu Sizning milliy davlatchilikni mustahkamlash, xalq farovonligini yuksaltirish borasidagi tashabbuslaringiz hamda milliy manfaatlarni mintaqaviy va xalqaro maydonda ilgari surish bo‘yicha pozitsiyangiz O‘zbekiston fuqarolari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani ifodasi hamdir.

Mamlakatingiz Sizning rahbarligingiz ostida bundan buyon ham jadal rivojlanishi va ravnaq topishini tilayman.

Qozog‘iston va O‘zbekiston ko‘p asrlik o‘zaro hurmat va yaxshi qo‘shnichilik an’analariga asoslangan har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlab borishiga va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida izchil taraqqiy etishiga ishonaman.

O‘zaro hurmat va anglashuvga asoslangan do‘stligimizni yuksak qadrlayman. Kelajakda xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yana bir bor uchrashishimizga umid qilaman.

Fursatdan foydalanib, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘lik va bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat, oilangizga baxt-saodat, birodar O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman!

Samimiy tilaklar ila

Nursulton Nazarboyev,

Qozog‘iston Respublikasining

Birinchi Prezidenti - Elboshi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

O‘zbekiston Respublikasida o‘tgan Prezident saylovidagi g‘alabangiz munosabati bilan samimiy qutlovlarimni qabul qilgaysiz.

Ovoz berish natijalari Sizning mamlakat ravniqini ta’minlash, uning xalqaro maydondagi nufuzini izchil oshirish va birodar o‘zbek xalqining farovonligini yuksaltirishga qaratilgan oqilona siyosatingiz umumxalq miqyosida qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.

Ishonchim komil, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv tamoyillariga asoslangan do‘stona va iliq munosabatlar bundan buyon ham xalqlarimizning yorqin kelajagi yo‘lida jadal rivojlanishda davom etadi.

Ushbu yoqimli fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, davlat rahbari lavozimidagi mas’uliyatli faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat bilan

Gurbanguli Berdimuhamedov,

Turkmaniston Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga katta ishonch bilan qayta saylanganingiz bilan dildan qutlayman.

Umummilliy ovoz berish natijalariga ko‘ra erishilgan dadil g‘alabangiz Sizning Yangi O‘zbekistonni – ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi ulkan yutuqlarga erishgan, sotsial-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanayotgan, xalqaro maydonda yuksak obro‘-e’tiborga sazovor mamlakatni barpo etish g‘oyasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan strategik sa’y-harakatlaringiz umumxalq miqyosda qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.

Qozog‘istonda Sizni birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning qat’iy tarafdori sifatida bilishadi va hurmat qilishadi.

Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan ikki tomonlama strategik sherikligimizni mamlakatlarimiz va butun Markaziy Osiyo manfaatlari yo‘lida yanada yuksak darajaga olib chiqishga qodirmiz.

Kun tartibidagi barcha dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun Sizni yaqin vaqtda Qozog‘iston Respublikasiga davlat tashrifi bilan kelishga taklif etaman.

Fursatdan foydalanib, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga Vatan va xalq xizmatidagi fidokorona faoliyatingizga yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat ila

Qasim-Jomart Toqayev,

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Qadrli Shavkat Miromonovich!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentidek yuksak lavozimga qayta saylanganingiz munosabati bilan Sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yo‘llash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Sizga mustahkam sog‘lik, farovonlik, do‘st O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti yo‘lidagi faoliyatingiz yanada sermahsul bo‘lishini, birodar o‘zbek xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik va ravnaq tilayman.

Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabangiz Sizning mamlakatni izchil rivojlantirish va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan siyosatingiz butun xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlayotganining yana bir yorqin tasdig‘i bo‘ldi.

Mamlakatga rahbarligingizning navbatdagi davrida birodar O‘zbekiston bu yo‘lda yangi cho‘qqilarni zabt etishiga ishonaman.

Sizning Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik shaklidagi konstruktiv hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlash borasidagi izchil intilishingizni yuksak baholayman.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Tojikiston bilan O‘zbekistonning samarali davlatlararo hamkorligini bundan buyon ham xalqlarimiz farovonligi va butun mintaqa manfaatlari yo‘lida ilgari suramiz.

Fursatdan foydalanib, mamlakatlarimiz munosabatlarini yangi amaliy mazmun bilan boyitishga birgalikda harakat qilishga tayyor ekanimni bildiraman.

Hurmat bilan

Emomali Rahmon,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Qirg‘iz Respublikasining xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Saylov natijalari O‘zbekistonning ko‘pmillatli xalqi Sizga yuksak ishonch bilan qarayotganini yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi.

Sizning oqilona va uzoqni ko‘ra biladigan rahbarligingiz ostida O‘zbekiston davlatchilikni rivojlantirishda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishiga qat’iy ishonaman.

Mamlakatimizda Sizning Qirg‘iziston-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirish hamda Markaziy Osiyo xalqlarining ravnaqi yo‘lida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan katta hissangizni yuksak qadrlashadi.

Biz bundan buyon ham siyosiy muloqotni faollashtirishga, ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik an’analariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va mustahkamlash ustida birgalikda ishlashga tayyormiz.

Ushbu yoqimli imkoniyatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, mas’uliyatli davlat lavozimidagi faoliyatingizga yangi muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilayman.

Hurmat bilan

Sadir Japarov,

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz bilan Sizni dildan qutlayman.

Saylovdagi ishonchli g‘alabangiz – Sizning mamlakat farovonligi yo‘lidagi siyosatingiz birodar o‘zbek xalqi tomonidan qo‘llab-quvvatlayotgani, haqiqiy yetakchi sifatida Sizga katta ishonch va hurmat bilan qarayotganining yorqin ifodasi.

Ozarbayjon va O‘zbekistonni xalqlarimizning mushtarak ma’naviy qadriyatlariga asoslangan do‘stlik va birodarlik munosabatlari chambarchas bog‘lab turadi. Aloqalarimizning bugungi darajasi, ushbu mustahkam poydevorga qurilgan o‘zaro manfaatli hamkorligimiz kundan-kunga kengayib borayotgani katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Boy milliy-ma’naviy qadriyatlarimizdan kuch olayotgan Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stligi va strategik sherikligi birodar xalqlarimiz irodasiga muvofiq bundan buyon ham yuqorilab, mustahkamlanib borishiga ishonaman.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, birodar O‘zbekiston Respublikasining farovonligi va ravnaqi yo‘lida oliy davlat lavozimidagi faoliyatingizga yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan

Ilhom Aliyev,

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Oliy davlat lavozimiga qayta saylanganingiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Ishonchli g‘alabangiz yuksak obro‘-e’tiboringiz, saylovchilarning sizga bo‘lgan ishonchi baland ekanining yorqin va shubhasiz dalili bo‘ldi. Xalq kuchli, mustaqil, zamonaviy davlat barpo etish borasida tanlangan yo‘lga sodiq ekanini tasdiqladi.

Sizning tajribali rahbarligingizda O‘zbekiston Respublikasi jadal rivojlanishda, iqtisodiy salohiyati va xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashda davom etadi.

Umid qilamanki, yaqin vaqtda ikkimiz shaxsan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikning joriy va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilib olamiz.

Ushbu yoqimli fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, sihat-salomatlik, bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat hamda Vatan farovonligini ko‘zlab mo‘ljallangan rejalaringizga muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan

Aleksandr Lukashenko,

Belarus Respublikasi Prezidenti

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring